Muallif::
Sirojiddin SayyidSana::
2021Janr:
Nazm
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida Yangi O‘zbekistonimizning taraqqiyoti haqida gapirib: “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”, – degan so‘zlarni alohida ta’kidlagan edi.
Bu jarayonda shoir va yozuvchilarimiz zimmasidagi vazifalar nimadan iborat, adiblar bunyodkor xalqimizga kamarbasta bo‘lish, o‘sib kelayotgan yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish uchun qanday faoliyat olib borish zarur? Prezidentimiz muborak nomlarini sanagan buyuk ajdodlarimiz ilm-fan va adabiyot namoyandalaridir. Insoniyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan allomalarimiz faoliyatiga nazar tashlashning zamirida qanday ishoralar borligini bugunning ijodkori yurak-yurakdan his etganida o‘zining jamiyatdagi o‘rnini qanday baholaydi?
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning yangi kitobida mana shunday muhim va dolzarb adabiy-ijtimoiy masalalarga e’tibor qaratilgan. O‘quvchilarga “Shoir va zamon” turkumida taqdim etilayotgan mazkur kitob ikki bo‘limdan iborat. “Ogohlik talqini” sarlavhasi ostida yangi she’rlar, “Vatanni sevish kerak” deb nomlangan bo‘limda esa maqolalar, suhbat va munosabatlar jamlangan.
Kitob mutolaasi davomida o‘quvchilar zamonamiz qahramonlarining ibratli faoliyati, ichki kechinmalari, orzu-niyatlari bilan tanishadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tub islohotlar badiiy talqin etilgani, voqealar, holatlar jonli va hayotiy misollar, haroratli so‘zlar vositasida tasvirlangani tufayli asarlar kitobxonlar yuragida xalqqa va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Kitobning butun mazmun-mundarijasi ichra bo‘y ko‘rsatib turgan bosh qahramonning bedor va behalovat yuragining “yo‘l xaritasi” esa o‘quvchini sehrli hayratu hayajonlarga oshno etadi. Zamon ruhi ijodkor yuragida jo‘sh ursa va uning asarlarida aks etsa, nur ustiga nur bo‘ladi. “Ayo shoir, eling aytar: baloni so‘z bilan qaytar”, deydi shoir va siz bu so‘zlarning chin yurakdan aytilganiga imon keltirasiz.
“Adabiyot – xalqning yuragi” degan hikmatli so‘zda ana shunday yuksak g‘oya va ezgu niyat mujassam, deb bilamiz.
Aziz o‘quvchi, sizning ham yuragingiz bugungi zamonamiz ruhiga hamnafas, adabiyotga hamohang urib turganiga sidqidildan ishonamiz.
//
Izoh yo‘q