“Loqaydlik tufayli juda qimmatli merosdan ayrildik” – Ahmad Yassaviyning bizga zamondosh avlodi bilan suhbat


Saqlash
12:02 / 19.02.2024 757 0

Hazrat Ahmad Yassaviy bilan bizni qariyb 1000 yil ajratib turadi. Sohibqiron Amir Temur bilan oramizdagi vaqt masofasi esa salkam 700 yil. Endi tasavvur qiling, ming yil oldingi Yassaviy bobomiz xotirasiga bog‘liq, yetti yuz yil avval yashagan Sohibqiron nazari tushgan, ehtimol, qo‘lida tutgan, harbiy yurishlarda bayroqdorlari yuksak hilpiratgan bayroq ko‘z oldingizda tursa, ko‘nglingizdan qanday hissiyotlar kechadi? Tarix qadrini biladigan xalqlar butun boshli bayroqni-ku qo‘yaturing, o‘tmishiga taalluqli  sopol bo‘lagi yoki zanglagan to‘g‘nog‘ichni ham ko‘ziga suradi, to‘g‘rimi? “To‘g‘ri”, deb bosh irg‘agan bo‘lsangiz, mana bu tarixni eslang.

 

Bundan o‘n yil burun taniqli adib Ahmad A’zam “Kuni bizga qolgan bayroq” sarlavhali esse e’lon qildi. Juda qiziq, hayajonli, shu bilan birga odamni afsus-nadomatga soladigan esse... Unga ko‘ra, yozuvchiga asli sayramlik Gulposhsha Ergashxo‘jayeva qishloq masjidida saqlanayotgan qadimiy bayroq xabarini beradi. Bayroqki, naq Sohibqiron Amir Temurning o‘zi hazrat Ahmad Yassaviy qabriga yopgan! Dastlab Ahmad A’zam bunga ishonqiramaydi, biroq bayroqning videotasvirini ko‘rgach, bir necha bor Turkiston taraflarga qatnaydi, uni O‘zbekistonga olib kelishga urinadi. Taassufki, bayroqni qo‘lga kiritish imkoni bo‘lmaydi...

 

Xullas, juda qiziq, hayajonli, afsuslanarli tarix. Esseni o‘qib xuddi bayroqni o‘zim ko‘rganday boshida quvongan, so‘ng qo‘ldan chiqarilganini bilib, afsuslangan edim. 2023-yilning dekabr oyida Toshkentda o‘tgan “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman ishini kuzata turib, Ahmad Yassaviyning o‘zbekistonlik va turkiyalik avlodlari uchrashuvini ko‘rganda xayolimga lop etib o‘sha mashhur, qo‘lga tegay-tegay deganda boy berilgan bayroq keldi. Chunki hazrat Yassaviyning o‘zbekistonlik avlodi sifatida sahnaga chiqqan olima Gulposhsha opaning ismini eshitiboq rahmatli yozuvchi Ahmad A’zamning mana bu so‘zlarini esladim: “Ismi ham eskichasiga, ham yangichasiga chiroyli bir Gulposhsha degan ayol telefon qildi”.

 

To‘g‘risi, konferensiyada ko‘rganim Gulposhsha opa esseda g‘oyibona taniganim Gulposhsha Ergashxo‘jayeva bilan bir kishimi-yo‘qmi, hali bilmasdim. Lekin tabarruk bayroq haqida balki biror yangilik eshitarman, degan o‘yda Gulposhsha opa bilan bog‘lanib bildimki, bu kishi o‘sha – esseda zikr etilgan vatandoshimiz ekan. E’tiboringizga sharqshunos olima, Ahmad Yassaviyning bizga zamondosh avlodi Gulposhsha Ergashxo‘jayeva bilan muxtasar suhbatni havola etamiz.

 

– Gulposhsha opa, ochig‘i, negadir sizni xorijda, hech bo‘lmaganda Qozog‘istonda yashaysiz, deb xato o‘ylarkanman. “Kuni bizga qolgan bayroq” essesida keltirilgan ajdodlaringiz sayramlik ekani haqidagi izohdan shunday xulosa chiqargan bo‘lsam kerak. Anjumanda shajarangiz hazrat Ahmad Yassaviyga borib taqalishi haqidagi tarixiy hujjat bilan jamoatchilikni tanishtirdingiz. Dastlab ushbu shajara haqida so‘zlab bersangiz?

 

– Shunday ulug‘, qadimiy tarixga ega insonlar bilan qarindoshlik rishtalarimiz bog‘langani, albatta, bizga katta iftixor bag‘ishlaydi. Bolalarim ham, nevaralarim ham ajdodlarimiz bilan faxrlanadilar. Ularga chin ma’noda munosib bo‘lishga, “Shunday ulug‘ zotlarning avlodi” degan nomni oqlashga harakat qiladilar. To‘g‘risi, yassaviylik tariqati ancha murakkab, shu sababli farzandlarimni, nevaralarimni Yassaviy bobomizning hikmatlari bilan tanishtirishga harakat qilaman, she’rlarini o‘qib-o‘rganishga da’vat etaman. Otam Ergashxo‘ja eshon Yassaviy bobomizning she’rlarini yoddan bilardilar, bizga o‘qib berardilar. Bugun men ham o‘sha an’anani davom ettirib, bolalarim tarbiyasida Ahmad Yassaviyning sermazmun merosidan foydalanaman.

 

– Yashirishning hojati yo‘q, sizni anjumanda ko‘rganimdan beri bayroq haqida tezroq so‘ragim kelyapti. O‘zi, o‘shanda nima bo‘lgandi? Bayroq qayerdan topilgandi?

 

– Rahmatli Ahmad A’zam ajoyib yozuvchi, vatanparvar, tilparvar inson edi, oxiratlari obod bo‘lsin... O‘tgan asrning oxirlarida Sayramdan uzoq bo‘lmagan Mankent qishlog‘ida Nabixon otaning uyi buziladi. Shunda devor orasidan qadimiy shajara topiladi. Tarixchi ukam Ahmadjon Ergashxo‘jayev bilan islomshunos Mirahmad Mirxoldorov shajarani o‘rganishadi. Shu vaqtda qishloq masjidida qadimiy bayroq ham saqlanayotgani ma’lum bo‘ladi.

 

Albatta, bular katta yangilik edi. Biz bu haqda jamoatchilikni boxabar qilishni lozim topdik. U mahallar xabar tarqatishning eng yaxshi, samarali usuli televideniye bo‘lgani bois “Assalom, O‘zbekiston” ko‘rsatuvida ishtirok etdim. Shajaramiz bilan bayroq haqida, ularning belgilari to‘g‘risida gapirib berdim. Bayroqning hoshiyasiga anchagina arabcha matn bitilgandi. Tug‘idagi temirga esa “Ko‘ragoniy” deb Amir Temurning nomi yozilgan ekan, buni Mirahmad Mirxoldorov o‘qigan.

 

“Assalom, O‘zbekiston”dagi chiqishimni ko‘rgan yozuvchi Ahmad A’zam meni qidira boshlaydi, bilganlardan so‘rab-surishtiradi. U kishiga qo‘ng‘iroq qildim, uchrashib gaplashdik. Bayroqni ukam bilan Mirahmad Mirxoldorov videotasvirga tushirgan edi, shuni ko‘rsatishimni so‘radi. Tasvirni ko‘rib, Ahmad aka ham juda qiziqib qoldi.

 

– Bayroqni o‘zingiz ham ko‘rganmidingiz?

 

– Bayroq bir oy uyimda saqlangan. Buning ham tarixi bor. Bayroq haqida Prezidentning davlat maslahatchisiga ma’lum qildik. U menga “Agar bayroqni olib kelolsangiz, o‘rniga Mankent masjidiga ikkita katta gilam beramiz”, dedi. Masjid imomi Ro‘ziqul ota ham bu taklifga ko‘ndi. Shu orada, aniqrog‘i, 1996-yil 6-iyulda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti huzurida kengaytirilgan ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ko‘p olimlar, sharqshunoslar, tarixchilar qatnashdi. Ilmiy kengashda shajara bilan bayroq masalasi muhokama qilindi. Sayramdan Ro‘ziqul otani chaqirtirgandim, u bayroq bilan ilmiy kengash ishida qatnashdi.

 

Ilmiy kengash hujjatlarini hozirgacha saqlayman. Sizga hozir shundan ayrimlarini o‘qib beraman.

 

Yig‘ilishda qatnashgan Xalqaro islom tadqiqot markazining ilmiy xodimi Habibulla Solih bayroq chetidagi bitiklarni tarjima qilib, shunday dedi: “Men bayroq chetidagi bitiklarni o‘qib chiqdim. Bitiklar bundan 200 yil avval yozilgani ko‘rsatilgan. Ammo bayroqqa bitiklar ancha keyin yozilgan”. E’tibor qilyapsizmi, yozuvlarning o‘zi bir necha asrlik tarixga ega, lekin bayroqning yoshi undan ham katta.

 

Diniy qo‘mita vakili Haydarov: “Qur’on aqidalari bitilgan bayroq aslida xonlarning maqbaralariga qo‘yilgan. Podshohlar bayrog‘ining tug‘i bo‘lgan. Bayroq yashil rangli bo‘lib, sokinlikni bildirgan. Bu bayroq chetidagi payg‘ambarlar nomlari va Qur’on bitiklari hijriy 1215-yilda bitilgan va  harbiy yurishlar oldidan bayroq olib yurilgan. Bayroqqa “Urushda shahid bo‘lganlar jannatga tushadi” degan suralar yozilgan”.

 

Fayziyev: “Bitiklar eski o‘zbek tilida emas, balki eramizning boshlarida mavjud bo‘lgan o‘zbek tilida yozilgan va yili ham shunga to‘g‘ri keladi”. Eramizning boshlari, deyilyapti!

 

O‘rinboyev: “Bayroq Ahmad Yassaviy qabri ustiga yopilgan ham bo‘lishi mumkin. Chunki bayroqning tepa qismi butun. Pastki qismi esa odamlar tavof qilaverib, ko‘zlariga surtib, ushlayverganlaridan titilib, yirtilib ketgan”.

 

To‘g‘risi, ilmiy kengash ishi qizg‘in bo‘ldi. Turli fikrlar bildirildi. Birovlar “Bayroqni tarix muzeyiga topshirish kerak”, dedi. Xuddi shu paytda Temuriylar tarixi muzeyi qurilib, ochilishga tayyorgarlik ketayotgandi. O‘zbekiston FA muxbir a’zosi Baxtiyor Nazarov so‘zga chiqib, “Qaniydi, muzeyning ochilish tantanasida shu bayroq ko‘tarib kirilsa! Juda katta tarixiy voqea bo‘lardi”, degan taklifni bildirdi. Lekin qarshi fikr aytganlar, “Bayroqning Amir Temurga daxli yo‘q”, deganlar ham bo‘ldi.

 

Men ilmiy kengash yig‘ilishidan keyin Prezident maslahatchisiga yana uchradim. Unga olimlarning xulosalari, xususan, Habibulla Solihning fikrlarini aytib, “Yozuvlar keyinroq yozilgan, bayroq juda qadimiy bo‘lishi mumkin, deyishyapti. Tekstil institutida ilmiy tekshirishlarni amalga oshirsa bo‘ladi-ku, shu orqali matoning qachon to‘qilganini bilib olamiz”, dedim. Ammo o‘ychining o‘yi uzoq cho‘zilib ketdi. Bayroq uch oycha davlat maslahatchisi seyfida saqlandi. Prezidentga bu haqda aytilmadi. Prezident ruxsatisiz muzeyga qo‘yishga esa botinishmadi, menimcha. Mankent masjidiga va’da qilingan gilamlar ham berilmadi. Bayroq tevaragida har xil gap-so‘zlar ko‘payib, taqdiri uzil-kesil hal qilinavermagach, qolaversa, bayroqning qanchalik qiymati baland ekanini bilgan Ro‘ziqul ota uni qaytarib olib ketdi. Hech bir gapga ko‘nmadi. Ahmad A’zamning sa’y-harakatlari bekor ketgani sababi ham shunda.  Keyin nima bo‘ldi-yu, bayroq masjiddan izsiz yo‘qolgani haqida xabar oldik. Kimdir devorni buzib, o‘g‘irlashgan, dedi. Yana kimdir sotilgan, dedi. Xullas, suvga tushgan toshday g‘oyib bo‘ldi.

 

Bayroqni har eslaganimda beixtiyor ko‘zimga yosh keladi. Loqaydlik, qaror qabul qilishdagi sustkashlik tufayli juda qimmatli merosdan ayrildik. Yetti o‘lchab bir kesish kerak, deymiz-u, gohida yetti ming marta o‘lchab o‘tiraveramiz, poyezd esa ketib bo‘ladi. Shundoq qo‘limizda turgan, bebaho bayroqni boy berdik. Uni Amir Temur alambardorlari safarlarda ko‘tarib yurgan, Sohibqironga zafarlar keltirgan. Qanchadan-qancha ilmiy tadqiqotlarga asos bo‘lardi, agar yo‘qolmaganida. Qattiq afsus qilaman hozir, uyda saqlab tursam, qaytarib bermasam bo‘larkan, deb o‘ylayman. Lekin pushaymondan foyda yo‘q. Kim bilibdi deysiz, bunday bo‘lib ketishini, bayroqqa xaridorlar ko‘payishini. Sotildimi yo boshqami, bunisi yolg‘iz Ollohga ayon...

 

– Shajarangizning taqdiri nima bo‘ldi?

 

– Shajarani Turkiyada faoliyat yurituvchi Turkiston sayyidlari va eshonlari xalqaro shajarani tasdiqlash tashkiloti uch yil tekshirdi. Keyin shajaraning to‘liq sahih, ishonchli ekani haqida xabar oldim. Menga 4 metrcha keladigan shajaramizni sertifikatlari bilan topshirishdi. Shu o‘rinda masalaning bir jihatiga oydinlik kiritib ketay. Dekabrda bo‘lib o‘tgan anjuman kunlari ayrim ommaviy axborot vositalari “Ahmad Yassaviyning 42-avlodi” deb yozdi. Gap shundaki, shajara daraxti hazrat Yassaviydan emas, Muhammad alayhissalomdan boshlanadi. Ya’ni qirq ikki avlod deganda Ahmad Yassaviy bobomizdan keyingi shuncha avlod tushunilmasligi kerak.

 

Hozirgi kunda shajaramiz, Turkistonga islom dinining kirib kelishi, bobokalonlarimizning faoliyati haqida yozyapman. To‘g‘risi, igna bilan quduq qaziganday bo‘lyapti, chunki materiallar juda kam, turli manbalarni o‘qib-o‘rganishga to‘g‘ri kelyapti. Nasib etsa, tadqiqotimni kitob holida chop ettirish niyatim bor.

 

Otabek MUHAMMADIY suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16485
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi