Surxondaryolik zo‘ravon kuyov voqeasi dunyoga doston bo‘ldi

Saqlash
15:06 / 15.06.2022 866 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi to‘ylardan birida kelin-kuyov o‘rtasida o‘yin o‘tkazilgani va yutqazgan kuyov kelinning boshiga urgani aks etgan video tarqalganidan xabaringiz bor.  

 

Ushbu video nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ham tarqalib, shov-shuv keltirib chiqarmoqda. Jumladan, Vyetnam, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston kabi davlatlar nashrida e’lon qilinib, telekanallarida efirga uzatilgach jamoatchilik tomonidan kuyovning nomaqbul qilig‘i qoralanmoqda.

 

Xususan, telejurnalist va aktrisa Kseniya Sobchak mazkur voqeaga shunday fikr qoldirgan: “O‘zbekistonda kuyov to‘ydagi o‘yinda yutib qo‘ygani uchun kelinning boshiga urgan. Qizning oilaviy hayoti shunday boshlanyapti”. Kseniya Borodina esa: “Qanday sharmanda! Har safar shunday narsa ko‘rsam, bu qizning otasi va akalari qayerda ekanini tushunmay o‘taman. Nega ular bunaqa kuyovni joyiga o‘tqazib qo‘yishmaydi. Dahshat!”, deydi.

 

Taniqli aktrisa Yekaterina Volkova ham “O‘zbekistondagi to‘y. Qayerdaligi muhim emas. Muhimi, bu yigit yopiq eshiklar ortida, mehmonlar to‘la zaldan qo‘rqmagani. U o‘yinda yutqazib qo‘ygani uchun kelinni urgan. Bu oddiy holatmi o‘zi? Bunaqalarga nisbatan men zolimga aylanaman. Urish yaxshi ish emasligini bu ahmoqqa birov o‘rgatmaganmi? Bunaqalarni davolash kerak!” deb izoh qoldirgan.

 

Mazkur hodisani Janubiy Koreya telekanallarida ham ko‘rsatishgan. Xabarda bu yigit o‘yinda yutqazgani uchun umr yo‘ldoshini urgani, aftidan u ko‘cha bezorisi bo‘lsa kerak deya aytiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha psixolog intervyu berarkan, kuyovning omma oldida kelinni urishi – bundan ham  battarini qila olaman, chidasang shu, degan ma’noni bildiradi. To‘ydan so‘ng kuch ishlatish jarayoni kuchayib boradi, deya fikrini yakunlaydi. Mazkur video telekanalning yutub kanaliga qo‘yilgach, 13 soat ichida bir yarim millionta ko‘rildi, 3 mingdan oshiq izohlar yozildi. Izoh egalari bu nikohga qarshi ekanini, er kelgusida hech kim yo‘q joyda xotinini bundan ham qattiq urishi tayin ekanini bildirishgan.

 

 

Germaniyaning mashhur “Bild” nashrida ham bu haqida maqola chiqarilgan. “To‘y marosimida bo‘lib o‘tgan o‘yinda yutgan kelin bundan xursand bo‘ladi, kuyov esa yutqazib qo‘yib jahl bilan kelinni uradi. Kelin muvozanatni saqlab turishga harakat qiladi, ammo boshini xam qilib yig‘lab yuboradi. Mehmonlar jim, kelinning dugonasi uni pastga olib tushib ketadi, kuyov tomon esa gerdayib turishda davom etadi. Do‘sti xattoki tirjayadi va o‘zlarini hech nima bo‘lmagandek tutishadi. Birortasi o‘rnidan turib, kuyovga yarasha javob qaytarmaydi. O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik har kuni non sotib olishday oddiy hol. Shuningdek, ayollarga erning xizmatini qilish, bola boqish va uy yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lish uchun uylanish ham tabiiy hodisa” deyilmoqda xabarda.

 

Mazkur hodisa ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ham qoralanmoqda. Hozircha to‘ydan so‘ng kelin va kuyovning birga yashab ketgani yoki ajrashgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish