100 nafar ekspert Prezident Shavkat Mirziyoyevning 15 ta muhim islohotini aniqlab berdi

18:07 / 23.07.2021 2649

"Yuksalish" umummilliy harakati so‘nggi besh yilda mamlakat hayotida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan, eng samarali tashabbus hamda islohotlarni aniqlash uchun navbatdagi ekspertlik so‘rovini o‘tkazdi.

Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston yetakchisining eng muhim islohoti bu — Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining o‘rnatilgani, chegaralar ochilgani va nazorat punktlari tashkil etilgani, Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgani (96 ta ovoz).

Islohotlar ro‘yxatining keyingi o‘rinlaridan quyidagilar joy oldi:

2. Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilishi;
3. Davlat xizmatlari tizimining rivojlantirilishi, Davlat xizmatlari markazlarining ishga tushirilishi, ortiqcha byurokratiyaga barham berilishi;
4. Turizmni rivojlantirish doirasida 90 mamlakat uchun vizasiz rejim, 48 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tranzit rejimi joriy etilishi;
5. Inson huquqlari kafolatlarining kuchaytirilishi, majburiy mehnat, shu jumladan bolalar mehnatining tugatilishi;
6. Aholi murojaatlari bilan ishlash va davlat organlarining ochiqligi bo‘yicha yangi tizimning joriy etilishi;
7. Media muhitning kengaytirilishi: OAVlarning jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlar qabul qilinishidagi rolining oshirilishi;
8. Gender siyosatini yangi bosqichga olib chiqilganligi, xususan Respublika Gender komissiyasining tashkil etilishi;
9. Oliy ta’lim tizimining rivojlantirilishi: universitetlarga qabul kvotalarining oshirilishi, milliy va xorijiy OTMlar filiallarining ochilishi;
10. Tadbirkorlik muhiti yaxshilanishi, xususan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va uni yuritish bo‘yicha jarayonlar soddalashtirilishi;
11. Kambag‘allikning rasmiy darajada tan olinganligi va uni qisqartirish bo‘yicha kompleks yondashuv shakllantirilishi;
12. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy va institutsional o‘zgarishlarning amalga oshirilishi;
13. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etilishi;
14. O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri 15 yil davomida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolikni qabul qilish tartibining joriy etilishi;
15. Orol dengizining suvi qurigan tubida o‘rmon barpo qilinishi. BMT qoshida Orol dengizi mintaqasida Inson xavfsizligi bo‘yicha Trast fondining ishga tushirilishi, BMT Bosh assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi.

Global so‘rovda taniqli xorijiy ekspertlar, jumladan, Fransiya tashqi siyosat markazi prezidenti Faben Baussart, Xolon texnologiya universiteti prezidenti Eduard Yakubov, Vaseda universitetining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh tadqiqotchisi Naoki Nixey, Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanat Kushkumbayev, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne, Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi mintaqaviy direktori o‘rinbosari Erik Xonts, "Amerika ovozi" muxbiri Navbahor Imomova, "The Guardian", "The Economist", "Independent Newspaper" nashrlari muxbiri Joanna Lillis, "Mintaqaviy muloqot" xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever, London va Dubayning "Diplomat Business Club" ishbilarmonlik klubi raisi Mansur Malik va boshqa qator mamlakatlarning davlat va jamoat arboblari ishtirok etgan.