Ulkan o‘zgarishlar pallasida

Saqlash
11:08 / 31.08.2021 855 0

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida yurtboshimizning 2021-yil 24-avgust kuni imzolagan farmoniga asosan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganim cheksiz quvonch baxsh etdi. Bu mukofotni nafaqat menga, balki Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tizimida tinim bilmay ishlayotgan hamkasblarim mehnatiga berilgan baho deb bilaman.

Ma’naviyat sohasi va partiya faoliyati o‘zaro hamohangdir. Keyingi yillarda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Birgina Farg‘ona misolida aytadigan bo‘lsam, viloyat markazida zamonaviy uslubda Teatr-konsert saroyi, madaniyat markazlari, Rishton tumanida O‘zbek-tojik do‘stlik madaniyat uyi, Marg‘ilon shahrida Ijod maktabi, Buvayda tumanida Ma’naviyat va ma’rifat maskani kabi ko‘plab bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bu yil viloyat miqyosida “Ma’naviyat festivali” yuqori saviyada o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-sonli (2021-yil 26-mart) qaroriga asosan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda quyi tizmlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, qo‘shimcha shtat birliklari ajratildi. Jumladan, Farg‘ona viloyat bo‘limi va hududiy shahar, tuman bo‘linmalariga 34 ta shtat birligi ajratilib, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirila boshladi.

Ulkan o‘zgarishlar pallasida davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlanganim zimmamga katta mas’uliyat yuklashi bilan birga, beqiyos kuch-g‘ayrat bag‘ishlamoqda. Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida bor imkoniyatimni safarbar etaman. Shunday e’tiborga munosib bo‘lishga intilaman.

Xursanoy ISLOMOVA,

Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Farg‘ona viloyat bo‘limi rahbari

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish