“Roma” o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi

Saqlash
12:08 / 25.08.2021 903 0

“Roma” jamoasi o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda jurnalistlar qiziqqan savollariga javob oldi. O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi anjumanda quyidagicha fikrlarni aytib o‘tdi.

- Nima deb o‘ylaysiz, nega katta klubda bir muncha kech o‘ynayapsiz? 

- Avvalo aytishim kerak, men har yili bosqichma-bosqich kuchayib borishga, o‘zimning ijobiy xislatlarimni ko‘rsatishga intildim. Doimo top-jamoada o‘ynashni xohlaganman. Bu ozgina kech ro‘y berdi, ammo qaysidir jihatdan o‘z maqsadimga erishdim. Men bu erga yorqin o‘yin ko‘rsatish va klub bilan sovrinlar yutish uchun keldim. 

 

- Temmi Abraham bilan birgalikda o‘ynay olasizlarmi?

- Men bungacha qanot hujumchisi sifatida ham, markaziy hujumchi sifatida ham o‘ynaganman. SHu bois men har qanday nuqtada o‘zimni qulay his etaman. Albatta, birga o‘ynagan bo‘lardik. Asosiysi, ikkimiz ham jamoaga yordam berishimiz lozim. Bu bizning asosiy maqsadimiz.

 

- G'alabaga chanqoqmisiz? Uyingizdan ancha uzoqdasiz, Rimda qiyin emasmi?

- Oldin aytib o‘tganimdek, har doim oldimga qo‘yilgan maqsad sari harakat qilganman va top-klubga o‘tishni xohlaganman. Hozir katta jamoadaman va o‘ylaymanki, endi har bir o‘yinni yutish va sovrinlarga ega chiqish kerak. Bu erda ko‘plab muxlislar borligini bilaman. Umid qilamanki, jamoamiz Mister (Mourinyu – championat.asia) bilan hammasi o‘xshaydi, yutuqlarga erishamiz. 

 

- Joze Mourinyu bilan qanday aloqangiz bor? U "Roma"ga kelishingizda muhim ahamiyat kasb etdimi?

- Ha, biz 2 yil oldin Moskvada ko‘rishgandik. U "Roma"ga bosh murabbiy etib tayinlanganida, menga qiziqish, taklif bo‘layotganini aytishdi. Darhol bunga rozilik berdim. Birinchidan, "Roma" o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘yadigan top-klub. Ikkinchidan, Mister dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biri, u kishi bilan birga ishlashni xohladim. 

 

- Siz jamoada muhim o‘yinchilardan biri bo‘lishingizni kutganmidingiz? 

- Men jamoaga qo‘shilishim bilanoq yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qildim. Bu men o‘ylaganimdan-da muvaffaqiyatliroq chiqdi. O‘ylaymanki, shu ruhda davom etib, muxlislarni xursand qilishim va jamoaga g'alaba yo‘lida yordam berishim kerak.

 

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov “Jenoa”dan 17,5 million yevro evaziga “Roma”ga o‘tgan edi. Shomurodov Rim jamoasidagi rasmiy debyutini Konferensiyalar ligasida “Trabzonspor”ga qarshi o‘yinda o‘tkazdi. Dastlabki uchrashuvdayoq Eldor o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish