Milliy liboslarimiz – qadriyatlarimiz bezagi

Saqlash
18:02 / 23.02.2023 3067 0

Bugun Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Yakkasaroy tuman hokimligi hamkorligida xotin-qizlar oʻrtasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash, milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimiz, milliy libosimizni keng koʻlamda targʻib etish maqsadida “Milliy liboslarimiz – milliy qadriyatlarimiz bezagi” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

 

 

Tadbirda soʻz olganlar ajdodlarimizdan bizga milliy liboslarimiz orqali goʻzal maʼnaviyat, betakror did va madaniyat, qadriyatlar, meros boʻlib kelayotganini, shuningdek milliy liboslarimiz tarixini oʻrganish, ularni ardoqlash va yanada rivojlantirishni targʻib qilish, asrlar mobaynida sayqal topib kelgan milliy anʼana va urf-odatlarimizni mustahkamlash yoʻlidagi ezgu amallarimizni yoshlarimiz davom ettirish kerakligini taʼkidlab oʻtishdi.

 

– Bugungi tadbirni tashkil etgan tashabbuskorlarga rahmat aytaman, – deydi Toʻqimachilik va yengil sanoat instituti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, texnika fanlari doktori, professor Xolida Komilova. – Chunki mana shunday tadbirlar bugun milliy liboslarimizni keng targʻib etishga imkon beryapti. Afsuski, farzandlarimiz milliy liboslarimiz haqida juda kam bilishadi. Har bir viloyatning vodiy va vohaning milliy liboslari oʻz anʼanalarini, insonlarning yashash tarzini namoyish etadi. Bugungi kunda milliy liboslarimiz har qachongidan koʻra koʻproq targʻibotga muhtoj. Ularni chuqur oʻrganish uchun biz mutaxassislar metodik qoʻllanmalar, darsliklar yaratishimiz lozim.

 

 

Tadbirda ijro etilgan oʻzbek mumtoz qoʻshiqlari davraga oʻzgacha fayz bagʻishladi. Ayniqsa, Yakkasaroy tuman hokimligining faol xotin-qizlari tomonidan oʻzbek milliy matosi va zamonaviy mato uygʻunligida yaratilgan davlat xizmatchilari libosi tadbir ishtirokchilari eʼtirofiga sazovor boʻldi.

 

– Xorijga qilgan eng dastlabki ijodiy safarlarim Oʻzbekistonning nomi endigina tanilayotgan davrlarga toʻgʻri kelgan, – deya xotirlaydi Oʻzbekiston xalq artisti, professor, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Munojat Yoʻlchiyeva. Milliy libosda, kovush kiyib sahnaga chiqqanman. – Konsertdan soʻng xorijlik muxlislar “Shunday kiyimni qayerdan olsak boʻladi?”, deb soʻrashgan. “Oʻzbekistondan topasiz”, deganman. Ularning aksariyatiga Oʻzbekistonni Samarqand, Buxoro, Xorazm yoki ajdodlarimiz haqida gapirib, tanishtirganman. Yoshlarimiz, jumladan, sanʼatkorlarimiz ham katta sahnalarga chiqayotganlarida oʻz tashqi koʻrinishlariga, liboslariga eʼtibor bersalar, maqsadga muvofiq boʻlardi. Sababi ular sahnaga chiqayotganlarida oʻzlari bilan yurt sharafini, maʼnaviy qiyofasini olib chiqishadi.

 

 

Tadbir soʻnggida tashkilotchilar tomonidan faol ishtirokchilarga tashakkurnoma va sovgʻalar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish