Mustaqillik bayramida nimani nishonlaymiz o‘zi, nega an’anaviy OAV ijtimoiy tarmoqlar olib chiqayotgan dolzarb mavzularni ko‘tarmaydi? – mafkura maydonidagi qaltis savollar


Saqlash
21:08 / 07.08.2023 856 0

Yagona qurol: u ishga solinmasa-chi?

 

Fikr va g‘oya maydoni hamisha ikkiga bo‘linadi. Jamiyatda ezgu g‘oyalar yonida buzg‘unchi g‘oyalar ham bo‘lishi tabiiy. Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlar kutilmagan darajada kuchayib ketdi. Mafkura va ma’naviyatning biz yuqorida sanagan tizimlarida-ku muayyan darajada “elak” mavjud. Ularning ezgu g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanish faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatish, ma’lum ma’noda ishini tartibga solishga erishmoq mumkindir. Lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqning ong-tafakkuri va qalbini egallashga qaratilgan buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi qanday kurash olib boramiz?

 

Bugungi vaziyat milliy mafkura va ma’naviyat ishini mustaqillikning dastlabki chorak asridagidan ko‘ra tamoman boshqa daraja va texnologiyalar asosida olib borishni taqozo etyapti. Shunday ekan, kimlargadir eski bo‘lib tuyuladigan dono gapni takrorlashdan aslo charchamaymiz: fikrga qarshi – fikr, g‘oyaga qarshi – g‘oya, jaholatga qarshi – ma’rifat bilan javobqaytarishgamajburmiz. Mafkuraviy kurashningyagonaquroli– so‘z. Aynan so‘z pichoqniqinidan,ilonni inidanchiqaradiham;pichoqniqiniga, ilonniinigaqaytarib kiritadiham.

 

Ko‘ngilda bir xavotir mavjud: keyingi yillarda hozirgi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ong-tafakkurini shakllantirishda ko‘p narsani boy berib qo‘ymadikmikan? Bugun shunday bir avlod shakllanmoqdaki, u qo‘yib bersangiz, hatto ma’naviyat, mafkura kabi tushunchalarni eskirgan, ahamiyatsiz deb biladi. Bu tushunchalar bir qadar kinoya, sarkazm nishoniga aylanganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Bu keskin kurashga dadil kirish va yengilmaslik uchun aynan qanday choralar ko‘rilmog‘i lozim? Shunday vaziyatda yosh avlodga ma’naviyatni qanday tushuntirish, singdirish mumkin?

 

Bu savollarga ikki og‘izgina qilib javob qaytarishning iloji yo‘q. Shuning uchun avval bizga aynan nimalar ko‘proq tahdid solayotganini bir qur nazardan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.

 

 

Eski davrni qo‘msash xavfi

 

1998-yili Germaniyaga jurnalistik safarga borganman. Myunxenda Bavariya radiosining keksa xodimi bilan suhbatlashishga to‘g‘ri keldi. “Germaniyaning bosh muammosi nima?” deb so‘radim undan. “Sobiq GDRdagi o‘rta yashar va keksa aholi. Ular eski tuzum tasavvurlari bilan yashaydi-da”, dedi u. “Bu muammoni qanday yechish mumkin?” degan savolimga esa “50 yil kutish kerak. Boshqa yo‘li yo‘q”, deya javob berdi.

 

Bizning mustaqil davlatga aylanganimizga hali yarim asr bo‘lganicha yo‘q. Har qanday makon va zamonda ijtimoiy-siyosiy tuzumning o‘zgarishidan kimlardir yutadi, kimlardir yutqazadi. Shunday ekan, yutqazganlar o‘sha tuzumni qo‘msamaydimi? “Qo‘msasa qo‘msayversin!” deyishingiz ham mumkin. Lekin bu masalaga xalq sifatida oqilona munosabatimiz qanday bo‘lmog‘i darkor? Bu endi jiddiy mafkuraviy masala.

 

Ikki jihatdan sho‘ro davrini oqlashga aslo haqqimiz yo‘q. Birinchidan, mustamlakachilikni qo‘msash – zanjirband sherning ozod etilganidan keyin yana o‘sha temir bog‘ichini sog‘inishiday gap. Ikkinchidan, kommunistik mafkura 74 yil insoniyat jamiyati ustida siyosiy eksperiment o‘tkazdi. Holbuki, xalqaro me’yorlar, siyosiy eksperiment u yoqda tursin, hatto ayrim davolash usullari bo‘yicha odamlar ustida tibbiy eksperiment o‘tkazishni ham taqiqlaydi. Bu siyosiy eksperiment o‘zini mutlaqo oqlamadi: uni birinchi bo‘lib joriy etgan Rossiyaning o‘zi birinchilardan bo‘lib undan voz kechdi. Lekin shu kecha-kunduzda aynan o‘sha sho‘ro davrini esga soladigan lavhalar asosida tayyorlangan videoroliklar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z vatandoshlarimiz tomonidan bahuzur tarqatilayotir. Bir qarashda bu shunchaki xotiraga o‘xshar, bezarar ham tuyular. Tagida esa ulkan g‘arazli maqsad yashirin. Yana o‘sha imperiyachilik, yana o‘sha gegemonlik, yana o‘sha mustamlakachilik xuruji!

 

Xo‘sh, bunday xavfdan odamlarni kim ogoh etadi?

 

Qaysi tizim tarkibida bo‘ladi, bilmadim-u, nazarimda, muttasil ravishda ana shu axborot xurujlariga qarshi maxsus mafkuraviy kurash olib boradigan, ya’ni fuqarolarni shunday xavflardan o‘z vaqtida aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali boxabar qilib turadigan materiallar tarqatish, buzg‘unchi g‘oyalarga o‘z vaqtida kuchli va asosli zarba berish bilan shug‘ullanadigan kuchli bir jurnalistik tashkilot tuzish zarurga o‘xshaydi.

 

 

Yangi muammo – yangi yechim

 

Bir taniqli ma’ruzachi viloyatlarimizdan biriga boribdi. Tinglovchilar orasida ijtimoiy tarmoqlardagi yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolganlar yo‘q deysizmi? Notiqni qaltis savollarga ko‘mib tashlashibdi... Shu birgina faktga ko‘ra “Aholi o‘rtasidagi ma’ruza qilish usuli eskirdi” deb xulosa qilish to‘g‘ri emas. Hozirda birlamchi vazifa – targ‘ibotning shaklini emas, mazmunini yangilash. Shaklni bir idish sifatida tasavvur qilsak, unga nimani solish ixtiyorimizda-ku. Hech nima odamlar bilan yuzma-yuz gaplashganga yetmaydi. Jonli muloqot beradigan samaraga boshqa usulda erishish mushkul. Bu usuldan dunyoning rivojlangan davlatlarida ham voz kechilgani yo‘q, axir.

 

Targ‘ibotda fikriy ta’sirning turli usullaridan foydalanish lozim. Masalan, multfilmlarni olaylik. Bizda har yili 650–700 ming bola tug‘iladi. Bu – maktabgacha yoshdagilarning o‘zi mamlakatimizda 4 milliondan kam emasligidan dalolat beradi. Xo‘sh, shuncha bola uchun o‘zbek tilida nechta multfilm yaratilgan? Boshqa tillardan qancha tarjima qilingan? Haddan tashqari oz. Bolalarimiz noiloj “YouTube”ga kirib, xorijiy tildagi multfilmlarni ko‘radi. Ularda ham ezgu g‘oyalar ilgari surilgandir. Ammo, afsuski, bolalarimiz o‘zimizniki qolib, o‘zga millat qahramonlari ruhida ulg‘ayadi. Holbuki, rivojlangan davlatlarda multfilm yoshlar ong-tafakkuriga sayqal berishning qulay va ommalashgan turi hisoblanadi.

 

 

Nega g‘oyani singdirish qiyin?

 

Odamlarning fe’l-atvori, ong-tafakkuri, hayotdan ko‘zlagan maqsad-muddaosi, tirikchiligi, ijtimoiy maqomi, jamiyatga munosabati, tarbiyasi har xil bo‘ladi. Biz esa ba’zan mafkura va ma’naviyat masalasida ham aholi ongi, qalbi va xulqi ko‘rsatkichlarini yaratgimiz keladi. O‘zimizcha yaxshi darajali hududlarni “yashil”, o‘rta darajali hududlarni “sariq” va qoniqarsiz darajali hududlarni “qizil” rang bilan ko‘rsatmoqchi ham bo‘lamiz. Yo‘q, ijtimoiy-ma’naviy jabhani xastalikka chalingan fuqarolar soni yoki jinoyat miqdoriga qarab baho berish kabi raqamlarda aks ettirsa bo‘ladigan oson masala hisoblamaylik. Milliy mafkura va ma’naviyat sohasida bu yuzaki yondashuvdan boshqa narsa emas.

 

Ba’zan ijtimoiy-ma’naviy muhitni so‘rovnomalar asosida aniqlamoqchi ham bo‘lamiz. Ishoningki, bu usul asl manzarani ko‘rsatmaydi. Birinchidan, so‘rovnomada muayyan savollargina beriladi. Ikkinchidan, bunda, baribir, aholining juda oz qatlamigina qamrab olinadi. Uchinchidan, odamlarimiz hozircha yuragidagi asl munosabatini ifodalashdan ko‘ra, ko‘proq boshqalar nima deyayotganiga qarab ish ko‘rishga moyilroq.

 

Milliy mafkura va ma’naviyat holatini aniqlashning ko‘p tarmoqli kompleks tizimi ishlashi zarur. Milliy mafkura va ma’naviyat masalasini hayotdan, boringki, siyosat va iqtisodiyotdan ayri, faqat axloq-odob, ma’rifat, madaniyat, adabiyot, san’at debgina tushunadiganlar adashadi. Masalan, bir tumanni olaylik. Iqtisodiy jihatdan u mamlakat va viloyatda qay o‘rinda? Suv, elektr, gaz, yo‘l muammosi qanday darajada hal etilgan? Maktabgacha ta’lim bolalarning necha foizini qamrab olgan? Maktablarning moddiy-texnikaviy bazasi talabga javob beradimi? Ta’lim ko‘rsatkichlari qay darajada? Jinoyatchilik darajasi-chi? Yot oqimlar ta’siriga tushganlar, ehtiyojmand oilalar, ishsizlar qancha? Aholining xalq qabulxonalariga murojaatlarida qaysi masalalar yetakchilik qilyapti?.. Eh-he, sanayversak, adog‘i ko‘rinmaydi. Xo‘sh, bular tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhit darajasini belgilamaydimi?..

 

 

Davlat va xalq birligi

 

Bugun axborot maydonida davlat va xalq o‘rtasini buzishga qarshi oshkora yo pinhona tarzda qattiq kurash ketyapti. Shu maqsadda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanilyapti. Xalqda shunday tasavvur hosil qilinyaptiki, go‘yo davlat ishida ishlayotganlarning bari – o‘g‘ri, kazzob, poraxo‘r. Astag‘firulloh!.. Go‘yoki davlat idoralari xodimlarining ishi faqat mamlakat boyliklarini o‘zlashtirish, xalqni talashdangina iborat bo‘lib qolgan. Holbuki, Mustaqillik bayramida nimani nishonlaymiz o‘zi? Aynan davlatga ega bo‘lganimiznimi? Axir, davlat – xalqning eng katta boyligi emasmi?

 

Muammoga aniqlik kiritib olaylik: davlatni qoralash – boshqa narsa, davlat idoralari xodimlari faoliyatidan norozilik – tamoman boshqa narsa. Yot g‘oya targ‘ibotchilari ko‘pchilikning ana shu ikki nozik tushunchani farqlamasligidan foydalanib, davlat idoralari xodimlari faoliyatini tanqid qilish orqali zimdan davlatning o‘ziga zarba berib, odamlarni unga qarshi qayrashni maqsad qilayotgandek. Nomaqbul harakatlari bilan xalq ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘layotgan davlat xizmatchilari yo‘q emas, albatta. Ammo davlat ularning kasriga qolmasligi kerak.

 

Nima uchun bugun odamlar ijtimoiy muammo yechimini izlab, davlat idoralari, rasmiy ommaviy axborot vositalariga emas, nodavlat OAV, blogerlarga murojaat qilyapti? Nima uchun rasmiy telekanallardan ko‘ra nodavlat telekanallar joylardagi muammolarni ochiq-oshkora ko‘tarib chiqyapti? Nega ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat, Konstitutsiya, qonunlar, farmon-u farmoyishlarga ochiqdan-ochiq provokatsion munosabatlar bo‘lyapti-yu, bunga rasmiy, asosli, mantiqli, professional darajada javob qaytarilmayapti?

 

Huquqiy-demokratik davlatlarda OAVda tuhmat bilan chiqqan shaxs sudda javobgarlikka tortiladi. Mayli, ular o‘z yo‘liga. Yolg‘on, tuhmat, ig‘vo gaplarga o‘z vaqtida javob berilmasa, ya’ni xalqqa oqning oqligi-yu qoraning qoraligi tushuntirilmasa, yot kuchlar ijtimoiy-ma’naviy muhitni bundan battar loyqalataveradi-ku.

 

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deganlaridek, davlat va xalq birligiga erishish har ikki tomonga birdek mas’uliyat yuklaydi. Hozirgi zamon kishisining risoladagidek yashashi uchun nima kerak? Uyingizda suv, elektr, gaz, chiqindi tashish tizimi, internet bo‘lishi; poyabzalingiz loyga botmaydigan ravon yo‘ldan yurishingiz; yaqin atrofingizda bog‘cha, maktab, poliklinika va do‘konlar bo‘lishi lozim. Bular, ta’bir joiz bo‘lsa, davlatning minimal vazifalari sirasiga kiradi. Davlat, hech bo‘lmaganda, ana shularni bajarmasa, odamlar ko‘nglida unga nisbatan tabiiy ravishda norozilik paydo bo‘ladi. Davlat idoralarida o‘tirgan ma’murlarning fuqaro talab va ehtiyojlarini qondirishdagi mas’uliyatsizligi, tamagirligi va boshqa illatlar o‘z-o‘zidan raiyatning aynan davlatdan domangirligiga olib keladi.

 

Demokratik jamiyatda xalq davlatdan norozi nuqtalarini bildirib turadi. Bu talablar qonuniy bo‘lsa, davlat uni bajarishga majbur. Mana, bir muddat avval Chilonzor tumanida ko‘p yillik daraxtlarni kimlarningdir manfaati uchun ayovsiz kesish boshlandi. Aholi norozilik bildirdi. Bu masala darhol Prezident administratsiyasida muhokama qilindi. Jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygani uchun davlat rahbari topshirig‘iga asosan tuman hokimi va prokurori lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun Toshkent shahri hokimi va prokuroriga qattiq hayfsan berildi. Eng muhimi, daraxtlarni kesish to‘xtatildi.

 

Alqissa, xalqning davlatga nisbatan talablarini ifodalash ham OAV, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

 

 

Qonun ustuvorligi – bosh masala

 

Davlat siyosatining joylardagi ijrosi milliy mafkura va ma’naviyat sohasining o‘zak masalalari sirasiga kiradi. Chunki davlat bilan xalq o‘rtasidagi yaqinlik, o‘zaro ishonch, maqsad birligi ko‘p narsani hal qiladi. Xalq davlatga ishonmasa, davlat xalqining qudratli kuchiga tayanmasa, yuksalish bo‘lmasligi xuddi “Ikki karra ikki – to‘rt” degandek ayon gap. Ammo bunga erishish juda-juda qiyin-da! Chunki davlat siyosatining ijrosiga mas’ul kimsalarning bir qismi shu jarayonda o‘z manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yadi.

 

Davlat har bir fuqaroning ish bilan band bo‘lishi, mehnat qilib, ro‘zg‘or yuritishidan manfaatdor. Toma-toma ko‘l bo‘lur, axir. Qilingan har qanday mehnat samarasi mamlakat iqtisodiyotiga hissa bo‘lib qo‘shiladi. Shu kunlarda qishloqlardagi ehtiyojmand, mehnatga layoqatli-yu, ammo ishsiz qolgan aholiga kredit asosida issiqxona qurib berish yo‘lga qo‘yildi. Hovlisida bir sotix issiqxonaga ega kishi ham mehnat qilib, daromad topadi-da. Lekin o‘sha issiqxonani qurib, ko‘chat va o‘g‘it yetkazib beradigan tashkilotlarning ayrim vakillari shu yerdan ham noqonuniy daromad topmoqchi. Xo‘sh, nima qilishadi? Loyihada ko‘rsatilgan 4x4 santimetrli profil o‘rniga 3x3 santimetrli profildan issiqxona ustuxoni yasaladi. Umrida issiqxona bilan shug‘ullanmagan ehtiyojmandning bo‘yniga hujjat asosida 4x4 santimetrli profilning narxi ilinadi. Hech kim borib profilni o‘lchab o‘tirmaydi-ku. Jinoyatmi? Jinoyat!

 

To‘g‘ri, avvaliga hech narsa o‘zgarmagandek tuyular. Ammo qishda ekin ayni gullagan mahalda qattiq shamol turadi-yu issiqxonani tag-tubi bilan ko‘tarib tashlaydi. Agar u 4x4 santimetrli profil bilan yasalganida bo‘ronga ham dosh berar edi. O‘sha bechora kambag‘alning uyi kuydi deyavering. Birinchidan, gardaniga ilingan kreditni to‘lashdan uni endi hech kim ozod qila olmaydi. Ikkinchidan, ekinlarni shu holatga keltirguncha ketgan mablag‘-u shuncha mehnatning kuli ko‘kka sovurildi. Uchinchidan, davlatning maqsadli mablag‘i tamoman yo‘qqa chiqdi. Tamagir ma’murlarning jig‘ildoni sabab bir oilaning qanday mushkulot girdobida qolganini tasavvur qilib ko‘ring! Bu kabi balolardan qutulmas ekanmiz, sog‘lom ma’naviy muhit haqida so‘zlash behuda bo‘lib qolaveradi.

 

 

Shaxsiy qarash va jamoatchilik fikri

 

Har inson shaxsiy fikrga ega bo‘lish huquqiga ega. Mamlakatda million-million kishi yashaydimi, demak, muayyan bir narsa-hodisaga oid million-million fikr mavjud. Tabiiyki, bu fikrlarning ko‘pi bir-biriga qarama-qarshi ham. Ularning to‘g‘ri, adolatli, oqilona, samaralisini aniqlab, el-yurt orasida yoyish milliy mafkura va ma’naviyatning muhim vazifasi hisoblanadi. Buni davlat amalga oshirsa, majburlov qurolini ishga solgan bo‘lib chiqadi. Ana shuning otini “jamoatchilik fikri” deymiz. Bunda masalaga ko‘pchilikning manfaatidan kelib chiqib yondashmoq lozim.

 

Ijtimoiy tarmoqlar shunchalar tomir otdiki, bugun xohlagan fuqaro o‘z fikrini ommaga ochiq-oshkor yoyish huquqi va imkoniga ega. Bu – katta yutuq. Shu tariqa aql rivojlanadi. Fikrni fikrga solishtirish imkoniga ega bo‘lamiz. Hammaning, birinchi galda, davlatning afkor omma bilan hisoblashishiga to‘g‘ri keladi. Lekin jamiyatda maqbul pozitsiyani belgilash noprofessionallar qo‘lida qolib ketmasligi kerak. Hozir ko‘pincha shunday bo‘lyapti ham. Ijtimoiy tarmoqda fikr bildirayotganlarning hammasi ham o‘zi muhokama yuritayotgan soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lavermaydi. Masalaga noprofessional munosabat esa ko‘ngilsizliklarga olib keladi.

 

Mamlakatimiz energetika mas’ullaridan biri aholi elektr energiyasidan katta qarzdor bo‘lib qolgani, bu esa sohaga sarflangan mablag‘ning qoplanmasligiga olib kelayotgani haqida axborot berdi. Internetda arining uyasi kovlandi-ku! Mansabdor “so‘zbo‘ron” qilindi. E’tirozchilar orasida kamina taniydigan, bir vaqtlar mas’ul lavozimda ishlagan kishilar ham bor. Nima emish, ketsa davlatning puli xalqqa ketibdi-da! Ana, xolos! Bu iqtisodiy-siyosiy bilimsizlikdan boshqa narsa emas.

 

Davlat nima? Faoliyati ishlab chiqarish va xizmatlardan tushgan soliqlar asosida shakllantirilgan budjet mablag‘i hisobiga ta’minlanadigan tashkilotlar majmuasi. Elektr ishlab chiqariladigan mahsulot ekani ma’lum. Har qanday ishlab chiqarishga mablag‘ sarflanadi va mahsulot sotilganida o‘sha mablag‘, albatta, foyda bilan qaytishi shart. Aks holda, bu soha o‘sishdan to‘xtaydi. Agar elektr tokini ham bydjet hisobidan to‘lash tizimi joriy etilsa, davlat o‘z konstitutsiyaviy funksiyalarining bir qismini bajarishga mablag‘ topolmay qoladi-ku.

 

Yana ayrim yurtdoshlarimiz haligacha davlat ishxona yaratib berishi kerak deb hisoblaydi. Holbuki, bugungi siyosat ishlab chiqarishda davlatning ulushini tobora kamaytirishga qaratilgan. Demak, bular – bir-biriga tamoman zid tushunchalar. Xalqqa masalaning mohiyatini obdan va asosli tarzda tushuntirish ham ma’naviyat, hatto mafkura vazifasidir.

 

 

Mehnat, mehnat va   yana mehnat

 

Nega an’anaviy OAV ijtimoiy tarmoqlar olib chiqayotgan dolzarb mavzularni ko‘tarmaydi? Hamma masalada bahs-munozara qilish shart emasdir. Lekin dolzarb masalalar xususidagi to‘g‘ri, haqqoniy va oqilona fikrni xalq gazeta, jurnal, radio-televideniyedan olsin-da.

 

Mayli, bahs-munozaralisini qo‘yaturaylik, boshqa “silliq” mavzularda ham ijtimoiy tarmoq peshqadamlik qilayotgan joylar bor. Deylik, husayniy uzumi tokini parvarishlash bo‘yicha an’anaviy axborot vositalaridan pichoqqa ilingulik material topmoq mahol. Bloger esa bog‘bonning oldiga kamera ko‘tarib boradi. Xo‘sh, bu kichik mavzumi? Aslo! Bozor iqtisodiyoti sharoitida tomorqalarimizda hozirgidan necha-necha karra ko‘p va xo‘b uzum yetishtirishimiz, uni jahon bozorida sotishimiz mumkin-ku.

 

Turkiya safarida to‘rt qavatli uy tomida ham tokso‘ri qilinganini ko‘rgan edim. Yerga ekilgan tokni cho‘zib, 12–15 metr balandga olib chiqishgan, meva solib yotibdi. An’anaviy axborot vositalari hayotdan uzoq mavzular bilan mashg‘ul. Vaholanki, xalqni mehnatga undamoq, buning yo‘llarini namuna qilib ko‘rsatmoq lozim. Dunyoda qaysi mamlakat xalqi bizdan boyroq yashayotgan bo‘lsa, albatta, bunga mehnat bilan erishgan. Hatto yer ostidagi tap-tayyor boyliklar ham katta mehnat evaziga qazib olinib, inson ehtiyojiga ishlatiladi.

 

 

Ziyoli mas’uliyati

 

Nega yurtimizning mashhur ziyolilari ijtimoiy tarmoqlarda faol emas? Professional qalamkashlar ko‘p masalalarni “mayda mavzular” deb hisoblashi tabiiy. Bu borada ularni butunlay qoralab ham bo‘lmas, ehtimol. Biroq qurg‘ur mafkura borasida mavzuning katta-kichigi bo‘lmaydi-da. Hozirgi murakkab mafkuraviy va ma’naviy vaziyat ilg‘or ziyolilarimizning nihoyatda faollashishini taqozo etadi. Buning tarixda sinalgan bittagina yo‘li bor: mehnatga munosib haq to‘lash. Mana, keyingi yillarda ilmiy darajaga ega muallimlarga yuqori haq to‘lash joriy etilishi ortidan dissertatsiyalar himoyasi ko‘paydi. Yaxshi haq to‘lamasdan ham odamlardan mehnat talab qilish – bozor iqtisodiyoti tizimi mohiyatiga zid. Sohasi bola-chaqasini boqishga imkon bermayotgan tushkun qalamkashdan jamiyatni olg‘a yetaklash quvvatiga ega nekbinlikni kutmay qo‘yaqoling.

 

Keng omma fikran og‘ishga moyilroq keladi. Demak, ommani rohi rostga yetaklash ziyolilarning asosiy vazifasi bo‘lib qolaveradi. Bitta lokomotiv ko‘plab vagonlarni tortgani singari, munavvarlarimiz ham mamlakat ahlini to‘g‘ri yo‘lga boshlamog‘i shart.

 

Sultonmurod OLIM

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.

“Mafkura maydoni: qaltis savollarga xolis javoblаr kutadi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19356
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16489
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi