Ahmad al-Fargʻoniy


11:12 / 01.12.2023 1270 0

Fargʻoniy, Ahmad – VIII–IX yashab ijod etgan, nafaqat Osiyo mamlakatlari, balki butun dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk mutafakkir. Tarixiy manbalarda uning nomi Ahmad ibn Muhammad al-Fargʻoniy tarzida qayd etiladi. Fargʻonada tugʻilib oʻsgan, voyaga yetgan, oʻsha zamonning Sharqidagina emas, balki butun dunyoda ilm-maʼrifat markazi boʻlgan Bagʻdod shahridagi “Bayt ul-hikma” ilmgohida faoliyat koʻrsatgan. “Bayt ul-hikma” aslida musulmon dunyosining Fargʻoniy vazifasini bajargan. Fargʻoniyning tugʻilgan yili nomaʼlum, lekin u al-Xorazmiydan 11 yil keyin, 861-yili olamdan oʻtgan. Fargʻoniyning ilmiy asarlari koʻplab tillarga tarjima qilinib, asrlar osha turli mamlakatlarda nashr etilgan. Fargʻoniyning asosan oltita kitobi dunyoga maʼlum va mashhur. “Kitob fi usul ilm an-nujum”, yaʼni “Falakiyot ilmining usullari haqida kitob”. Risolaning asl qoʻlyozmalari matni bir xil boʻlsa-da, besh nom ostida saqlanmoqda, yaʼni: “Almajistiyga bagʻishlangan falakiyot risolasi”, “Falak sferalari sababiyati”, “Almajistiy” (Ptolomeyning “Almagest” asari), “Ilm al-xayʼa” “Falakiyot ilmi” deb ham ataladi. Bu qoʻlyozmalar Angliya, Fransiya, AQSH, Marokash, Misr va Sankt-Peterburgda saqlanmoqda va tadqiqotchilar diqqat-eʼtiboridadir. Asar 1145-yili Ioann Sevil, 1175-yili Herard Kremon tomonidan lotin tiliga tarjima qilingan va 1193, 1422, 1537, 1590, 1910-yillarda Gool, Regiomonton, Shyoner, Xristaman, Kampani kabi olimlar tomonidan Yevropaning turli mamlakatlarida chop etilgan. Fargʻonalik bu fozil zotning “Astronomiya asoslari” nomli shoh asari oʻn ikkinchi asrdayoq lotin va ivrit tillariga tarjima etilgan edi.

 

Yevropada kitob nashr etish boshlangan XV asrda esa bu asar Italiyada, keyinchalik Germaniya, Fransiya, Gollandiya va AQSH kabi mamlakatlarda qayta-qayta chop qilingani uning naqadar yuksak ahamiyatga egaligini koʻrsatadi. Inson tafakkurining bebaho mahsuli boʻlgan bu kitob asrlar davomida astronomiya fani boʻyicha oʻziga xos qomus vazifasini oʻtagan. Dunyoning eng nufuzli dorilfununlarida undan asosiy darslik sifatida foydalanib kelingan. “Al-Fargʻoniy jadvallari” asarining qoʻl yozmasi Hindistonda, “Oy Yerning ustida va ostida boʻlganida vaqtni aniqlash risolasi”ning qoʻlyozmasi Qohirada saqlanmoqda. “Usturlob bilan amal qilish haqidagi kitob”ni hind olimlari saqlab kelishmoqda. “Yetti iqlim hisobi” asarining qoʻlyozmasi Germaniyada, “Usturlob yasash haqidagi kitob” qoʻlyozmasining toʻrtta nusxasini Berlin va Parijdan topish mumkin. Uni 1919-yili Videman nemis tilida nashr etgan. Ilmiy asarlar, odatda, adabiy asarlarga qaraganda tezroq eskiradi, hatto zamonamizda yaratilgan ilmiy kitoblarning baʼzilari eskirib qolganligi sir emas. Ular tarixiy-ilmiy qimmatga ega boʻlib qolishgan-u, lekin qayta nashr qilinishi taqozo etilmaydi. Ammo Fargʻoniy kitoblari XII, XVI va XX asrlarda qayta-qayta chop etilgani, ularning nihoyatda oʻlmas asarlar ekanligidan dalolat beradi. Ahmad al-Fargʻoniyning Yerning sharsimon shaklga egaligi borasidagi qarashlarini oradan sakkiz yuz yil oʻtib amalda isbotlagan mashhur sayyoh Xristofor Kolumb Yer meridianining bir darajasi miqdori haqidagi al-Fargʻoniy hisoblarining toʻgʻriligiga toʻla ishonch hosil qildim, degan dastxat qoldirgan. Geliotsentrizm nazariyasining paydo boʻlishidan ancha ilgari Fargʻoniy Yer eng kichik yulduzdan ham kichikdir, degan fikr bilan maydonga chiqadi va buni Yer radiusining osmon radiusiga qaraganda kichik ekani bilan izohlaydi. Atoqli astronom Yan Geveliy tomonidan 1647-yili nashr qilingan “Selenografiya” kitobida Oydagi kraterlardan ikkitasi ikki buyuk vatandoshimiz – Ahmad al-Fargʻoniy va Mirzo Ulugʻbek nomi bilan ataladi. Fargʻoniy Yer yoyining qaysi uzunligi 1 darajaga toʻgʻri kelishini oʻlchab, bu miqdorni aniqladi va uni 360 ga koʻpaytirib, 40 ming 800 kilometrni hosil qildi. Yer meridianining hoz. zamon ilmiy asboblari yordamida oʻlchangan uzunligi 40 ming 8 kilometr chamasidir. Oʻrtadagi xato nihoyatda kamligi bugungi kunga qadar jahon ilm-fan ahlining Fargʻoniy dahosiga tasanno aytib kelishiga sabab, deyish mumkin. Qadimgi zamon va oʻrta asrlarda Quyosh hamda Oy yillari, shuningdek, musulmon mamlakatlarida Shamsiy va Qamariy yil hisoblari, kabisa yilini chiqarish, yillar, eralar boshlanishini belgilash masalalari faqat Quyosh, Oy va Yer harakatlaridagi oʻzaro tabiiy – ijtimoiy hodisalar, chunonchi, paygʻambar va podsholar hayotidagi voqealarga ham bogʻliq boʻlgan. Ammo bir sutka va bir yilda olamning charxpalak aylanishini raqamlar bilan ifodalashda yilni sutka bilan ratsional, butun son yordamida oʻlchash hanuz muammoligicha qolmoqda.

 

Yer Quyosh atrofida 365 kun 6 soat 48 daqiqa 46 soniyada bir marta aylanib chiqsa, 6 soatdan har toʻrt yilda 1 kun chiqarib, bu kabisa yilni 366 kun deb osonlashtiriladi, lekin baribir oʻsha 48 daqiqayu 46 soniya muammoligicha qolyapti. Bu masala Fargʻoniy zamonidan to bugungacha ham ilm-fanda hali yechimini topmagan. Umuman, taqvim muammosini ijobiy hal etish uchun BMTda maxsus komissiya bir necha yildan beri ishlashiga qaramay, hali biror natijaga kelingani yoʻq. Samoviy jismlar harakatini Nyuton va Laplas massa harakatining dinamikasi shaklida, Kepler geometrik-kinematik yoʻsinda bayon etishgan boʻlsa, Fargʻoniy jadvallar tarzda izohlagan. Azimutlar, yulduzlar, almukantaratlar, parallellar, radiuslar, ekliptika, sferik falakiyot va sferik trigonometriya jadvallari shu jumladandir. Oʻsha vaqtlarda olam manzarasi kelgusida qanday boʻlishi, yaʼni, Oy va Quyosh tutilishlarini oldindan aytib berishning yagona usuli mana shu jadvallar edi. Jadvalning fazilati uning jonli mushohadaga undovchi tabiatidir. Qonuniyatning yuqorida tilga olingan shakllariga grafik, statistik, intuitiv, mantiqiy usullar ham qoʻshiladi. Shunday boʻlsa ham Fargʻoniy kashf etgan qonuniyatning jadval usuli tobora rivojlanmoqda. Maʼlumki, osmon gumbazida mavhum tarzda joylashtirilgan meridian, ekvator, ekliptika, azimut, koordinata oʻqlari tizimlari, burchaklar, nuqtalarning proyeksiyalarini doira asbobga tushirish ancha qulaylik tugʻdiradi. Bu asbob nazariyasini ham Fargʻoniy kashf etdi. Gorizontal, ekvatorial va ekliptik koordinata tizimlarini qabul qilish, ularni joylashtirish, sayyoralarning epitsikl deb ataluvchi chiziqlar boʻyicha, ularning markazlari Yer atrofida derefent nomli chiziqlar boʻyicha harakat qilishi qoidalashtirildi. Alloma buning uchun sferik uchburchak trigonometriya yordamida sferik falakiyotga va sferik geodeziyaga oʻtdi. Kosinuslar va tangenslar sferik teoremalarini yaratdi. Fargʻoniy ilmiy asarlarining XII asrdayoq lotin tiliga tarjima qilinishi va butun Yevropaga tarqalishi Yevropa Uygʻonish davrining ilmiy-ijtimoiy omillaridan biri boʻldi. Uning kashfiyotlarini jahonda tinmay oʻrganildi, kitoblaridan falakiyot sohasida asosiy qoʻllanma sifatida foydalanildi. Ular yangi-yangi ilmiy kashfiyotlarga sabab boʻldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish