O'zbekiston-Xitoy vaksinasi 2- va 3-dozalarining qabul qilinishi kechiktirilgani organizmga salbiy ta'sir ko'rsatmaydimi?

Saqlash
12:08 / 11.08.2021 961 0


     Yurtimiz aholisining katta qismi O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangani sababli mazkur vaksinaning 2- va 3-dozalarini olishning kechiktirilishi aholi orasida ko‘plab savol tug‘dirayotgani sir emas. Vaksina olganlar ro‘yxatini tartibga solish maqsadida ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi keyingi dozlarini qabul qilishning qisqa muddatli kechiktirilishi ommaviy emlash jarayoniga salbiy ta’sir qilmaydi, deya xabar berdi Innovasion rivojlanish vazirligi.

     Vazirlikning ma’lum qilishicha, emlashning qisqa muddatli kechiktirilishi 1- yoki 2-dozadan keyin vaksina tufayli organizmda hosil bo‘ladigan antitanalar miqdoriga yoki boshqa ko‘rsatkichlarga ta’sir ko‘rsatmaydi.

     Ilmiy-tadqiqotlar hamda ko‘p sonli aholi o‘rtasidagi ommaviy emlashning dastlabki natijalariga ko‘ra Xitoy Xalq Respublikasi dori vositalarini nazorat qilish agentligi (CDC) tomonidan vaksinaning 1-dozasi va 2-dozasi o‘rtasidagi oraliqni 2 oygacha cho‘zishga, ikkinchi va uchinchi dozalar oralig‘ini esa 3 oygacha cho‘zishga ruxsat berilgan va Xitoyda bu amaliyot joriy qilingan. Hozirda Xitoyda mazkur ZF-UZ-VAC2001 vaksina bilan 0, 2, 6 oy sxemasida 140 million kishi emlangan va jarayon davom etmoqda.

     ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ustida borilgan tadqiqotlar ikkinchi va uchinchi dozalar oralig‘idagi vaqtning uzayishi ko‘proq antitanalarning hosil bo‘lishi va u ko‘proq muddat davomida saqlanib qolishiga zamin yaratishini tasdiqlamoqda. Bu to‘g‘ridagi ma’lumotlar quyidagi havoladagi ilmiy maqolada keltirilgan: www.biorxiv.org ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasini ishlab chiqaruvchilar tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi va uchinchi doza o‘rtasidagi vaqt intervalini oshirish koronavirusning turli shtammlariga nisbatan neytrallashuvchi titrlarining oshishiga olib keladi.

     Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan zaxiradagi ZF-UZ-VAC-2001 o‘zbek-xitoy vaksinasini faqat 1-doza bilan emlashga ko‘rsatma berilishi tufayli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "vaksinaning aholi bilmaydigan qandaydir nojoiz ta’siri chiqqani" to‘g‘risidagi taxminlar yoki «vaksina yetishmas ekan» degan mish-mishlar asossiz ekanini ta’kidlaymiz.

     Agar vaksinaning nojo‘ya ta’siri aniqlanganida, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1-dozasi bilan emlanishiga ruxsat berilmagan bo‘lar edi. Qolaversa, joriy yilning 5-6 avgust kunlari 2 mln.doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi yurtimizga olib kelindi va shu oyning ichida yana 2 mln doza olib kelinadi. Hukumat tomonidan O‘zbekistonda ikki turdagi vaksinani, jumladan, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda va avgust oyining oxiriga qadar bu ishlar yo‘lga qo‘yiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish