Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni targʻib etuvchi videoroliklar tanlovi

14:11 / 20.11.2023 1563
Saqlash

IIV tomonidan jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni targʻib etuvchi videoroliklar tanlovi oʻtkazilmoqda.

Tanlovga materiallar 2023-yilning 30-noyabr kuniga qadar Telegramdagi “iiv_tanlov_antikor” manzili orqali yuboriladi.

Tanlovga materiallar kompakt-disk yoki boshqa elektron tashuvchi moslamalar orqali Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti joylashgan Toshkent shahri, Yunus Rajabiy koʻchasi, 1-uy manziliga (pochta 100029) bevosita taqdim etilishi mumkin. Materiallarning boshqacha koʻrinishda taqdim etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tanlovda ishtirok etish uchun ishtirokchilar tomonidan quyidagilar taqdim etilishi lozim:

- ishtirokchining fuqarolik pasporti (ID-kartasining) yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;

- bogʻlanish uchun telefon raqami;

Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda tanlov uchun taqdim etilgan materiallardan Ichki ishlar vazirligi kelgusida mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish va uning profilaktikasini taʼminlashda targʻibot materiallari sifatida videorolik muallifining roziligisiz foydalanish mumkinligi qayd etiladi.

Tanlovga taqdim etilgan barcha turdagi materiallar muallifga qaytarilmaydi.

Tanlovga taqdim etilgan materiallarni baholash tartibi quyidagicha:

Respublika ishchi guruh tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan materiallarni 10 kun davomida koʻrib chiqib, quyidagi mezonlar asosida 100 balli tizimda baholaydi:

videoroliklarda korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olishga targʻib qiluvchi hamda aholini ogohlikka chaqiruvchi gʻoyalarni aks ettirganligi uchun – 10 ballgacha;

videoroliklarda mehnatsevarlik va halollik kabi gʻoyalarni aks ettirganligi uchun – 10 ballgacha;

videoroliklarda ijodiy (kreativ) yondashuv uchun – 10 ballgacha;

videoroliklarda tasviriy yechimdan foydalanish mahorati uchun – 10 ballgacha;

videoroliklarda grafik tasvirlaridan foydalanganligi uchun – 10 balgacha;

videoroliklarda odob va axloq normalariga rioya etilganligi uchun – 10 ballgacha.

Videoroliklarda korrupsiyaga oid jinoyatlarni oldini olish borasida

ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlarning aks etganligi uchun – 20 ballgacha;

videoroliklar ommabopligi uchun – 20 ballgacha.

Har bir nominatsiya boʻyicha baholash mezonlariga muvofiq, eng koʻp ball toʻplagan ishtirokchi tanlov gʻolibi hisoblanadi. Baholash mezonlari asosida ishtirokchilarning olgan ballari teng boʻlganda ularning tanlovga taqdim etgan videoroliklari soniga qaraladi. Tanlov gʻoliblarini aniqlash borasidagi ishlar natijasi boʻyicha respublika ishchi guruhining bayonnoma shaklidagi qarori qabul qilinadi.

Tanlov gʻoliblari “Eng yaxshi videorolik” nominatsiyasi boʻyicha quyidagicha taqdirlanadi:

birinchi oʻrin – diplom va noutbuk;

ikkinchi oʻrin – diplom va planshet;

uchinchi oʻrin – diplom va 32 dyuymli televizor.

Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha respublika ishchi guruhining qaroriga muvofiq, tanlovda qoʻshimcha nominatsiyalar joriy etilib, gʻolib va sovrindorlar aniqlanishi mumkin.

Tanlovga taqdim etilgan materiallarning eng saralari Vazirlik Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi tomonidan Vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari va sahifalari orqali namoyish etiladi.

Tanlov gʻoliblari 9-dekabr – “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” arafasida tantanali ravishda taqdirlanadi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

Tanlovning Tartibiga rioya qilmagan ishtirokchilar respublika ishchi guruhining qarori bilan tanlovdan chetlashtiriladi.

Tanlov qoidalariga zaruratga koʻra, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish mumkin. Bunday holatda oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida ishtirokchilar oldindan ogohlantiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish