Yevropa va AQSHda “omikron”ning yangi mutatsiyasi keng tarqalmoqda

Saqlash
15:12 / 14.12.2022 882 0

Hozir dunyoda “omikron”ning BA.4 va BA.5 versiyalari yetakchi. Ammo hademay vaziyat boshqacha tus olishi mumkin. Buni xalqaro ekspertlar ikki oy avval prognoz qilgandi. Oʻshanda noyabrdan boshlab yangi mutatsiyalar Yevropada dominantga aylanishi aytilgandi.

 

Bugun “koʻhna qitʼa”da BQ1.1 subvarianti keng tarqalmoqda. Mutaxassislar unga «serber» deb nom berishgan. Mazkur mutatsiya oʻta yuqumli va immunitetga oson “chap berish” xususiyatiga ega.

 

Bir hafta ichida ikki baravar koʻpaya olishi laborator tekshiruvlar davomida tasdiqlangan. Qolaversa, avvalgi shtammlarga nisbatan inson hujayralari bilan yaxshiroq aloqaga kirisha oladi. Shu bois ushbu variantni yuqtirganlar orasida shifoxonaga yotqizilish holatlari sezilarli darajada ortgan.

 

Ayni paytda BQ1.1 Daniya, Fransiya, Belgiya, Irlandiya, Niderlandiya va Italiyada shiddat bilan tarqalyapti. Xususan, Daniyada ushbu yangi subvariant uch oy ichida 0,5 foizdan 40 foizgacha koʻpaydi. Kelgusi haftalarda u mamlakat boʻylab dominantga aylanishi kutilyapti.

 

Shuningdek, AQSHda ham mazkur “kichik shtamm” ulushi 40 foizga yaqinlashgan. Vaholanki, ikki oy avval bu koʻrsatkich atigi 2 foizni tashkil etayotgan edi. Prognozlarga koʻra, profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilmasa, ushbu yangi mutatsiya yaqin kelajakda dunyo boʻyicha dominant versiyaga aylanishi mumkin.

 

Shu bois, mutaxassislar, 60 yoshdan oshgan, yondosh kasalliklarga chalingan va immuniteti zaif kishilar, qolaversa, homilador ayollar birinchi navbatda buster doza bilan emlanishi zarurligini taʼkidlamoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish