O‘zbekistonda fiskal tartib-qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori kamaytiriladi

Saqlash
12:02 / 28.02.2024 693 0

O‘zbekistonda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima solinadigan bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.


Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash va boshqa fiskal tartib-qoidalarni buzganlik uchun Soliq kodeksining 227-1-moddasiga asosan qo‘llanilayotgan jarimalarning yuqoriligi tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.

 

Prezidentning 26-fevraldagi farmoni bilan mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori 50 barobarga kamaytirilib, ilgari qo‘llanilgan jarima summalari hisobdan chiqariladigan bo‘ldi.

 

Soliq kodeksining 227-1-moddasida nazarda tutilgan ya’ni fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima solinishi belgilanadi. Avval sof tushumning 100 foizi miqdorida jarima solingan.

 

Agar mazkur turdagi huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda jarima miqdori sof tushumning 20 foizi miqdorida etib o‘rnatiladi.

 

Bundan tashqari mazkur farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi. Hisobdan chiqarilgan qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.

 

Shu bilan birga undirilgan jarima summalarining 98 foizi kelgusi to‘lovlar hisobiga o‘tkaziladi.

 

Shuningdek, Soliq kodeksiga mazkur farmondan kelib chiqib o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar ushbu huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish