Kelajak va savodxonlik uchun qilingan yaxshilik! – Gutenberg loyihasi


Saqlash
18:02 / 07.02.2024 323 1

Aksariyat kashfiyotlar inson farovonligi, hayotiy ehtiyojlarini yengillashtirishga xizmat qiladi. Oyina.uz ana shunday ixtirolardan biri, hayotimizning ajralmas qismiga aylangan elektron kitoblar va ularning dunyodagi eng katta zaxirasiga ega Gutenberg loyihasi haqida maqola tayyorladi.

 

Hammasi 1971-yil 4-iyul AQSh mustaqilligining 195 yilligiga Illinoys universiteti talabasi Maykl Stern Xart o‘ziga xos sovg‘a tayyorlashni maqsad qilganidan boshlangan. U mamlakat mustaqilligi asosi hisoblanuvchi tarixiy hujjat “Mustaqillik deklaratsiyasi” matnini Xerox Sigma V kompyuterida o‘sha vaqtda internetning prototipi hisoblangan tarmoq Arpanetga joylashtiradi. Elektron kitoblarning hayotimizga kirib kelishi aynan shu voqeadan boshlandi.

 

Ixtiro keng jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilindi va olim butun umrini unga bag‘ishlashga qaror qiladi. U insoniyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish, savodsizlikka qarshi kurash, aholining axborot resurslaridan erkin  foydalanish imkoniyatini taqdim qiluvchi tizimni yaratishga astoydil kirishadi. Loyihasini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun turli xayriya fondlaridan yordam oladi. Tinimsiz harakatlardan so‘ng ixtirosi asosida yangi  elektron kutubxona yaratadi. Loyihaga ilk kitob bosish dastgohining muallifi bo‘lgan olim – Iogann Gutenberg nomining tanlanishi ham bejiz emas. Negaki, Gutenberg 1445-yil kitob bosish dastgohini ixtiro qilishi ortidan insoniyatning katta qismini savodli bo‘ldi. Elektron kitoblar ham aynan shu vazifani zamonaviy tarzda bajarishi ko‘zda tutilgan edi.

 

Gutenberg loyihasi – insoniyat rivojiga hissa qo‘shuvchi asarlarning raqamli to‘plamini yaratish va ularni bepul tarqatishga qaratilgan jamoat tashabbusidir. Uning sayti dunyodagi dastlabki va eng katta raqamli kutubxona hisoblanadi. Kitoblarning aksariyati ko‘ngillilar tomonidan elektronlashtirilgan va ularni bepul yuklab olish mumkin.

 

Xart 1990-yilgacha 100ga yaqin kitobning raqamli variantini elektron kutubxonasiga kiritadi. Loyihaning jadal rivojlanishida muhim bosqich XXI asr boshlariga to‘g‘ri keldi deyish mumkin. Bu davrda ko‘ngillilardan iborat muharrirlar jamoasi tuziladi. Endi nafaqat ingliz, balki boshqa tillardagi kitoblarning ham joylashtirilishi loyiha ko‘lamini oshishiga xizmat qildi. Sayt ishlashini ta‘minlash uchun mablag‘ yig‘ish bilan Mayklning o‘zi shug‘ullangan. Loyiha ko‘lami internet rivojlanishiga mutanosib ravishda oshib bordi. Jumladan, 1997-yili saytdagi mavjud asarlar soni 1000 taga yetgan bo‘lsa, 2003-yili 10 ming, 2011-yili 40 mingtani tashkil etdi. Ayni vaqtda esa tizimda erkin yuklab olib foydalansa bo‘ladigan kitoblar soni 60 mingdan ortiq bo‘lib, ular bir nechta tillarda yozilgan.

 

Barcha elektron matnlar Plain Vanilla deb nomlangan 7 bitli Amerika standart ASCII kodida raqamlangan. Ushbu format har qanday qurilmada o‘qiladi va mavjud  dasturiy ta’minotlar bilan deyarli qiyinchiliksiz mos keladi. Qolaversa, nemis va fransuz tillarida qo‘llaniluvchi maxsus urg‘uli belgilarga ega kitoblar uchun ham mos formatda ishlovchi versiya yaratilgan bo‘lib, mazkur tillardagi kitoblardan ham osongina foydalanish imkoniyatini beradi.

 

Portal serverlari AQShda joylashgan va shu mamlakat domeni bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Shu sababli mualliflik huquqini aniqlashda Amerika qonunlari asos qilib olingan. Biroq, bunday qonun turli davlatlarda bir-biridan farq qiladi. Shu bois sayt chet eldagi ko‘ngilli tahrirchilari bilan hamkorlikda ishlashida turli muammolarga uchrab turadi. Masalan, 2018-yil Germaniya sudi mualliflik huquqini buzganligi uchun saytga yuklangan nemis tilidagi 18 ta elektron kitoblarni bloklash haqida qaror chiqargan hamda endilikda bu asarlarni saytdan nemis domeni ostida yuklab bo‘lmaydi. Bunday holat Italiyada ham kuzatilgan, portalga mamlakat internet provayderlari orqali kirish taqiqlangan. Cheklovlarga qaramay saytning salmog‘i yildan-yilga ortib bormoqda.

 

Ushbu elektron kutubxonaning turdoshlari boshqa mamlakatlarda ham bor. Masalan, O‘zbekistondagi “Ziyouz” saytini (asoschisi: Davron Tojialiyev) Gutenberg kutubxonasiga o‘xshatish mumkin. Saytda foydalanuvchilar uchun elektron kitoblardan tashqari audiokitoblar, ilmiy-ma’rifiy jurnallarning raqamli analoglari joylab boriladi.

 

Gutenberg loyihasi kabi sayt, portal, platformalar insoniyatning bilim olishi, ma’naviy olami boyishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Qolaversa, dunyoda yuz berayotgan ekologik halokatlar, havoning ifloslanish darajasi ortib borayotgan bugungi davrda daraxtlarni asrashga raqamli asarlar ma’lum darajada hissa qo‘shadi. Negaki, kitob uchun qog‘oz daraxtlarni kesib, ularga ishlov berish yo‘li bilan olinadi. Elektron kitoblarda esa bunga ehtiyoj yo‘q. To‘g‘ri, ko‘pchilik uchun elektron kitobni haqiqiysidek his qilib o‘qish qiyin. Lekin hozirda global ekologik muammolarga ta’sirini kamaytirishda elektron kitoblar rivoji qisman yechim bo‘la oladi.

 

Xulosa o‘rnida aytganda, Maykl Stern Xart o‘z ixtirosi bilan kelajak avlodga munosib meros qoldira oldi. Umid qilamizki, yaqin yillarda dunyoning eng katta elektron kitoblar ombori bo‘lmish Gutenberg portalida o‘zbek adabiyoti namunalari ham joy oladi va o‘z mushtariylarini topadi.

 

Nusratjon QODIROV.

Oyina.uz

1 Izoh

Kitobxon

10:02 / 08.02.2024

Ziyo.uz sayti emas, balki Davron aka Tojialiyev yaratgan ziyouz.uz, ziyouz.com saytlari

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi