Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida Ilhom Aliyev bilan muzokara oʻtkazdi

Saqlash
14:11 / 24.11.2023 1809 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Boku shahriga amaliy tashrifi doirasida Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara oʻtkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Ozarboyjon yetakchisi Oʻzbekiston Prezidentiga BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitini qoʻllab-quvvatlagani va unda shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari, oʻz navbatida, Ozarboyjon Prezidentini SPEKAda muvaffaqiyatli raislik qilayotgani bilan tabrikladi.

Oʻzbekiston-Ozarboyjon doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi koʻrib chiqildi.

Tizim va samarali muloqotlar tufayli Oʻzbekiston-Ozarboyjon munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 34 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, energetika, qishloq xoʻjaligi va ipakchilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Transport va logistika sohasida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

Davlat rahbarlari oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari yuzasidan ham fikr almashdilar. Kimyo, energetika, zargarlik, mashinasozlik, qurilish va boshqa yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Ozarboyjon Prezidentini oʻzi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga borishga taklif etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish