Sariosiyoda fuqaro aviatsiyasi faoliyati tiklanadi

Saqlash
17:11 / 17.11.2023 1681 0

Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyati tiklanadi. 17-noyabr kuni viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda bu haqda maʼlum qilindi.

Yigʻilishda viloyatning turizm salohiyati ancha yuqoriligi, bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm obyektlari borligi alohida taʼkidlandi.

Bu yili Dalvarzintepa yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish boʻyicha ishlar boshlandi. Bu ishlarni davom ettirib, Boysunda dunyodagi eng chuqur gʻorlardan biri boʻlgan “Boybuloq”, neandertal odam qoldigʻi topilgan “Teshiktosh” va “Machay” gʻorlari, ellin madaniyati yodgorligi boʻlmish Uzundara qalʼasida ham bunday muzey tashkil etiladi. Sheroboddagi qadimgi odam yashagan Xatak gʻori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi yoʻlga qoʻyiladi.

“Samarqand – Kitob – Denov – Oltinsoy – Termiz” marshruti boʻylab “Naqshbandiya pirlari” turizm halqasi ochiladi.

Viloyatda 2,5 ming oʻringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan.

Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi”dan qatʼi nazar subsidiya berilishi belgilandi.

Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyish, Termizdan Istanbul, Fargʻona, Buxoro va Xorazmga reyslarni koʻpaytirish topshirildi.

Shuningdek, “Termiz – Toshkent” yoʻnalishida turistik vagon qoʻyiladi, “Sariosiyo – Toshkent” yoʻnalishida poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish