Muso al-Xorazmiy


11:12 / 01.12.2023 1504 0

Xorazmiy, Muso (783. Xorazm – 850. Bagʻdod) – toʻliq nomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy al-Maʼjusiy boʻlib, matematik bilimlar taryotida oʻchmas iz qoldirgan buyuk alloma. Xorazmiy dastlabki bilimlarini Xorazmda olgan. Otasi saroy ayonlaridan boʻlganligi, xalifa Horun ar-Rashid (hukmronlik davri 786– 809-yil)ning oʻgʻli Maʼmunning Xorazmga (802–805-yil) noib etib tayinlanganligi va oʻziga tengdosh Xorazmiyni yaqin safdoshlari safiga qoʻshganligi boʻlajak olimning keyingi taqdirida hal qiluvchi rol oʻynadi. 805-yilda Maʼmunning Bagʻdod xalifaligining eng qudratli oʻlkasi boʻlgan Xurosonga hokim etib tayinlanishi (poytaxti Marv shahri) Xorazmiyning hayotida muhim davr edi. Maʼmun Bagʻdodda “Bayt ul-hikma” (ilmlar uyi)ga asos solib, oʻz davrining yetuk olimlari, tarjimonlari, shoiru fuzalolariga homiylik qila boshladi. “Bayt ul-hikma”ga doʻsti Xorazmiyni boshliq qilib tayinladi. Xorazmiy bu lavozimda umrining oxirigacha faoliyat olib bordi. Olimga dastlabki buyuk shuhratni “Hisob al-Hind” (“Hind hisobi”) nomli risolasi olib keldi. Mazkur risolada jahon fani tarixida birinchi marta oʻnlik pozitsion sistema va uning amaliy ahamiyati haqida soʻz bordi. Xorazmiyning oʻnlik pozitsion sistemasi insoniyatga cheksiz qulay imkoniyatlar yaratib berdi. Agar mazkur sanoq sistemasi boʻlmaganida ilmiy tafakkur bu darajada takomil topishi amri mahol boʻlardi. Masalan: 1180 703 051 492 863 raqami oʻrta asr islom olami va Yevropada “Ming ming ming ming ming besh marta va ming ming ming ming toʻrt marta va sakson ming ming ming ming toʻrtta va yetti yuz ming ming ming uch marta va uch ming ming ming uch marta va ellik bir ming ming ikki marta va toʻrt yuz ming va toʻqson ikki ming va sakkiz yuz oltmish uch” deb oʻqilgan va yozilgan. Sonlarni bu taxlitda oʻqish va yozish matematika fanining, qolaversa, matematika bilan bogʻliq, barcha fanlarning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan edi.

 

Xorazmiy toʻqqiz belgidan iborat hind raqami yordamida cheksiz miqdorlarni qayd etuvchi va uni osonlik bilan ifodalovchi sanoq sistemasini kashf etdi. Hindlarning toʻqqiz belgidan iborat raqamlar tizimi mukammal sanoq tizimiga aylanishi uchun “0” (“sifr”) kashf etilib, oʻz oʻrniga qoʻyilishi kerak edi. Xorazmiy tomonidan “0” (nul-sifr)ning kashf etilishi insoniyat ilmiy tafakkurining beqiyos ulkan yutuqlaridan biridir. Xorazmiy tomonidan yozilgan “Hisob al-Hind” kitobida eng muhim oltita arifmetik amallar – qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish, boʻlish, darajaga koʻtarish va kvadrat ildiz chiqarish kabilar ishlab chiqilgan va ularning uslub hamda qonuniyatlari kashf etilgan edi. Xorazmiyning yana bir buyuk xizmati algebra fanini kashf etganidir. Algebraning mustaqil fan sifatida vujudga kelishi va rivojlanishi bevosita Xorazmiy faoliyati bilan bogʻliq. “Algebra” atamasining oʻzi Xorazmiy tomonidan yozilgan “Al-kitob val muxtasar fi hisob al-jabr vaal muqobala” (“Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”) nomli risoladagi “al-jabr” soʻzining lotincha talaffuz ifodasidan kelib chiqqan. Bu asar bir necha oʻnlab lotin va boshqa Yevropa tillariga tarjima qilingan. Algoritmlar nazariyasini ham Xorazmiy nomi bilan bogʻlanganligi, hatto, “Algoritm” atamasi ham lotinchada ifoda etilgan “Dixi Algoritmuk” (“dediki al-Xorazmiy”) soʻzidan kelib chiqqanligini hech kim inkor etolmaydi.

 

Algoritm tushunchasi hozirgi zamon kibernetika, EHM (elektron hisoblash mashinasi) va hozirgi zamon informatsion texnologiya hamda jarayonlarning asosiy kategoriyasiga aylandi. Xorazmiyning geogrofiya, tarix, astronomiya fanlari sohalari boʻyicha qilgan xizmatlari beqiyos. Xalifa Maʼmun olimlar oldiga Osmon va Yerning toʻliq xaritasini tuzishni vazifa qilib belgilagan. Xorazmiy bu ishlarga bevosita rahbarlik qilgan. Xaritalar “Majmui al-Maʼmun”, “Dunyo xaritasi” nomi bilan yuritilgan va u 840-yillar atrofida nihoyasiga yetkazilgan. Shu munosabat bilan Xorazmiy joʻgʻrofiyaga oid “Kitobi surat al-arz” nomli asar yaratgan. Bu asarning yagona nusxasi (qoʻlyozma holida) Qohiradan topilgan. Baʼzi manbalarda koʻrsatilgan 22 ta xaritadan faqat 4 tasi saqlanib qolgan. Xorazmiy yer yuzini “Avesto” taʼlimoti boʻyicha 7 iqlimga boʻlib oʻrganishni tavsiya qiladi. Xorazmiyning yulduzlar jadvali fanda “Xorazmiy ziji” nomi bilan mashhur. Mazkur jadvalning taxminan uchdan bir qismi al-Fargʻoniy zijida toʻliq berilgan boʻlib, Fargʻoniy asarlari orqali Yevropaga keng tarqalgan. Uning tarixga oid asarlari, xususan, “Xorazmning mashhur kishilari” nomli asar yozganligi va bu asardan Abu Rayhon Beruniy toʻrtta koʻchirma olganligi maʼlum. Xorazmiy oʻrta asrlarda yetishgan oʻzbek madaniyati klassigi, oʻzbek fanining ilk tamal toshini qoʻygan eng buyuk ajdodlarimizdandir. “Xorazmiy oʻz asarlari bilan Sharq va keyinroq Yevropa riyoziyot ilmiga asos soldi”. (S.Tolstov). Amerikalik mashhur sharqshunos olim D.Sarton “Xorazmiy barcha zamonlarning eng ulugʻ matematiklaridan biridir… Jahon fani tarixining IX asr birinchi yarmini hech mubolagʻasiz Xorazmiy davri deb atashimiz lozim”, – degan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish