Markaziy bank 2022-yilda 16,2 trln soʻm naqd pulni muomalaga chiqardi

Saqlash
17:01 / 27.01.2023 1858 0

Markaziy bank tomonidan 2022-yil davomida qoʻshimcha 16,2 trillion soʻm naqd pullar muomalaga chiqarildi. Bu haqda bankning naqd pul muomalasi boʻyicha qisqacha sharhida maʼlum qilindi.

 

4.jpg

Bank kartalariga kelib tushgan mablagʻlar va ularni naqdlashtirish hajmlari dinamikasi

 

Qayd etilishicha, ushbu davrda bank kartalaridagi 149,5 trillion soʻmlik mablagʻlar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan boʻlib, bu kartalarga kelib tushgan mablagʻlarning 27,0 foizini tashkil etdi. Banklarga tushgan naqd pullarning ularga boʻlgan talab oʻrtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qoʻshimcha naqd pullarni chiqarish orqali taʼminlab borildi.

5.jpg

Muomaladagi naqd pullarning pul massasidagi ulushi dinamikasi

 

Muomalaga chiqarilgan 16,2 trillion soʻm naqd pullarning 15,7 trillion soʻmi naqd pulga boʻlgan talab keskin oshgan davr — aprel-iyul oylariga toʻgʻri kelgan.

 

Muomaladagi naqd pullar tarkibida asosan yirik nominaldagi banknotlar salmogʻining oshishi hisobiga banknotlar umumiy soni kamaydi.

 

Jumladan, 2022-yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida ularning soʻmdagi miqdori boʻyicha 100 000 soʻmlik banknotlar ulushi — 34,8 foizdan 41,6 foizga, 20 000 soʻmlikning ulushi — 2,1 foizdan 2,3 foizga yetgan boʻlsa, 50 000 soʻmlikning ulushi — 34,2 foizdan 27,5 foizga, 10 000 soʻmlik ulushi — 14,5 foizdan 9,4 foizga, 5000 soʻmlik — 12,7 foizdan 6,5 foizga, 1000 soʻmgacha — 1,4 foizdan 0,9 foizga tushdi.

 

Maʼlumki, 2022-yil iyul oyida nominal qiymati 200 000 soʻmlik banknot muomalaga chiqarildi va yil yakuniga kelib ularning naqd pullar tarkibidagi salmogʻi 11,6 foizni tashkil qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish