Qirgʻizistonda davlat xizmatchilariga qirgʻiz tilidan foydalanish majburiy deb belgilandi

Saqlash
15:07 / 19.07.2023 1121 0

17-iyul kuni Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov “Davlat tili haqida”gi qonunga oʻzgartirish kirituvchi qonunni imzoladi. Unga asosan, davlat xizmatchilari oʻz faoliyatida qirgʻiz tilidan foydalanishi majburiy deb belgilandi.

Qirgʻiziston prezidentining matbuot xizmati xabariga koʻra, davlat tilini bilishi va uni oʻz ish faoliyatida qoʻllashi shartligi haqidagi talab davlat xizmatchilari reyestriga kiritilgan barcha lavozimlardagi rahbar va xodimlarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy unvonga va serjant maqomiga ega barcha xodimlariga, prokurorlar va sudyalarga, mulkchilik turidan qatʼi nazar barcha taʼlim tashkilotlari rahbarlari va xodimlari kabi fuqarolarning 11 toifasiga nisbatan joriy etiladi.

Shuningdek, qonun bilan qirgʻiz tilidan foydalanilishi majburiy boʻlgan sohalar roʻyxati tasdiqlangan. Unga koʻra, davlat organlari, mulkchilik turidan qatʼi nazar barcha korxona va tashkilotlar, xalqaro shartnomalar, qonun ijodkorligi va hujjat almashish, geografik nomlar, tovar va xizmatlar haqidagi axborotlar kabilarda davlat tilidan foydalanilishi shart.

Hujjatga asosan, qoʻshma korxonalar va xorijiy korxonalarning nomi davlat tiliga transliteratsiya qilinishi kerak. Tele va radio tashkilotlar oʻz efirining kamida 60 foizi davlat tilida boʻlishini taʼminlashi zarur.

Shu bilan birga, qonunga asosan Qirgʻiz Respublikasida rus tilining rasmiy til maqomi saqlanib qolgan. Qirgʻiziston hududida barcha millatlar vakillarining oʻz tilidan erkin foydalanish huquqi eʼtirof etiladi, bu tillarning rivojlanishi uchun davlat tomonidan shart-sharoit yaratilishi kafolatlanadi.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish