Hazrati imom


10:03 / 14.03.2024 425 0

Hazrati imom (903–976) – zamondoshlari “Hazrati Imom” deb ulugʻlagan bu zotning toʻliq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy boʻlib, tarixiy manbalarda u kishiga alohida hurmat koʻrsatiladi va nomiga “katta”, “ulugʻ” maʼnosini ifodalaydigan “kabir” soʻzini qoʻshib yoziladi. Hazrati imom, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi islom olamining movarounnahrlik buyuk allomalari orasida alohida oʻrin egallaydi. Hazrati imom 903 (hijriy 291) yili Shoshda tugʻilib, bolaligi va yoshligi shu yerda oʻtgan. Ziyovuddinxon Boboxonovning taʼkidlashicha, dastlabki ilmni zamonasining mashhur muhaddisi va faqihi Haysam ibn Kulaybdan olgan. Keyinroq u ilm talabida Movarounnahrdagi maʼrifat oʻchoqlari – Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarda boʻladi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi mutafakkirlar asarlarini qunt bilan oʻrganadi.

 

Alloma mohir hunarmand boʻlib, qulfsozlikda shuhrat qozongan. Shu bois “qaffol”, yaʼni qulfchi, qulfsoz degan nom bilan tanilgan. Bu haqda mashhur tarixchi Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniy (1113–1167) “Al-Ansob” (“Nasabnoma”) asarida bunday yozadi: “Qaffol qulfsozlik kasbiga nisbat berilgan. Qaffol Shoshiy Shosh ahlidan boʻlib, qulfsozlikda shuhrat qozongan… U fiqh, hadis, usul, tilshunoslik ilmlari boʻyicha tengi yoʻq olim edi. Qaffol Shoshiyning nomi magʻribu mashriqqa yoyilgan”. Shayx Muhyiddin Navaviy (1233–1277) aytishicha, agar “Qaffol Shoshiy” deb zikr qilinsa, buyuk imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy, agar “Qaffol Marvaziy” deb aytilsa, keyinroq yashab oʻtgan “Kichik Qaffol” haqida soʻz borayotgan boʻladi. “Shoshiy” (“Katta Qaffol”) nomi tafsir, hadis, usul, kalom ilmlarida takror-takror zikr etiladi. Ammo “Marvaziy” (“Kichik Qaffol”) ismi esa fiqhga taalluqli asarlardagina uchraydi. Ibn Xallikon (1211–1282) “Vafoyotul ayon” (“Ulugʻ kishilar vafoti sanalari”) kitobida: “Abu Bakr Qaffol Shoshiy oʻz zamonasining imomi (peshvosi) boʻlgan. U fiqh, hadis, usul, tilshunoslik fanlari va sheʼr sanʼati boʻyicha Movarounnahrda olimlar orasida tengsiz edi. U Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom va Sugʻur (Shimoliy Suriya)ga safar qilgan, uning dongʻi bu oʻlkalarda keng tarqalgan”, – deb qayd etgan. Misrlik tarixchi Tojuddin Subkiy (vaf.1370) “Tabaqotush shofeʼiya al-kubro” (“Shofeʼiyaning ulugʻ darajalari”) asarida: «Abu Bakr Qaffol Shoshiy tafsir, hadis, kalom, usul, furuʼ, lugʻat va sheʼriyat ilmlarida hamda zuhd va taqvoda, ochiqqoʻllikda zamonasining peshqadamlaridan boʻlgan. U koʻp ilmlar muhofazasida jon kuyar, oʻzi keltirgan narsalarni tahqiq etib, ularni goʻzal tasarruf qiluvchi zamon shaxslaridan biri edi», – deb taʼriflaydi.

 

As-Samʼoniy oʻz kitobida: “Sayxun daryosi ortidagi, turklar bilan chegaradosh shahar «Shosh” deb ataladi. Bu yerdan koʻplab imomlar yetishib chiqqan», deya shoshlik olimlar toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirib, jumladan, Hazrati imom haqida bunday yozadi: “Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy boʻlib, tafsir, hadis, fiqh, tilshunoslik ilmlari boʻyicha zamonasida unga teng keladigan olim yoʻq edi...”. Ahli sunna val-jamoaning Shofeʼiy mazhabi fiqhiy masalalarini dastlab Imom Shofeʼiy ishlab chiqib, asar yozgan boʻlsa-da, uni Hazrati imom taraqqiy ettirdi. Uning huquqshunoslikka doir “Kitob fi usulil fiqh” asari oʻz davrida islom dunyosida keng qoʻllangan. Shayx Abu Isʼhoq Sheroziy bunday yozadi: “Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiyning koʻplab asarlari mavjud, hech bir kishi hali shuncha asar tasnif etmagan. U faqihlar ichida birinchi boʻlib «al-Jadalul hasan” (“Dialektika goʻzalligi”) nomli bahs-munozaraga oid asar yozdi. Shuningdek, uning “Kitob fi usulul fikh” (“Fiqh usullari kitobi”), “Sharhur risola” (“Risola sharhi”) asarlari bor». Tarixchi Abu Saʼd Abdulkarim Samʼoniyning taʼkidlashicha, H.I. “Daloilun nubuvvat” (“Paygʻambarlik dalillari”), “Mahosinush sharia” (“Shariat goʻzalliklari”) kitoblarini ham taʼlif etgan. Imom Navaviy ham uning “Daloilun nubuvvat” va “Mahosinush sharia” kitoblarini koʻrganini aytadi. Hazrati imomning “Javomiʼul kalim” (“Hikmatli iboralar toʻplami”), “Adabul qozi” (“Qozining odobi”) kabi asarlari borligi haqida ham manbalarda qayd etilgan. Jumladan, nasabshunos olim Hoji Xalifa (Mulla Kotib Chalabiy) “Kashfuz zunun an usomoul kutub val funun” asarida Hazrati imom – Qaffol Shoshiy qalamiga mansub quyidagi kitoblarni sanaydi: “Mahosinush sharia fi furuʼ ash-shofeʼiya”. Ushbu asarning hajmi juda katta boʻlib, uch jilddan iborat. Bir nusxasi Qohiradagi “Foziliya” madrasasiga vaqf qilingan; “Javomiʼul kalim”. Unda Paygʻambarimizning (s.a.v.) muborak hadisi shariflaridan namunalar jamlangan; “Adabul Qozi ʼala mazhabi ash-shofeʼiy”. Ayrim tarixiy manbalarda “Taqrib fil furuʼ” va “Usulush Shoshiy” nomli asarlar ham Hazrati imom qalamiga mansub deb koʻrsatiladi. Ammo Hoji Xalifa koʻrsatishicha, birinchi kitobni Hazrati imomning oʻgʻli Qosim ibn Muhammad Qaffol Shoshiy taʼlif etgan, ikkinchisi, toshkentlik tadqiqotchi olim Nodirxon Mahdum Alouddin Mahdum oʻgʻlining soʻziga koʻra, Nizomiddin Shoshiy asaridir.

 

Hazrati imom asarlaridan birortasi mamlakatimiz kitob xazinalarida mavjud emas. 1970-yili Ziyovuddinxon Boboxonov tomonidan Suriyaning Damashq shahridagi “Zohiriya” kutubxonasida saqlanayotgan “Javomiʼul kalim” asari qulyozmasining fotonusxasigina olib kelingan, xolos. Hozir u Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining qoʻlyozmalar xazinasida saqlanyapti. Hazrati imom ilmiy merosida “Javomiʼul kalim” (“Soʻzlari qisqa, maʼnosi keng hadislar”) asari yetakchi oʻrinni egallaydi. Hoji Xalifa: “Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiyning «Javomiʼul kalim” kitobi Imom Buxoriy sharhi majmualaridagi Rasululloh (s.a.v.) kalimalari asosida yozilgan», – deya taʼkidlaydi. Hazrati imom oʻzi “Javomiʼul kalim” asarining ahamiyati toʻgʻrisida qoʻlyozmaning muqaddima qismida bunday yozadi: “Bu kitobimda Rasululloh (s.a.v.) hadislari ichida eshitganlarimdan mingta soʻz (kalima) toʻpladim. Ularning tuzilishi murakkablikdan xoli, maʼnolari chigallikdan yiroq, Paygʻambar hidoyati bilan qoʻllab-quvvatlangan va tarbiyalangani sababli fasihlarning fasohatidan va balogʻat ahlining balogʻatidan ustundir.

 

Men ularni oʻzlashtirish va eslab qolishni osonlashtirish maqsadida biri ikkinchisining ortidan keladigan isnodlarini olib tashlab, soʻzlarning yaqinligiga koʻra boblarga boʻlingan holda keltirdim”. Hazrati imomning bu asarida sahih hadislar jamlangan. Kalimalar va iboralar loʻnda, tushunarli, teran shaklda berilgan. Shuningdek, kitobdan Islom dini ahkomlaridan tashqari, odob-axloq, ilm-maʼrifat, taʼlim-tarbiyaga doir xalqimiz orasida keng tarqalgan matal, maqollar, nodir va hikmatli soʻzlar ham oʻrin olgan. Bu hol kitobning xalq ommasiga tushunarli boʻlishini taʼminlagan, keng tarqalishida oʻziga xos taʼsir koʻrsatgan. Masalan, Hazrati imom xaqida soʻz yuritar ekan, Ibn Xallikon sarlavhadayoq uning ismi-sharifi va nasablari yoniga “imamu asrihi bila mudofaa” – bahsu munozaralarda “oʻz asrining himoyaga muhtoj boʻlmagan yengilmas yoʻlboshchisi” iborasini qoʻshib yozadi. Hazrati imom 976 (hijriy 366) yili Toshkentda 75 yoshida vafot etadi. Allomaning muborak xoki Toshkentning Hazrati Imom (Hastimom) mahallasidagi Qaffol Shoshiy maqbarasida dafn etilgan. Bu yerda, Baroqxon va Moʻyi Muborak madrasalari, Tilla Shayx va Namozgoh masjidlari ham qad rostlagan. Mustaqillik yillarida “Hazrati Imom” mahallasida juda qisqa muddatda katta qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, muhtasham majmua bunyod etildi. Xalqimiz maʼnaviy merosining uzviy bir qismi boʻlgan Hazrati Imom meʼmoriy majmuasi tabarruk maskan hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish