Konstitutsiya – mamlakat taraqqiyoti va fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevori


Har yili 8-dekabr yurtimizda keng nishonlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni – nafaqat yuridik hujjat qabul qilingan sana, balki mustaqillikning mustahkam poydevori, davlatimizning eng oliy qadriyatlari mujassam hujjat hayotga kirgan tarixiy kun sifatida alohida ahamiyatga ega.


Konstitutsiya – Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz barqarorligi, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladigan Bosh qomusdir. Unda davlat boshqaruvi tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga doir eng muhim qoidalar o‘z aksini topgan. 


Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar va modernizatsiya jarayonlarining barchasi Konstitutsiyada belgilangan prinsiplar asosida olib borilmoqda. Xususan, inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish, adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish borasidagi amaliy natijalar Konstitutsiyamizning hayotiyligini yaqqol namoyon etmoqda.


Konstitutsiya bayrami – nafaqat huquqshunoslar, davlat xizmatchilari, balki butun xalqimiz uchun qadrli sanadir. Zero, unda mamlakatning kelajagi, jamiyatning ertangi kuni, har bir fuqaroning huquq va burchlari aniq belgilab berilgan. Bugun Asosiy Qonunimiz nafaqat hujjat, balki taraqqiyot yo‘limizning bosh mezoni sifatida hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda.
Ushbu qutlug‘ kunda har birimiz Konstitutsiyada belgilangan fuqarolik burchlarimizga mas’uliyat bilan yondashishimiz, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishimiz lozim. Chunki kuchli davlat va farovon jamiyat aynan qonun ustuvorligi, tinchlik, totuvlik va birlashgan xalq harakati orqali barpo etiladi.


Ushbu sana barcha yurtdoshlarimizni birlikka, vatanparvarlikka, qonunlarga hurmat ruhida yashashga chorlaydi.


Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 
Chilonzor tuman bo‘limi bosh mutaxassisi
Nuriddin NE’MATOV

//