Oʻzbekistonda yangi gaz zaxiralari aniqlandi, qoʻshimcha 4,4 mlrd kub metr gaz qazib olindi

Saqlash
11:12 / 19.12.2023 1088 0

Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasidagi vazifalar ijrosi, 2024-yilga moʻljallangan geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

 

Qayd etilishicha, 22-noyabr kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida boʻlganida istiqbolli geologiya maydonlarini oʻzlashtirish boʻyicha vazifalar qoʻygan edi. Bugun boʻlib oʻtgan yigʻilishda soha mutasaddilari ushbu vazifalar ijrosi, 2024-yilga moʻljallangan geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi boʻyicha axborot berdi.

 

Bu ishlar ikki yoʻnalishda – ham mavjud konlarda gaz qazib olish hajmini saqlab qolish, ham yangi zaxiralarni aniqlash boʻyicha olib borilmoqda. Oxirgi yillarda geologiya-qidiruv ishlari 2-3 kilometrdan 4-5 kilometr chuqurlikkacha tushirildi. Buning natijasida yangi gaz zaxiralari aniqlandi, qoʻshimcha 4,4 milliard kub metr gaz qazib olindi.

 

Shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinib, koʻplab istiqbolli quduqlarni ishga tushirish imkoni topildi. Buni davom ettirib, kelgusi yilda 3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlari qurish rejalashtirilgan.

 

Yigʻilishda buning uchun xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablagʻ bilan taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi. Ilgʻor texnologiyalarni olib kelib, 6-7 kilometr chuqurlikda geologik burgʻilashga oʻtish masalalari muhokama qilindi.

 

Energiya manbalarini izchil yetkazib berish, shu bilan birga, hududlar va yirik korxonalar kesimida toʻlov intizomini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish