Futbol uchrashuvida tosh otgan 47 nafar fuqaro hibsga olindi

Saqlash
20:06 / 14.06.2022 838 0

Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Iroq yoshlar terma jamoalari oʻrtasidagi futbol bellashuvida tosh otgan 47 kishi qoʻlga olindi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, bahsning 12 daqiqasida uchrashuv hakami tomonidan oʻzbekistonlik darvozabon Abduvohid Neʼmatovga qizil kartochka koʻrsatilib, 11 metrlik jarima toʻpi belgilanganda, muxlislar norozi boʻlib, plastmassa suv idishi va stakan, oyoq ostidagi beton parchalarini stadionga uloktirgan.

 

Natijada stadionda fotomuxbir boʻlib xizmat olib borayotgan fuqaro (1992-y.t.) J.S. qorin boʻshligʻidan jarohat olgan. Zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatilgan, uning ahvoli yaxshi boʻlganligi sababli shu kuni kasalxonadan chiqib ketgan. Fuqaro J.S. unga narsa otgan shaxsga nisbatan daʼvosi yoʻqligini maʼlum qilib, ariza yozishdan bosh tortgan.

 

Voqea yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv natijalariga koʻra, ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 47 kishi hibsga olingan. Ularning 6 nafari: (1998-y.t.) A.Faxriddin, (1991-y.t.) T.Sarvar, (1984-y.t.) B.Toʻxtamurod, (2003-y.t.) J.Bexzod, (2002-y.t.) V.Mexroj, (1998-y.t.) X.Abrorlarga sud tomonidan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

 

Bundan tashqari 10 nafar fuqaro 10 sutka maʼmuriy qamoq, 3 nafari jarima jazosiga tortilgan, 28 nafariga nisbatan surishtiruv davom etmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish