Oʻzbekiston shaxmat olimpiadasida Slovakiyani magʻlub etdi

Saqlash
12:08 / 03.08.2022 808 0

Chennay shahrida (Hindiston) oʻtkazilayotgan 44-shaxmat olimpiadasining beshinchi turida Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi Slovakiyani magʻlubiyatga uchratdi. 2-avgust kuni boʻlib oʻtgan uchrashuv 4:0 hisobida yakunlandi.

 

Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (2688) bahs boshlanishi bilan tashabbusni oʻz qoʻliga oldi va tezda Jergus Pechakni (2594) magʻlubiyatga uchratdi.

 

Nodirbek Yakubbayev (2620) Viktor Gazik (2544) ustidan va Javohir Sindarov (2629) esa Yuray Druska (2519) ustidan gʻalaba qozondi.

 

Yakuniy bahsda Jahongir Vohidov (2564) Kristofer Repkani magʻlub etib, terma jamoaning ishonchli gʻalabasini taʼminladi.

 

Foto: chess-results.com.

 

Beshinchi tur yakunlariga koʻra, 9 ochko toʻplagan Oʻzbekiston termasi 188 ta jamoa ishtirok etayotgan turnir jadvalida uchinchi pogʻonaga koʻtarilib oldi. Keyingi turda shaxmatchilar 4-oʻrinni egallab turgan hindistonlik raqiblari bilan toʻqnash kelishadi. Hindiston jamoasi avvalgi turlarda Zimbabve (4:0), Moldova (3,5:0,5), Gretsiya (3:1), Ruminiya (2,5:1,5) termalarini magʻlubiyatga uchratgan va Fransiya (2:2) bilan durang oʻynagan.

 

 

Shuningdek, tezkor shaxmat boʻyicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov beshta turda birinchi boʻlib 100 foizlik natijaga erishgan olimpiadaning samarali oʻyinchilaridan biriga aylandi. Oʻzbekistonlik 17 yoshli shaxmatchi Hindiston-2 jamoasi vakili 16 yoshli Gukesh Dommaradju, qozogʻistonlik 18 yoshli Nogerbek Kazibek, shuningdek, Hindiston-3 jamoasidan 24 yoshli Pallatur Venkatachalam hamda 20 yoshli germaniyalik Yana Shnayder bilan birgalikda beshta uchrashuvda beshta gʻalaba qozonib, 100 foizlik natija koʻrsatib kelishmoqda.

 

 

Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi vyetnamlik raqiblariga imkoniyatni boy berdi (0,5:3,5). Maftuna Bobomurodova durang oʻynagan boʻlsa, Nilufar YakubbayevaUmida Omonova va Marjona Malikova oʻz partiyalarida magʻlub boʻldi.

 

Terma jamoa 164 ta jamoa ichida 6 ochko bilan 54-oʻrinda bormoqda. Keyingi turda shaxmatchi qizlar Shotlandiya bilan kuch sinashadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish