Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Oʻzbekistonga tashrifi boshlandi

Saqlash
09:11 / 02.11.2023 955 0

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi.

Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtadi, unda Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi koʻpqirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqiladi.

Savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari eʼtibor markazida boʻladi.

Oʻzbekiston va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi qoʻshma biznes forumi ishida ham ishtirok etadi.

Sammit yakunida bir qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar hamda savdo-investitsiyaviy kelishuvlar toʻplamini qabul qilish koʻzda tutilgan.

Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyev hamrohligida tungi Samarqand boʻylab sayr qildi.

Davlat rahbarlari UNESСOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Registon majmuasiga tashrif buyurdilar.

 

Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq meʼmorchiligi durdonasining qurilish tarixi, noyob naqshlari, mazkur maskan bilan bogʻliq mashhur voqea va shaxslar xususida soʻzlab berildi.

Soʻng Prezidentlar “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida boʻldilar.

 

Davlat rahbarlari oʻrtasida samimiy muloqot boʻldi. Samarqand jahon sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biri boʻlgani, bugun ham xalqaro sammit va turizm markaziga aylanib borayotgani qayd etildi. Mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.

Tashrifning asosiy tadbirlari, shu jumladan, oliy darajadagi muzokaralar 2-noyabr kuni boʻlib oʻtadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish