Davlat organlari va korxonalari rahbarligidagi ayollar ulushi 30 foizga yetkaziladi

Saqlash
09:12 / 26.12.2023 747 0

O‘zbekistonda davlat organlarining rahbarlik lavozimlaridagi ayollar ulushi 2030-yilga qadar 30 foizgacha yetkaziladi. Bu prezidentning 21-dekabrdagi «Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.

 

2030-yilgacha har bir davlat organi, tashkilot va korxonasida, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, sud tizimida va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda boshqaruv xodimlari orasidagi xotin-qizlarning ulushini 2030-yilga qadar 30 foizga yetkazish talabi davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibini shakllantirishda ham tatbiq etiladi.

 

Farmon bilan ish beruvchi tomonidan ish o‘rinlari zaxirasiga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy zo‘ravonlik oqibatida jabrlanganlar ham kiritiladi.

 

2024-yil 1-fevraldan ta’lim muassasalarida kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. O‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bilan birga, kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi uchun sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan oshmagan qismi davlat hisobidan qoplanadi.

 

2024-yil 1-yanvardan xotin-qizlarga haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga 11 oygacha bo‘lgan muddatga ruxsat etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish