22-fevral — oʻzbek xalqi umidlari qon bilan koʻmilgan kun


Saqlash
11:02 / 20.02.2024 602 0

Oʻzbek xalqi tarixida koʻplab ogʻriqli qora sahifalar bor. Shunday qora sahifaga yozilgan dahshatli voqealardan biri 1918-yilning 18-21 fevral kunlari sodir boʻlgandi. Qoʻqon shahrida uch kun davom etgan oʻzbeklar qirgʻini natijasida minglab begunoh insonlar halok boʻlgan, oʻzbek xalqining asriy orzusi: mustaqil, barcha teng huquqli boʻluvchi demokratik davlat — Turkiston muxtoriyati qonga botirilgan edi. Ammo millatning yorqin kelajagi uchun kurashgan yurtning asl oʻgʻlonlari xalq xotirasida abadiy qoldi.

 

Turkiston muxtoriyati

 

Turkiston muxtoriyati — musulmon va turkiy olamdagi ilk demokratik, dunyoviy davlatlardan biridir. Garchi, Turkiston muxtoriyati Ozarboyjon Demokratik respublikasidan oldinroq tuzilgan boʻlsa-da, ODR mustaqil respublika sifatida, Turkiston esa muxtoriyat sifatida tashkil topgandi. Shu bois ham musulmon va turkiy olamidagi birinchi demokratik, dunyoviy davlat maqomi ODRga tegishli deya hisoblanadi.

 

Ozarboyjon demokratik respublikasi hukumati

 

Turkiston muxtoriyati rasman 1917-yilning 27-noyabrida tashkil topadi. 26—28 noyabr kunlari boʻlib oʻtgan Butun Turkiston musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyi oʻlkada barcha insonlar va millatlar teng huquqli boʻluvchi, dunyoviy, demokratik milliy davlat tuzilishini eʼlon qiladi. Yigʻilganlar yangi tuzilajak davlat Rossiya sovet federativ sotsialistik respublikasi tarkibidagi muxtoriyat boʻlishini maʼqullaydi. Ushbu davlat Turkiston muxtoriyati deb nomlanadi.

 

“Yashasun Turkiston muxtoriyati!

 

Turkiston musulmonlarining doʻrtunchi favqulodda qurultoyi Turkiston oʻlkasida boʻlgʻon xalqlarning xohishlari boʻyicha buyuk Rusiya inqilobi tarafidan berilgan asoslarga binoan fidiratsiya asosiga qurulgʻon Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolgʻoni holda, Turkistonni yerlik muxtoriyatli, yaʼni “territorialniy avtonomiya” deb eʼlon qiladur. Bu muxtoriyatning na suratda vujudgʻa qoʻyulmogʻini yaqin orada yigʻiladurgʻon Umumturkiston xalqining “uchreditelniy sobiraniye”si(Turkiston majlisi musulmoni)gʻa topshuradur.

 

Shuning ila barobar Turkiston oʻlkasida aqalliyat tashkil qilgʻon millatlar huquqlarining har jihatdan saqlanilmogʻini ham tantanali suratda bayon etadur”, deyiladi qurultoy qarorida.

 

Taʼsis majlisi (parlament) chaqirilguniga qadar qurultoy aʼzolaridan iborat Turkiston Muvaqqat kengashi muxtoriyatini boshqarib turishi belgilanadi. Muvaqqat kengash aʼzolaridan 8 kishilik hukumat tuziladi.

 

Ushbu hukumat tarkibiga Muhammadjon Tinishboyev (bosh vazir), Islom Shoahmedov (bosh vazir oʻribosari), Mustafo Choʻqay (Tashqi ishlar vaziri), Ubaydulla Asadullaxoʻjayev (harbiy vazir), Hidoyatbek Yurali Agayev (yer va suv boyliklari vaziri), Obidjon Mahmudov (oziq-ovqat vaziri), Abdurahmon Oʻrazayev (ichki ishlar vaziri oʻrinbosari) va Solomon Hersfeld (moliya vaziri) kiradi.

 

Keyinchalik, hukumat tarkibida bir nechta oʻzgarishlar yuz beradi, jumladan Nosirxontoʻra Kamolxontoʻra oʻgʻli, Saidnosir Mirjalolov, Mirodil Mirzaahmedov, Rafael Potelyaxov, Mahdi Chanishev, aka-uka Yoqub va Sion Vadyayevlar hukumatga qoʻshiladi.

 

Turkiston muxtoriyati hukumati a’zolari

 

Bundan tashqari, 32 kishidan tashkil topgan Millat Majlisi ham saylanadi. Shu tariqa yangi davlatning boshqaruv tizimi shakllantiriladi.

 

Muxtoriyatning poytaxti etib, Qoʻqon shahri tanlanadi, chunki bu paytda Toshkent Turkiston oʻlkasi Xalq Komissarlari soveti, yaʼni bolsheviklar nazorati ostida edi va ular Turkiston muxtoriyatni tan olmasdi.

 

Muxtoriyatning qoʻllab-quvvatlanishi va faoliyati

 

Turkiston aholisi muxtoriyat tuzilgani haqidagi xabarni juda katta xursandchilik bilan kutib oladi. Qoʻqon va Namangan shaharlarida muxtoriyatni qoʻllovchi mitinglar boʻlib oʻtadi.

 

Oʻsha kunlarda chop etilgan “Ulugʻ Turkiston” gazetasida yozilishicha, 1917-yilning 6-dekabrda Toshkentda muxtoriyatni qoʻllash uchun Saidgʻani Maxdum boshchiligida katta miting oʻtkaziladi va unda 60 ming inson ishtirok etadi. Mitingda, shuningdek, Munavvarqori Abdurashidxonov, Sherali Lapin va Miyon Buzruk kabi jadid dargʻalari ham ishtirok etadi. Yigʻilganlar muxtoriyatni toʻliq qoʻllab-quvvatlab, Turkistonda endi ushbu muvaqqat hukumatdan boshqa hech qaysi hukumat tan olinmasligini eʼlon qiladi.

 

Xuddi shu kuni Jalolobod volosti(tumani)dagi Xonobod qishlogʻida ham muxtoriyatni olqishlovchi namoyish oʻtkazilib, unda Huseyn Validiy va Abdulla eshon yigʻilganlarga muxtoriyating mohiyati va maqsadini tushuntiradi. Xonobodliklar muxtoriyatga yordam uchun 500 soʻm miqdorida pul ham yigʻadi.

 

Turkistonning qolgan qismlarida ham muxtoriyat eʼlon qilingani koʻtarinkilik bilan kutib olinadi. Samarqandda boʻlib turgan Fitrat muxtoriyat eʼlon qilingan kunni “milliy laylatul qadrimiz” deb ataydi. Choʻlpon Turkiston muxtoriyati uchun “Ozod Turkiston” marshni yozadi. Ushbu marsh keyinchalik muxtoriyat madhiyasiga aylanadi.

 

 

Turkiston muxtoriyati hukumati haqiqiy millat fidoyilardan tashkil topgandi. Ular oʻsha vaqtda kuzatilayotgan ochlik muammosini hal qilish uchun turli tadbirlar uyushtiradi, oziq-ovqat markazlari tashkil qiladi, mahalliy boylarni xayriya tadbirlariga jalb qiladi, Sharqiy Turkistondan oziq-ovqat keltirish masalasi koʻriladi.

 

Harbiy vazir Ubaydulla Asadullaxoʻjayev rahbarligi milliy armiya tuziladi. Uning tarkibidagi askarlar soni ming nafargacha yetadi. Bundan tashqari Qoʻqonda Kichik Ergash boshchiligida militsiya boʻlinmalari ham tuziladi.

 

Turkistonda mahalliy aholining mustaqil davlati tashkil topishi va mustahkamlanishi, shubhasiz, Moskva va Toshkentdagi bolsheviklarga yoqmasdi. Ular Turkiston Muxtoriyatining kuchayib ketishi, aholi tomonidan katta qoʻllab-quvvatlovga ega boʻlishi va oxir-oqibat toʻla mustaqillikka erishishdan xavotirga tushadi.

 

Turkiston muxtoriyatning qonga botirilishi

 

Muxtoriyat tashkil etilgan ilk kunlardanoq bolsheviklar yetakchilik qiluvchi oʻlka Xalq komissarlari soveti unga qarshi kayfiyatni koʻrsata boshladi.

 

 

1917-yil 13-dekabr kuni Toshkentning eski shahar aholisi “Muxtoriyatli Turkiston uchun!” shiori ostida tinch namoyish oʻtkazishga qaror qiladi. Ammo Toshkent shahar soveti bolsheviklari bu tashabbusga keskin munosabat bildiradi va harbiy kuch yordamida olomonni tarqatib, shaharda tartib oʻrnatishga buyruq beradi. Qizil askarlar tinch aholiga qarshi quroldan foydalanadi va mitingning 16 nafar ishtirokchisi otishma qurboni boʻladi.

 

1918-yil yanvar oyidan muxtoriyatni tugatish uchun jiddiy harakatlar boshlanadi. 19-26-yanvar kunlari Toshkentda ishchi, askar va dehqon deputatlarining birinchi favqulodda syezdi boʻlib oʻtadi. Syezd Turkiston muxtoriyatini qonundan tashqari deb eʼlon qiladi va muxtoriyat hukumati aʼzolarini qamoqqa olish hamda Qoʻqonga harbiy yurish qilib, muxtoriyatni tugatish haqida qaror qabul qiladi.

 

Turkiston Xalq Komissarlari Soveti (TXKS) muxtoriyatni agʻdarish uchun harbiy tayyorgarlik koʻrishni boshlaydi. TXKS raisi Fyodr Kolesov muxtoriyatni yoʻq qilish uchun Moskvadan yordam soʻraydi. Markaz Turkistonga 11 ta eshelonda 10 mingdan koʻproq askar joʻnatadi. Ularga arman dashnoqlari ham qoʻshiladi.

 

13-fevral kuni Fargʻonada qizil askarlar va mahalliy aholi orasida ilk toʻqnashuvlar yuz beradi. 14-fevral kuni Fargʻona viloyatida harbiy holat eʼlon qilinadi. Qoʻqondagi Turkiston muxtoriyatini qulatish operatsiyasiga Qoʻqonning yangi shahar soveti raisi bolshevik Yefim Babushkin rahbarlik qiladi. Shaharga 200 yaqin askar bilan birinchi hujum boshlanadi.

 

Vaziyat shunday tahlikali tus olib, butun mamlakat va millat taqdiri hal boʻlayotgan vaqtda, afsuski, muxtoriyatning oʻzida boʻlinish yuz beradi. 18-fevral kuni “Shoʻrayi Ulamo” rahbarligida toʻntarish oʻtkazilib, Mustafo Choʻqay bosh vazirlikdan ketadi va Qoʻqonni tark etadi. Hokimiyat Kichik Ergash qoʻliga oʻtadi.

 

Tez orada bolsheviklarga Konstantin Osipov boshchiligida yordamchi kuchlar kelib qoʻshiladi. Qoʻqonni muxtoriyatning ming kishilik armiyasi bilan birga oʻn minglab oddiy aholi himoya qiladi. Ammo kuchlar teng emas edi. Qoʻqonliklar qizil armiyaning zamonaviy qurollariga qarshi bolta, choʻkich va tayoq bilan kurashadi. Shunday boʻlsa-da, jasur muxtoriyatchilar shaharni uch kun mardonavor mudofaa qiladi.

 

Bolsheviklar ushbu uch kun davomida Qoʻqonni artilleriya toʻplaridan tinmay oʻqqa tutadi. Qoʻqon vayronaga aylanadi, qizil askarlar va arman dashnoqlari hech kimga shafqat qilmaydi. Minglab begunoh insonlar halok boʻladi.

 

Yefim Babushkin va Konstantin Osipov

 

“Ulugʻ Turkiston” gazetasi ushbu qonli kunlarni shunday tasvirlagan: “20-fevral Xoʻqand tarixining eng dahshatli kuni edi. Bunda armanilar ayricha faoliyat koʻrsatganlar…

 

Xoʻqand hozir oʻliklar shahri”.

 

22-fevral kuni Qoʻqondagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolanadi. Ushbu shartnomaga koʻra, mintaqa aholisi Xalq komissarlari soveti va barcha mahalliy sovet tashkilotlari hokimiyatini tan oladi. Shu tariqa 72 kun yashagan Turkiston Muxtoriyati xotima topadi.

 

Qoʻqon voqealaridan soʻng, dashnoq toʻdalari butun Fargʻona boʻylab tarqalib, Chust, Bozorqoʻrgʻon, Margʻilon va boshqa hududlarda pogrom uyushtiradi.

 

 

Bolsheviklar muxtoriyatni qulatgan boʻlsa ham uning asosiy aʼzolarini qoʻlga olishga erisha olmaydi. Chunki ularning aksariyati bu vaqtda boshqa joyda edi. Xususan, Mustafo Choʻqayning yozishicha, Qoʻqon bolsheviklar tomonidan qamal qilinganda, Nosirxontoʻra Namanganda, Solomon Hersfeld Samarqandda, Ubaydullaxoʻja Assadullaxoʻjayev Ashxobod-Samarqand yoʻlida, Obidjon Mahmudov Buxoroda boʻlgan.

 

Qoʻqonda esa Mirodil Mirzaahmedov, Abdurahmon Oʻrazayev, Hidoyatbek Agayev va Mustafo Choʻqay qolgan. Biroq ularning ba’zilari shahardan oʻz vaqtida chiqib ketishga ulgurgan. Solomon Hersfeld, Abrurahmon O‘razayev, Hidoyatbek Agayev Qo‘qondagi janglarda halok bo‘ladi. Islom Shoahmedov esa bolsheviklar qoʻliga tushib qoladi va qamoqqa olinadi. Muttasil qiynoqlar va bosimlar natijasida oʻzbek xalqining bu ziyolisi aqldan ozar darajaga keltirilgan. 1918-yil may oyida bolsheviklar tomonidan Turkiston Muxtoriyati hukumatining tirik qolgan aʼzolari amnistiya qilingach, qamoqdan chiqarilgan. Biroq oradan koʻp oʻtmay, 1922-yilda vafot etgan.

 

Turkiston muxtoriyati — oʻzbek xalqi oʻtmishidagi ham eng shonli, ham eng qaygʻuli sahifalardan biri. Oddiy xalq bu davlat timsolida uzoq kutilgan erkinlik, tenglik, ochiqlikni koʻrgandi. Jadidlar ushbu muxtoriyat orqali milliy davlat tuzish, Turkiston xalqlarini birlashtirishni orzu qilgandi. Ammo afsuski, bolsheviklar boshliq sovet davlati oʻzbek xalqiga kelajagini oʻzi hal qilishiga yoʻl bermadi.

 

Biroq oʻzbek xalqining erkinlikka muhabbati hech qachon oʻlmagan. Turkiston muxtoriyati qulatilgandan keyin butun mintaqa boʻylab istiqlolchilik (sovet adabiyotlarida “bosmachilik”) harakati avj oladi va ular 1930-yillargacha kurashni davom ettiradi.

 

Turkiston istiqlolchilari

 

Oʻzbekiston uchun Turkiston muxtoriyati merosi juda ulkan ahamiyatga ega. Hozirgi mustaqillikni qadrlash, uni mustahkamlashda, shubhasiz, Turkiston muxtoriyati faoliyati va uning qulatilishidan kerakli saboqlarni chiqarish lozim.

 

Muhammadqodir Sobirov

 

Oyina uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

10:05 / 07.05.2024 0 42
“Avtohalokat” dan keyingi oʻylar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19351
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16468
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi