Yaponiya O‘zbekistonga 246 million dollar ajratadi

Saqlash
10:02 / 21.02.2024 766 0

O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni davom ettirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Yaponiyadan 246,2 mln dollardan ortiq mablag‘ oladi.

 

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xatori Takashi va O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov “Barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida 37 mlrd iyena (taxminan 246,2 mln dollar) miqdorida kredit ajratish bo‘yicha almashuv notalarini imzoladi, deya xabar berdi Gazeta.uz.

 

Bundan tashqari, Ilhom Norqulov va JICA`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi ushbu loyiha bo‘yicha kredit kelishuvini imzoladi. Kredit 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga beriladi. Foiz stavkasi yiliga 1,8 foizni tashkil etadi.

 

Loyihaning maqsadi O‘zbekistonni bozor iqtisodiyotiga o‘tishi bo‘yicha iqtisodiy islohotlarning uzluksiz amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy integratsiya va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishdan iborat.

 

2022-yil dekabr oyida Tokioda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi tashqi ishlar vazirlarining 9-uchrashuvida erkin va ochiq Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishga erishish maqsadida Yaponiya hamkorlik “insonlarga sarmoya kiritish” va “oʻsish sifati”ga ustuvor ahamiyat qaratadigan yangi modelga muvofiq yoʻlga qoʻyilishini va rivojlantirishini eʼlon qilgandi. Ushbu loyiha “Oʻsish sifati” tushunchasini oʻzida qamrab oladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish