Qoʻshni Qirgʻizistonda ota-onasiga gʻamxoʻrlik qilmagan fuqarolarni merosdan mahrum qilish taklif qilindi

Saqlash
18:02 / 12.02.2024 843 0

Xabarda aytilishicha, Qirgʻiziston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga oʻzgartirish kiritilmoqda. Hujjatga koʻra, oʻzgartishlar merosxoʻrlarning adolatliligi va tengligini kafolatlash, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlarning keksaygan ota-onasiga gʻamxoʻrlik qilishini taʼminlashga qaratilgan.

 

Agar merosxoʻr vasiyat qiluvchiga gʻamxoʻrlik qilmasa yoki uni qariyalar uyiga topshirsa, vasiyatnoma boʻyicha ham, qonun boʻyicha ham meros olish huquqidan mahrum boʻladi.

 

“Qirgʻizlarning odatiga koʻra, ota-onaning mol-mulki keksa ota-onalarga qaraydigan yoki u tomondan vasiyatnoma tuzilgan kishiga oʻtkaziladi. Agar vasiyat boʻlmasa, barcha mulk kenja oʻgʻilga oʻtadi. Bugun hatto ziyolilarning farzandlari ham meros uchun sudga ariza berishmoqda. Shuning uchun oilaviy munosabatlarni tartibga solish kerak. Taklif etilayotgan qonun loyihasi koʻpchilikning huquqlari, manfaatlarini himoya qilish va ularning talablarini bajarishga yordam beradi”, — deyiladi xabarda.

 

Qonun loyihasiga koʻra, meros huquqi birinchi navbatda meros qoldiruvchiga kamida besh yil gʻamxoʻrlik qilgan merosxoʻrga, shuningdek, meros qoldiruvchining farzandlariga (shu jumladan, farzandlikka olingan bolalar), turmush oʻrtogʻi va ota-onalariga teng ulushlarda oʻtadi.

 

“Turar joy binosi, kvartira, shuningdek, uyda foydalanilayotgan maishiy jihozlar meros qoldiruvchi bilan vafotidan oldin kamida besh yil yashagan va uni oʻz qaramogʻiga olgan merosxoʻrga, uning navbati yoki ulushidan qatʼi nazar, oʻtkaziladi”, deb yozilgan hujjatda.

 

Maʼlumot uchun, Kodeksning amaldagi variantida merosxoʻr vasiyat qiluvchi bilan vafotidan oldin kamida bir yil birga yashashi kerak edi.

 

Qonun loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish