Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket beshinchi oy kamaydi

Saqlash
14:09 / 13.09.2023 1105 0

Markaziy bank Oʻzbekistonning xalqaro valyuta zaxiralariga oid maʼlumotlarni yangiladi.

 

Unga koʻra, 1-sentabr holatiga, Oʻzbekistonning rasmiy zaxiralari 32,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu – joriy yil boshidan buyon qayd etilgan minimum koʻrsatkich.

 

Zaxiralar oʻtgan oyga nisbatan deyarli 958 mln dollarga, yil boshidan beri esa 3 mlrd dollarga kamaydi.

 

Hisobot davrida oltinning fizik hajmi 11,8 mln troya unsiyadan 12,1 mln troya unsiyaga, qiymati esa 23 mlrd dollardan 23,4 mlrd dollarga koʻpaygan.

 

Zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari 9,5 mlrd dollardan 8,7 mlrd dollarga kamaygan. Oʻzbekistonning valyutadagi aktivlari miqdori statistik maʼlumotlar eʼlon qilina boshlagan 2018-yildan keyingi davrda hech qachon hozirgichalik past boʻlmagan.

 

Oltin-valyuta zaxiralari nima uchun qisqarmoqda?

 

Tashqi savdo defitsiti. 2023-yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasi 35 mlrd dollarga(eksport hajmi 14,9 mlrd dollar, import hajmi esa 20 mlrd dollar), tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd dollarga yetgan. Importning eksportdan yuqoriligi qoʻshimcha xorijiy valyutani talab qiladi va milliy valyuta kursiga bosim oʻtkazadi. Xususan, 1-yarim yillikda tabiiy gaz importining 7,2 barobarga oshishi ham zaxira aktivlari miqdoriga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin.

 

Pul oʻtkazmalarining qisqarishi. Joriy yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonga amalga oshirilgan transchegaraviy oʻtkazmalar miqdori 5,2 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davrida 6,5 mlrd dollar boʻlgan. Yaʼni pul oʻtkazmalarida 20 foizlik kamayish kuzatilgan.

 

Milliy valyuta kursining qadrsizlanishi. Asosiy savdo hamkor-davlatlar milliy valuta kursidagi tebranishlar fonida joriy yilning boshidan buyon oʻzbek soʻmi AQSH dolariga nisbatan 8,3 foizga(11 146 soʻmdan 12 180 soʻmga) qadrsizlandi. Kursning keskin oʻzgarib ketishining oldini olish maqsadida Markaziy bank ichki bozorga valyuta intervensiyalarini amalga oshirgan boʻlishi mumkin.

 

Yil boshidan beri Oʻzbekistonning zaxira aktivlari 3,08 mlrd dollarga, jumladan, valyuta zaxiralari 2,94 milliard dollarga kamaygan.

 

Oltin-valyuta zaxiralari nima uchun kerak?

 

Har bir mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari oʻziga xos sugʻurtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valyuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati boʻlishi kerak. Oltin-valyuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

 

Mamlakatlarning oltin-valyuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • toʻlov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflyatsiyani ushlab turish, milliy valyutani moliya bozorida qoʻllab-quvvatlashga valyuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini toʻlash uchun;
  • davlatlar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

 

Oltin-valyuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valyutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSH dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

 

Davlatning oltin-valyuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar boʻyicha toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga koʻra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

 

2012-2013-yillar davomida Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralarining oʻzgarish dinamikasi:

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish