Oʻzbekiston va Fransiya hamkorligi boʻyicha 8 ta hujjat imzolandi

Saqlash
15:11 / 02.11.2023 1952 0

Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Qoʻshma bayonot qabul qildilar.

Hujjatda ikki davlatning oʻzaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga koʻtarish niyati qayd etilgan.

Ikki tomonlama hamkorlikning joriy holatiga hamda turli sohalarda davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollariga baho berilgan, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga, dolzarb global va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilishga intilishi tasdiqlangan.

Prezidentlar huzurida moliya, taʼlim, madaniyat va ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Jumladan:

– “Samarqand Fransuz Alyansi”ni tashkil etish va uning faoliyati toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Oʻzbekistonda ichimlik suvi taʼminoti infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha hukumatlararo moliyaviy bayonnomalar (1- va 2-bosqichlar);

– Oʻzbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi va “PROPARKO”ni tashkil etish va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida bayonnoma;

– tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

– maktabgacha, maktab, professional va oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik boʻyicha bayonnoma;

– madaniy meros sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

– professional va texnik taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv.

Shuningdek, tashrif doirasida Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda “SUEZ” va “Bouygues” kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiyalar imzolandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish