Shavkat Mirziyoyev Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqishni taklif etdi

Saqlash
15:11 / 03.11.2023 2150 0

Shavkat Mirziyoyev 3-oktabr kuni Ostonada boʻlib oʻtayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk oʻtmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqishni taklif qildi.

“Tashkilot doirasida oʻzaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli toʻsiqlarni samarali yengib oʻtish bosh maqsadimizdir. Shu munosabat bilan Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk oʻtmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman. Ushbu oʻziga xos ramziy qomusni sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlashni taklif qilaman”, — dedi prezident.

Prezident shu kunlarda Turkiy investitsiya fondi oʻz ishini boshlashini, davlatlar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida keyingi bosqichda Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini ham faollashtirish kerakligini aytdi. Davlat rahbari ushbu moliya muassasasini Toshkentda joylashtirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, temiryoʻl idoralari kengashini taʼsis etishni va bu tuzilmaning direksiyasini Oʻzbekistonda joylashtirishni ham taklif etdi.

“Davlatlarimiz temiryoʻl idoralari kengashini taʼsis etishni va bu tuzilmaning direksiyasini yurtimizda joylashtirishni taklif etamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning taʼkidlashicha, global logistika zanjirlari va transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmogʻini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega.

Davlat rahbari yuk tashuvlariga oʻsib borayotgan talabni qondirish maqsadida Oʻzbekiston Oʻrta koridor salohiyatini kengaytirish choralarini qoʻllab-quvvatlashini, shuningdek, qoʻshimcha koʻptarmoqli yoʻnalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga turkiy mamlakatlar orqali oʻtadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish tarafdori ekanini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida vazirlar darajasida doimiy faoliyat koʻrsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusi ham ilgari surdi.

“Vazirlar darajasida doimiy faoliyat koʻrsatadigan Turkiy ekologiya forumining tuzilishi bu yoʻlda muhim qadam boʻlishi shubhasiz. Bunday taʼsirchan mexanizm tashkilotimiz faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan rejalarimizga mosdir”, — dedi prezident.

Oʻzbekiston prezidenti sammitda qabul qilinayotgan muhim hujjatlar va qarorlar, jumladan, sammit deklaratsiyasi hamda Ostona akti mamlakatlarning yorqin turkiy kelajak sari navbatdagi dadil qadamlari boʻlishiga ishonishini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish