Osiyo taraqqiyot banki oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash uchun Oʻzbekistonga $500 mln kredit ajratadi

Saqlash
16:10 / 05.10.2022 704 0

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Ukrainadagi urushning iqtisodiy oqibatlari fonida Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va bandlikni qoʻllab-quvvatlash uchun 500 mln dollar miqdorida kredit ajratishni maʼqulladi, deya xabar berdi OTB matbuot xizmati.

 

OTB Oʻzbekiston hukumatiga 1,2 mlrd dollarlik kontrsiklik xarajatlar dasturini amalga oshirishi uchun moliyaviy yordam koʻrsatadi. Ushbu dastur hukumat tomonidan geosiyosiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan va joriy yilning mart-aprel oylarida tasdiqlangan chora-tadbirlar majmuasidir.

 

Hukumat dasturi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va narxlar barqarorligini oshirish, kam taʼminlangan oilalar, keksalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga bevosita ijtimoiy yordam koʻrsatish, ishsizlar va chetdan qaytgan mehnat muhojirlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan, deyiladi OTB xabarida.

 

“Markaziy Osiyo pandemiyadan xalos boʻlgach, mintaqa urushning iqtisodiy taʼsiriga duch keldi, bu esa ayniqsa imkoniyati kam odamlarning hayotini ogʻirlashtirdi. BRACE dasturi Oʻzbekiston hukumatining strategik ustuvor yoʻnalishlariga mos keladi va ijtimoiy himoya va inklyuzivlikni ragʻbatlantirish bilan birga iqtisodiy barqarorlikni oshirishga yordam beradi”, – dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻlimi rahbari Yevgeniy Jukov.

 

BRACE dasturi barqaror narxlarda yetarli darajada oziq-ovqat taʼminotini taʼminlash boʻyicha hukumat chora-tadbirlarini qoʻllab-quvvatlaydi, masalan, bugʻdoyni import qilish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish kabilar. Shuningdek, bu hukumatga 2022-yil dekabrigacha 8,9 mlndan ortiq himoyaga muhtoj odamlarga ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻlovlarini saqlab qolishga yordam beradi, deyiladi hisobotda.

 

OTB shuningdek, monitoring va baholashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha texnik yordamni ham koʻrsatadi, bu maxsus texnik yordam fondining 400 000 AQSH dollari miqdoridagi granti hisobidan moliyalashtiriladi.

 

“Dastur hukumatning inflyatsiyani fiskal intervensiya orqali oqilona chegaralarda ushlab turishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi”, dedi OTB boshqaruv boʻyicha bosh direktori Navendu Karan. Uning soʻzlariga koʻra, bu mahalliy bandlik va tadbirkorlikni oshirish uchun resurslar bilan taʼminlaydi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi mintaqasi va Yevropadagi boshqa mamlakatlar bilan savdoni barqarorlashtirishga yordam beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish