Prezident mashhur brendlarni Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha topshiriqlar berdi

Saqlash
18:12 / 18.12.2023 1160 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kungi yigʻilishda mashhur brendlar ostida mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

Misol sifatida keltirilishicha, kelgusi yil oktabrda Chirchiqda qiymati 50 mln dollarlik, ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,5 mln dona boʻlgan alyumin qadoqlash korxonasi ishga tushadi. Bu – nafaqat salqin ichimliklar, balki kosmetika, maishiy kimyo, oziq-ovqat yoʻnalishidagi brendlar uchun tayyor xomashyo bazasi.

 

Shu munosabat bilan, oʻnlab nufuzli brendlar bilan ishlab, ularni Oʻzbekistonga olib kelish choralarini koʻrish topshirildi.

 

Brendlarni jalb qilish boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi:

 

nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladi;

 

mashhur brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun, mahalliylashtirishni kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan ular uchun zarur boʻlgan barcha xomashyolar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi;

 

mahsulotini kamida 30 foizini brend ostida ishlab chiqaradigan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar beriladi;

 

yirik brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan Oʻzbekistonda ishlaganlik uchun toʻlovlar undirilmaydi.

 

Kimyo sanoatida talab yuqori boʻlgan mahsulotlar uchun zarur bazaviy xomashyoning deyarli barchasi mamlakatimizda mavjudligi, ushbu imkoniyatlarni samarali ishga solish zarurligi qayd etildi. Umuman, kimyo sohasida 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgani maʼlum qilindi.

 

Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatida mavjud salohiyatni roʻyobga chiqarish masalalariga toʻxtaldi. Kelgusi yilda tarmoqda 2 milliard dollarlik loyihani amalga oshirish uchun imkoniyat ham, mahsulotlar uchun katta bozor ham borligi taʼkidlandi.

 

Masalan, Saudiya Arabistonining “Akva Pauer” kompaniyasi bilan 5 gigavattli quyosh va shamol stansiyalarini qurish boʻyicha boshlangan loyihalar uchun kabel kerak boʻladi. Umuman, hozirda boshlangan 27 gigavatt quvvatli quyosh va shamol stansiyalari loyihalari doirasida 500 million dollarlik kabelga ehtiyoj bor.

 

Shu munosabat bilan kelgusida Ohangaron sanoat zonasida 120 million dollarlik 5 ta loyihani ishga tushirib, 25 ming tonna misdan kabel va 1,5 mingta transformator ishlab chiqarish, Buxoro shahrida 120 million dollarlik texnoparkni ishga tushirib, 25 million dollarlik maishiy texnikalarni mahalliylashtirish rejalashtirilgani aytildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish