Oʻzbekistonlik taniqli dzyudochida doping aniqlandi

Saqlash
15:04 / 08.04.2022 989 0

Dzyudo boʻyicha 2021-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan sportchi Elbek Abdullayevdan musobaqa davrida doping-sinama olingan. Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi +100 kg vazndagi sportchi topshirgan doping-sinamasida taqiqlangan moddalar borligi aniqlandi. Bu haqida Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Taʼkidlanishicha, terma jamoa aʼzosi hisoblangan sportchidan bir emas 4 ta Butunjahon antidoping agentligi tomonidan taqiqlangan roʻyxatga kiritilgan Testosteron, Anastrozol, Boldenon va Oksandrolon moddalari aniqlangan. Ushbu moddalar, ekzogen (tashqaridan organizmga kiritilgan) Anabolik androgen steroidlar hisoblanadi.

 

Sportchi Butunjahon antidoping kodeksi va Oʻzbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida koʻrsatilgan antidoping qoidabuzarligini sodir etgan.

 

Shu bois Elbek Abdullayev 2022-yil 3-mart kuni Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq boʻyicha komissiyasining qaroriga koʻra, 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Diskvalifikatsiya davri 2022-yil 3-martdan 2026-yil 2-martga qadar etib belgilangan.

 

E.Abdullayev diskvalifikatsiya davri tugaganga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va Oʻzbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasiga asosan, terma jamoa tarkibida xalqaro va milliy toifadagi musobaqalar va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlaridan chetlashtiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish