DXX prokuratura, sud, Milliy gvardiya va advokatura xodimlarini jinoyat ustida qoʻlga oldi

Saqlash
12:02 / 28.02.2023 929 0

DXXning Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda viloyat prokuraturasi noziri firibgarlik yoʻli bilan mahalliy fuqarodan 10 million soʻm olgan vaqtida ushlandi.

 

Aniqlanishicha, nozir oʻzining tanishlari orqali uni Navoiy shahar hokimligi uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi tasarrufidagi yotoqxonalardan biriga navbatsiz joylashtirib qoʻyishni vaʼda qilgan.

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Doʻstlik tuman sudining xodimi esa Sharof Rashidov tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs bilan birga, Jizzax shahrida yashovchi fuqaroning nikohdan ajratish haqidagi daʼvosini fuqarolik ishlari boʻyicha sudda ishlaydigan tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilgani aniqlangan. U xizmati evaziga 4 ming dollar talab qilib, oldindan 2 ming dollar olayotgan vaqtlarida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan ushlangan.

 

Shuningdek, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan Guliston shahridagi Advokatlar hayʼatining advokati 2021-yilda mahalliy masʼuliyati cheklangan jamiyatga bankdan 240 ming dollar miqdorida kredit ajratilishida yordam berganligi uchun xizmati evaziga uning rahbaridan 12 ming dollar olgan. Biroq bank tomonidan olib borilgan monitoring jarayonida masʼuliyati cheklangan jamiyat kredit mablagʻini maqsadsiz ishlatgani aniqlanib, prokuratura organlari tomonidan uning rahbariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda advokat muqaddam olgan 12 ming dollardan 1000 dollarni MCHJ rahbariga qaytarib berayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

DXX Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIB hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Milliy gvardiyaning Samarqand viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi Ishtixon tumanlararo qoʻriqlash boʻlimida qorovul lavozimida ishlovchi shaxs oʻzining qarindoshiga muqaddam hokimlik tomonidan bogʻdorchilik qilish uchun berilgan 70 sotix yer maydonini xaridorga 175 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish