Geologiya sohasiga yiliga 1 trln soʻmdan mablagʻ ajratilgani maʼlum qilindi

Saqlash
10:01 / 16.01.2024 602 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni geologiya sohasida qilingan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizning oʻsib borayotgan iqtisodiyotini resurslar bilan taʼminlashda geologiya strategik ahamiyatga ega. Soʻnggi yillarda bu sohaga yiliga 1 trillion soʻmdan mablagʻ ajratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida 31 ming kvadrat kilometr yangi hududlar oʻrganildi.

Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar evaziga noruda konlarga investorlar jalb qilindi. Bugungi kunda sohada 1 milliard 700 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Lekin sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar koʻp. Konlar va ularni oʻzlashtirish koʻlamini kengaytirish mumkin.

Taqdimotda shu boradagi istiqbolli loyihalar, xususan, joriy yilga moʻljallangan rejalar toʻgʻrisida axborot berildi.

Davlatimiz rahbari uni tinglab, yaqin va uzoq istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab berdi. Bu sohada uzoqni koʻzlash va zamondan ilgari yurish muhimligi taʼkidlandi.

Shu bois marrani katta olib, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali oʻzlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Sohaga xorijiy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilishni davom ettirish, bu orqali geologik qidiruvlar va qazib olish natijadorligini oshirish vazifalari qoʻyildi.

Aholi, ijtimoiy soha va sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, koʻmir qazib chiqarish hajmini 22 foizga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Ilgʻor xorijiy tajriba asosida, boyitish chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish