Tuproqqal’adagi avtohalokatda jurnalist Said Mahsumov vafot etdi

Saqlash
17:09 / 20.09.2021 902 0

Kecha, 19 sentabr kuni soat 23:35 larda, Xorazm viloyati, Tuproqqal’a tumani, Sarimoy qishlog‘i hududidan o‘tgan "Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida avto to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Natijada to‘rt nafar fuqaro, haydovchi va uch nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan. Ularning orasida 36 yoshli jurnalist Said Mahsumov ham bo‘lgan.

Mazkur YTH yuzasidan Tuproqqal’a tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Said Mahsumov boshqa jurnalistlar bilan birgalikda Nukusda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro baxshi festival-tanlovining yoritilishida qatnashgan. U kechki 9:15 larda hamkasbi Sharofiddin To‘laganovga zarur ishi chiqib qolgani tufayli taksida poytaxtga ketayotgani haqida xabar qilgan.

Said Mahsumov Toshkent viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Uzoq yillar “Ma’rifat” va “Xalq so‘zi” gazetalarida ishlagan.

Oyina.uz jamoasi marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish