“U maxluqni xayolimda ming turga solib, qiynab oʻldirmoqdaman”, “Ularning jinoyati pedofilnikidan kam emas”, “2-3 kundan keyin hamma unutadi” – Toshkentda 12 yoshli qizning oʻldirilganiga jamoatchilik munosabati


Saqlash
16:02 / 03.02.2023 2096 1

Toshkentning Yangihayot tumanida 31-yanvar kuni bedarak yoʻqolgan 12 yoshli qizning jasadi 1-fevralga oʻtar kechasi, taxminan, soat 2:30 larda oʻz uyi yaqinidan topilgani haqidagi xabar soʻnggi kunlardagi asosiy mavzu boʻlib turibdi.

 

Mazkur holat yuzasidan 29 yoshli erkak gumonlanuvchi sifatida ushlangan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “z” bandlari (aybdorga ayon boʻlgan ojiz ahvoldagi shaxsni nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib, gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda qasddan oʻldirish) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bosh prokuratura maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchi shaxs 2022-yilning yozida marhumaning xonadonida yollanma ishchi sifatida taʼmirlash ishlarini amalga oshirgan.

 

 

Ushbu hodisa jamoatchilikning keng muhokamalari va keskin noroziligiga sabab boʻldi. Aksariyat faollar voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralarini yanada kuchaytirish zarurligi haqida fikr bildirmoqda va bunday holatlarning oldini olish borasida amaliy ishlarga oʻtish vaqti kelganini qatʼiy taʼkidlamoqda.

 

Oyina.uz jamoatchilik vakillarining ushbu voqeaga munosabatlarini bir sahifaga jamladi.

 

Telegramdagi “Davletovuz” kanali muallifi, bloger Qobil Xidirov yuz bergan fojia hammani larzaga solganini va mushtipar oila boshiga tushgan ogʻir sinovdan hamma xulosa chiqarishi kerakligi haqida yozdi.

 

 

“Davlat har bir bolaning uyidan maktabga bemalol borib-kelishi, koʻchada qoʻrqmasdan oʻynashi, xavfsiz muhitda oʻsib-ulgʻayishi uchun shart-sharoit yaratishi lozim. Bolaning xavfsizligini ota-onaning boʻyniga yuklash masʼuliyatsizlikdan boshqa narsa emas.

 

Ichki ishlar vazirligi faoliyati qayta koʻrib chiqilishi, siyosiy javobgarlik masalasi kun tartibiga chiqishi, “Xavfsiz shahar” loyihasi taftish qilinishi lozim”.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev esa “millatimizga isnod, bir ota-onaga bir umrlik oʻchmas dogʻ, alamli iztirob boʻlib qoladigan voqeaning aybdori kimlar” degan savolni koʻtargan.

 

“Poytaxtning qoq markazida pedofil 12 yashar qizning zoʻrlab, xoʻrlab oʻldirar ekan hurmatli Ichki ishlari vazirligi va boshqa idoralarga qator savollar paydo boʻlyapti menda. Voqea jamiyatimizning barcha qatlamini chuqur toʻlqinlantirdi, otalar, onalar, bobolar, buvilar qaygʻuga choʻmdi, yurakning chuqur qavatlarida ogʻriqli xavotirlar paydo boʻldi. Oʻzim ham hozir shu kayfiyatdaman.

 

Millatimizga isnod, bir ota-onaga bir umrlik oʻchmas dogʻ, alamli iztirob boʻlib qoladigan voqeaning aybdori kimlar? Qonunchilikda aybdorni jazolash choralarini yanayam kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgarishlar kerakmi? Biz bunga kirishamiz, qonunchilikda belgilangan eng ogʻir jazo turini belgilash boʻyicha ishlaymiz. Bu haqda gap-soʻz boʻlishi mumkinmas.

 

Men faqatgina bitta, mana shu normaga eʼtibor qaratish bilan cheklanmay, boshqa qonunlarimiz, xususan, taʼlim-tarbiyaga oid qonun va qonunosti hujjatlarni kompleks qayta koʻrib chiqish tarafdoriman. Biz bolalarimizni begona, yovuz niyatli kishilardan ehtiyot boʻlishga oʻrgatishimiz shart.

 

Voqeaning xronologiyasiga qaralsa, vaziyat taʼlim va tarbiyaga masʼullar, yaʼni, ota-ona hamda taʼlim tashkiloti vakillariga jiddiy eʼtirozlar uygʻonadi. Biz bolaga begona kishilar bilan qanday muomala qilishni oʻrgatishimiz kerak. Bu haqda uyda, maktabda aytilishi, uqtirilishi kerak. Aks holda pedofillar qoʻlga tushmaslik uchun oʻz nishonini oʻldirishda, xoʻrlashda, qiynashda davom etadi”.

 

Blogerlar Shahnoza Soatova va Bahodir Ahmedov pedofiliya boʻyicha qonundagi jazolar unchalik qattiq emasligini aytib, uni kuchaytirish kerakligi haqida fikr bildirdi.

 

 

“Pedofiliyaga qonunchilikda javobgarlik belgilangan. Biroq bizga yanayam jiddiy choralar, jinoyatning oldini olish mexanizmlari kerak. Reyestr, kimyoviy kastratsiya, risk guruhlari bilan maqsadli ishlashni kuchaytirish va hokazo.

 

Voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilganlar amnistiyaga tushmasligi haqida qonun loyihasi bor, jamoatchilik muhokamasi yakunlangan. Shuni Parlament muhokamasini tezlashtirish kerak. Deputatlarimiz va senatorlarimizdan iltimos: shu loyihaga yanada jiddiyroq qarasinlar”, – deb yozgan Soatova.

 

“Shahnoza opa pedofiliya boʻyicha bizda qonundagi jazolar unchalik qattiq emasligini aytmoqda. Bu fikrga qoʻshilaman. JK 118-modda doirasida sanksiya maksimumi 20 yilgacha deb belgilangan. Eng ogʻir jazo sanalmish umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ikkita modda JK 97-modda 2-qismi (ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish) va JK 155-modda 3-qism (terroristik harakatlar odam oʻlishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelsa) beriladi.

 

Men umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga ayrim jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarning ogʻirlashtiruvchi holatlari (xususan voyaga yetmaganlarga nisbatan) bandi ham qoʻshilishi tarafdoriman. Liberallik degani barcha jinoyatlarga yengillik berish degani emas. Shafqatsiz jinoyatlarga mutanosib jazo berilishi hamdir.

 

Mana bu masalada jinoiy ishi qoʻzgʻatishda JK 97-modda 2-qismi ham mavjud ekan. Soʻnggi soʻzni sud aytadi”, – degan bloger va huquqshunos Bahodir Ahmedov.

 

Jamoatchilik bu voqeaning ham avvalgilari kabi tezda unutilib ketilishidan xavotirda va tezroq amaliy ishlarga oʻtishni soʻramoqda.

 

Inobat Ahatova,
jurnalist

 

 

Jamiyat, har qaysi insonni qalqitib, yuragini zirqiratib yuboradigan xabar. Ijtimoiy tarmoq pedofiliyaga jazoni kuchaytirish, pedofilga umrbod qamoq yoki oʻlim jazosi berishni soʻrayapti. Bunga hozircha qonunchilik yoʻl qoʻymaydi. Oʻzbekistonda oʻlim jazosi ham, umrbod qamoq ham yoʻq, qonunlarimiz insonparvar. Lekin, har qanday rahm-shafqatli inson ham norasidani zoʻrlab, oʻldirgan pedofilni kechira olmaydi.

 

Menga qolsa, faqat pedofilni emas, uni oqlayotganlar, ota-onani, “hijobsiz edi” deya qizaloqning oʻzini ayblab oʻtirgan zombilarni ham jazolash kerak. Ularning jinoyati pedofilnikidan kam emas. Ular jaholat, razillikning advokati, jamiyat uchun xavfli toʻdalardir.

 

Eng alam qilarlisi, 3-4 kun, uzogʻi bir haftada bu voqea ham unutiladi. Pedofiliya bilan kurashish, uni oldini olish masalasi yana bir norasida nobud boʻlgunga qadar eslanmaydi. Bu safar qizcha oʻlgani uchun vaziyatga keskin munosabat bildirilayotgandek. Aksariyat holatlarda zoʻravonlikka uchragan qizlar, ayollarga bizning jamiyat har doim ham xayrixoh qarayvermaydi. Oʻzidan ham oʻtgandir, gʻunajin koʻzini suzmasa... qabilidagi gaplar bilan kutib olishadi. Baʼzan ishlar bosti-bosti boʻlib ketadi, baʼzan esa hech kimga aytilmay, butun umrlik yaraga aylanadi. Bu klishelarni oʻzgartirish vaqti keldi.

 

Afsuski, ayni shu masalalarni oldini olishga bevosita masʼul tashkilotlarimizning ahvoli abgor. Budjetdan milliardlab pul olinib boʻlar-boʻlmas tadbirlarga sarflanadi. Zoʻravonlikka duch kelganda ham fokusni muammo ildizini oʻrganish, oldini olishga emas, yopdi-yopdi qilishga kirishadi. Qarashlarni, qarichlarni, mezonlarni oʻzgartirish kerak!

 

Yaqinda AQSh elchixonasining ayol va qizlar uchun oʻz-oʻzini himoya qilish mashgʻulotlariga qabul eʼloniga koʻzim tushdi. 500 nafar xotin-qizlarga oʻzini himoya qilish, bundan tashqari nizolarni hal etish, stressdan qutilish, ochiq muloqot qila olish koʻnikmalari bepul oʻrgatilarkan. Bu real ish, 500 insonning hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan loyiha. Chet elliklar, oʻz mablagʻiga qilyapti buni. Oʻzimizni tashkilotlar quruq gapdan boshqasiga yaramaydi. Qizlarimizni oʻzini himoya qilishga oʻrgatish kimga koʻproq kerak oʻzi, ulargami, bizgami?!

 

Bir ochilib, bir yopilib, bir qoʻshilib, bir ajralib yurgan xotin-qizlar qoʻmitasidan (endilikda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida) koʻpchilikning hafsalasi pir boʻlib boʻlgan.

 

Yoshlar siyosatiga bevosita masʼul tuzilma boʻlgan Yoshlar ishlari agentligi ham bu borada biror tayinli ish qila olgani yoʻq. Ular faqat motivatsion loyihalar, iqtidorli yoshlar bilan ishlash bilan band. Toʻgʻri, bu ishlardan “ochko” olish, mana natija deb tepaga yoqish oson. Muammolar, yoshlar, qizlar uchun real xavflarni bartaraf etish, kamaytirish-chi? Bular haqida kim oʻylaydi? Pedofiliya, onlayn qimor, sintetik dorilarga qaramlik... Qancha ogʻriqlar, yaralar bor yoshlar orasida. Ularni tuzatish, davolash, oldini olishni kim oʻylaydi? Oʻzingiz uddalay olmasangiz, ana mustaqil grantlar eʼlon qiling. Tahlilchilar oʻtirib ishlasin, faollar muammoga jamiyat eʼtiborini qaratsin, real takliflar tutsin qoʻlingizga.

 

Xullas, qizaloqning oʻlimini unutmaylik, boshqa singillarimiz boshiga bunaqa kunlar tushmasligi uchun NIMADIR qilaylik!

 

Sharofiddin Toʻlaganov,
jurnalist

 

 

Fojia muhokama qilinar ekan, koʻpchilik aybdorga nisbatan oʻlim jazosi berilishi, umuman Jinoyat Kodeksiga oʻlim jazosi kiritilishi kerakligi yuzasidan oʻz takliflarini bermoqda. Yaxshi taklif. Ammo yana bir tomoni bor: Jinoyatchi(lar) osongina oʻlib ketaveradimi? Menimcha, unga nisbatan boshqacha – keskin jazo qoʻllanilishi kerak. Ularga nisbatan jamiyatda nafrat paydo boʻlishi kerak. Masalan, deylik, kastratsiya degan jazoni qoʻllash mumkin. Ammo eng katta jazo, odamlarning ularga nisbatan nafrati.

 

Irina Matviyenko,
NeMolchi.uz (Sukut Saqlama) loyihasi asoschisi

 

 

Afsuski, bu hodisani ham “eri yoqib oʻldirgan homilador ayol, qaynonasi pichoqlab oʻldirgan kelin, qaynotasi oʻldirib, boshini uzib olgan kelin, otasi tomonidan kaltaklab oʻldirilgan qiz” voqealari kabi 2-3 kundan keyin hamma unutadi. Uzogʻi bilan 1 hafta. Maʼlum vaqt oʻtgach, jinoyatchiga hukm chiqariladi va jamiyat bu mavzuni yana bir necha kun muhokama qiladi. Tamom.

 

Vaholanki bu voqealar bir zanjirning boʻgʻinlaridir. U gender zoʻravonlik deb ataladi. Ayollar ayol boʻlgani uchun zoʻrlanadi. Ayollar ayol boʻlgani uchun oʻldiriladi. Gender asosidagi zoʻravonlik nafaqat qotillik va zoʻrlashda namoyon boʻladi. Bu tegajogʻlik ham. Yoki ayollar kamsitiladigan tok-shou, unda ayollar bozordagi tovardek qadrlanadi.

 

Genderga asoslangan zoʻravonlik meʼyor deb hisoblangan jamiyatda chegaralarni yoʻq qilish juda oson. Zoʻravonlikka bardoshli muhit yuqorida tavsiflangan voqealar ustiga quriladi. Shuning uchun har bir gender zoʻravonlik holati ahamiyatli. Ammo afsuski, jamiyat faollashishi uchun dahshatli voqealar yuz berishi kerak.

 

Hatto Xotin-qizlar qoʻmitasi ham munosabat bildiribdi, vaholanki avvallari ular bunday holatda mum tishlab oʻtirardi. Ular nima maslahat berishganini bilasizmi? Ota-onalar farzandlarini maktabdan kutib olishlari kerak ekan. Yana ota-onalar bilvosita aybdormi? Men dahshatli voqealarga javoban reaktiv harakatlar emas, balki kompleks yondashuvni soʻragan boʻlardim.

 

Aziza Qurbonova,
jurnalist

 

 

Sen qoʻlingda 40 kunlik qizalogʻing bitta kulib qoʻyganiga kun boʻyi xursand yashaysan… Qayerdadir bir ona 12 yoshli norasida qizalogʻini bir iflos pedofilni deb ming dahshat ichra yoʻqotadi…

 

Bu dunyoda pedofillarning iflos ishlariga mos jazo bormikin, men bilmayman, bilmayman. Oʻlim ham kam.

 

...

 

Sovuq aql bilan aytganda, men doim oʻlim jazosiga qarshi chiqqanman. Ayniqsa, sud-huquq tizimi kuchli, mustaqil va aniq ishlamagan joyda insondan yashash huquqini olib qoʻyish xavfli. Yolgʻon guvohlik, soxta dalillar, tuhmat va uyushtirishlar bilan begunoh odamlar ham ogʻir jazoga tortilib ketish ehtimoli bor. Ogʻir jazo-oʻlim hukmi ijro etilgach, agar mabodo, dalillar yangilansa-yu mahkum aybsizligi isbotlanib oqlansa, uni ortga qaytarish ilojsiz.

 

“Yashil milya” filmini eslashning oʻzi kifoya.

 

Ha, alamli, lekin shunday. Ehtimolli begunohlarni asrash yoʻlida aniq jinoyatchilar ham yashab qoladi.

 

Hasan Toshxoʻjayev,
jurnalist

 

Istaymizmi-yoʻqmi, bunday vaziyatda har birimizda cheksiz nafrat junbishga keladi. Istaymizmi-yoʻqmi, bunday vaziyatda aql bizni tark etib, jahlning, jaholatning ilkiga tushamiz...

 

Men Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va tuzatish kiritish jarayonida oʻlim jazosini bolalarga jinsiy tajovuz qilganlik va boshqa shu kabi jinoyatlarni sodir etganlar uchun tiklashni soʻrayman. Toki pedofillar va hayvoniy istagi qurbonlari qiladigan ishining oqibatini chuqurroq oʻylab koʻrsinlar.

 

Gulbahor Saidgʻaniyeva,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

 

Bu voqea vatanimizdagi hech bir kishini befarq qoldirmasin! Zero, bu birinchisi emas!

 

Yaqin-yaqingacha Oʻzbekistonda kecha-yu kunduz xavfsiz yurish mumkin deb oʻylardim. Hozir esa har kuni turli sovuq xabarlarni oʻqiyverib, haqiqatda jiddiy chora-tadbirlar koʻrish kerak deb oʻyladim. Tong gʻira-shirasida, shom qorongʻisida ishga, oʻqishga ketayotgan, qaytayotgan ayollar, yosh qizchalarni koʻp koʻraman. Ichimda ilohim xavfsiz borib qaytsin deb qoʻyaman.

 

Lekin mana bu voqea kuppa-kunduzi roʻy bermoqda. Demak, 12 yosh qizni olib ketib, zoʻrlab, oʻldirish uchun jinoyatchi hech narsadan qoʻrqmayapti! Demak, jinoyat oqibatlari uncha xavfli emas deb biladi.

 

Bu kabi holatlarga jinoiy javobgarlikni oshirish zarur. Oqibatidan qoʻrqsagina, mudhish xatti-harakatdan oʻzini tiyadi. Qonunchiligimizda bundaylarga shafqat boʻlmasligi kerak.

 

Baxtiyor Sheraliyev,
olim

 

 

12 yoshli qizaloq voqeasidan hanuzgacha oʻzimga kela olmayapman. Chunki, men ham qiz farzand oʻstirmoqdaman. Nobud boʻlgan qizaloq ota-onasining holatini hozir hatto tasavvur ham qila olmayapman. Ichimda alam, nafrat, qaygʻu bir boʻlib, gʻalati tushunarsiz hissiyotni uygʻotmoqda, u maxluqni xayolimda ming turga solib, qiynab oʻldirmoqdaman.

 

Bu chindan ham ulkan fojia, butun boshli bir oilaning fojiasi. Endi u oilaning hayoti hech qachon avvalgidek boʻlmaydi. Bu azob u oila vakillarini hali beri bir necha oʻn yilliklarda ham qiynaydi.

 

Jabrdiydalarga bunday holatda nima deb tasalli berishni ham bilmaysan kishi. Bir farzandni shu yoshgacha yetkazish osonmi? Ey Xudo, bu kunni hech bir ota-ona boshiga solma.

 

Jamiyatda bir muammo yuzaga kelar ekan, har doim uning keltirib chiqaruvchi omillari va oʻsha muammoning yechimlari boʻladi. Yana bir bor har doim taʼkidlaydigan narsani shu oʻrinda taʼkidlamoqchiman. Bizga sotsiologlar kerak, ular ayni vaqtda suv va havodek zarur. Nega? Chunki Markaziy Osiyoda bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holatlarining koʻlami noaniqligi boʻyicha dunyoda peshqadam hisoblanadi. Biz jamiyatda qancha qiz va oʻgʻil hayoti davomida jinsiy zoʻravonlikka yuz tutishini, zoʻravonlik asosan kimlar tomonidan sodir etilishini odatda bilmaymiz. Ota-onalar bolalarni nimalardan himoya qilishi kerakligini aniq bilmaydi. Nega? Chunki bu yoʻnalishlarda deyarli hech qanday ilmiy tadqiqotlar yoʻq.

 

Eʼtiboringizni quyidagi statistikaga qaratmoqchiman, Hindistonda jinsiy zoʻravonlikka uchragan bolalarning 96 foizi oʻz zoʻravonini avvaldan tanigan, ular oila aʼzolari, qoʻshnilari yoki doʻstlari boʻlgan. AQSHda ham shunga oʻxshash koʻrsatkich, yaʼni 93 foiz zoʻrlangan bola jinoyatchini avvaldan tanigan. Ularning 34 foizi oila aʼzolari boʻlgan, 59 foizi esa eski tanishlari boʻlgan. Faqatgina 7 foiz holatda bola mutlaqo notanish odam tomonidan tajovuzga uchragan. Kambodjada esa jinsiy zoʻravonlikka uchragan har uch boladan bittasi zoʻravon oila aʼzosi boʻlganini aytgan. Umumiy holatda bola asosan oʻzi avvaldan tanigan odam tomonidan zoʻrlangani aniqlangan.

 

Bundan qanday xulosa qilish kerak? 12 yoshli qizaloq keysida ham men oʻqigan maʼlumotga koʻra, jinoyatchi qizaloqni avvaldan tanigan, uning uylarida qanchadir avval usta boʻlib ishlagan. Yuqori ehtimollik bilan qizaloq ham u maxluqni avvaldan tanigan. Hozir aniq bir narsa ayta olmayman (chunki oʻrganilmaganidan keyin ilmiy asoslar ham mavjud emas), lekin fikrimcha qizaloq bu maxluq tomonidan ilk marotaba zoʻrlanmagan. Jismoniy zoʻrlash boʻlmasa ham, bu harakat ancha avval boshlangan boʻlishi kerak.

 

Bu oʻrinda nima qilish kerak? Bolalarga jinsiy tarbiya berishimiz kerak, lozim, shart! Jinsiy tarbiya bu koʻpchilik oʻylaydigan toʻgʻridan toʻgʻri jinsiy akt emas. Bola hali uning qayerlari intim organlar va uning hududi ekanligini toʻliq bilmaydi. Unga intim organlarni tushuntirish, ularga nafaqat begonalar, oila aʼzolari, akasi, ukasi, amakivachchasi, xolavachchasi va hokazolar ham tegishi mumkin emasligi, shunday boʻlib qolganda, darhol ota-onasiga xabar berishini oʻrgatishimiz kerak. Bola erkalash va jinsiy tajovuz avvalidagi xirsiy quchoq farqini bilishi kerak. Shunday boʻlib qolganda nima qilish kerakligini bilishi kerak.

 

Odatda jinsiy tajovuz verbal koʻrinishda boshlanadi. Bunday narsalarni bolalar qanday tushunadi, unga nisbatan shunday qilinganda nima qilishi kerakligini bilmaydi. Agar biz bolalarimizga mana shu kabi elementar narsalarni ular bolaligidan oʻrgatsak, balki yuqoridagidek jinoyatlarning aqalli bir foizini boʻlsa ham oldini olishga erisharmidik.

 

Xullas, bolalarimizni oʻzimiz ehtiyot qilishimiz kerak boʻlgan davrda yashayapmiz. Nafaqat qizlarimizni, oʻgʻil bolalarni ham ehtiyot qilish kerak. Oʻgʻil bolalarning zoʻrlanish holati qizlarnikidan kam emas, shunchaki bizda bu borada hech qanday tadqiqotlar, statistika yoʻqligi uchun bilmaymiz. Aslida togʻdek aysberg peshonamizda turgan boʻlishi ham mumkin.

1 Izoh

Кодирова Угилхон Сотиболдиевна

06:01 / 01.01.1970

Жамиятда бу инсонлар куп,Ким кафил беради Яна бундай холат булмайди деб,Чортокда укувчини мактабдан олиб чикиб анхорга ташлаши,12 ёшли кизалокни бу холати,ха конунчиликда узгартириш критиш лозим,кизалокни оиласига аллох сабир барсин

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19459
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16841
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi