Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaning 25 mln dollarlik mulki musodara qilindi

Saqlash
15:08 / 09.08.2023 986 0

Buyuk Britaniyaning Katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurash byurosi Gulnora Karimovaning mamlakatdagi uchta hashamatli mulkini musodara qildi. Bular — Belgraviyadagi ikkita kvartira va Surrey grafligidagi shohona uy, deyiladi byuro ma’lumotlarida.

 

Firibgarlikka qarshi kurash byurosi 2018-yil oktabr oyida Karimovaning Britaniyadagi aktivlarini musodara qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgan edi. 2023-yil 8-avgust kuni Buyuk Britaniya Oliy sudi bu da’voni qanoatlantirdi. Musodara qilingan mulkning qiymati 20 million funt sterlingdan (25,4 million dollar) ko‘proqqa baholangan.

 

“Biz bugungi kunda ushbu obyektlarni nazoratga olish uchun bir nechta offshor hisob va kompaniyalar bilan bog‘liq murakkab moliyaviy sxemani aniqladik.

Bu qaror Buyuk Britaniyadan “iflos” pullar olinishiga barham berish yo‘lida navbatdagi qadamdir”, — dedi Firibgarlikka qarshi kurash boshqarmasi direktori Liza Osofski.

 

Byuro maʼlumotlarida aytilishicha, Karimova 2004—2012-yillarda telekommunikatsiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi evaziga ulardan yuzlab million dollar pora olgan.

 

Gulnora Karimova 2019-yil bahoridan beri 21-raqamli koloniyada jazoni o‘tamoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish