Belgiyada bo‘lib turgan vatandoshlar o‘rtasida mini-futbol musobaqasi tashkil etildi

Saqlash
12:11 / 01.11.2021 996 0

Unda O‘zbekiston turizm va sport vazirligi delegasiyasi a’zolari ham ishtirok etdi. Bu haqda «Dunyo» Axborot agentligi ma'lum qildi.

Mamlakatimizning Bryusseldagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, musobaqada Belgiyaning Antverpen, Bryussel, Gent, Genk shaharlaridan kelgan turli xususiy va xalqaro tashkilotlarda ishlaydigan, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan hamyurtlarimizdan tuzilgan jamoalar o‘zaro kuch sinashdi.

Navbatdagi mini-futbol musobaqasini noyabr oyi so‘nggida Niderlandiyada yashovchi vatandoshlar bilan o‘tkazishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

Tadbir doirasida vatandoshlar bilan O‘zbekiston turizm va sport vazirligi vakillari o‘rtasida muloqot tashkil qilindi.

Salohiyatli vatandoshlarning imkoniyatlaridan foydalanib, xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish orqali respublika imijini yanada yuqoriga ko‘tarish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda respublikada amalga oshirilayotgan loyihalar, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan «Vatandoshlar» jamoat fondi haqida ham ma’lumot berildi.

Benilyuks mamlakatlari va Daniyada yashaydigan, yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan vatandoshlardan iborat bilimdonlar guruhini tuzish va O‘zbekistonda muntazam tashkil qilinadigan «Zakovat» o‘yinlarida ularning ishtirokini ta’minlash, xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha onlayn-kurslarni ochish singari takliflar ilgari surildi.

Belgiyadagi bir guruh vatandoshlar tomonidan telegramm ijtimoiy tarmog‘ida tashkil qilingan «English Book Club for Kids» guruhining a’zolari tomonidan Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti kutubxonasi uchun xorijiy tillardagi kitob va jurnallar sovg‘a qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish