Oʻzbekistonda aliment boʻyicha qarzdorligi borlarning mashinani boshqarish huquqi vaqtincha cheklanishi mumkin

Saqlash
09:10 / 28.10.2021 793 0

“Aliment qarzlarini undirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

 

Mazkur qonun bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilgan. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijro etilishini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlari:

 

Aliment undirish boʻyicha davlat ijrochisining iltimosiga binoan qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishi;

 

Davlat ijrochisining qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼminlash;

 

Aliment toʻlamaganligi sababli transport vositasini boshqarish huquqi cheklangan fuqarolarning reyestrini shakllantirish.

 

Shuningdek, qaror loyihasida aliment toʻlovi boʻyicha qarzdorning transport vositalarini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash qoʻllanilmaydigan holatlar ham keltirilgan:

 

  • sud qarorini ijro etish uchun yetarli mol-mulk olib qoʻyilgan taqdirda;
  •  
  • agar shunday cheklash belgilanishi qarzdor tirikchiligining asosiy va qonuniy manbaidan mahrum qilsa;
  •  
  • agar qarzdor birinchi va ikkinchi guruh nogironi boʻlsa yoki qarzdor qaramogʻida Oʻzbekistonning qonunlarida belgilangan tartibda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi yoki nogiron bola deb tan olingan shaxsga bogʻliq boʻlsa;
  •  
  • agar qarzdorga ijro hujjati talablarini bajarish uchun kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan boʻlsa;
  •  
  • agar voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlar oldindan toʻlangan yoki aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa.

 

Shunday qilib, haydovchilik huquqi cheklangan qarzdor tomonidan transport vositasini boshqarganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda — BHMning 5 baravari (1,35 million soʻm) miqdorida jarima solinadi.

 

Aliment toʻlash boʻyicha qarzdor ijro hujjatida nazarda tutilgan talablarni uzrsiz sabablarga koʻra, belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda, ular litsenziyalarning, ruxsatnomalarning va maxsus huquqlarning amal qilishini toʻxtatib turishi, shuningdek, unga litsenziya berishni vaqtincha taqiqlashi mumkin.

Qonun loyihasi muhokamasi 10-noyabrgacha davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish