Nafsingizni jilovlang


Saqlash
09:08 / 03.08.2022 1205 0

Nafsingizni jilovlang. Aks holda

nafs oʻz qullarini baxtsizlik, xorlik,

sharmandalik jariga qulatmaguncha qoʻymaydi.

Eshikka keldi bir gado,

Hassaga suyanib “oh!” dedi.

Javob boʻldi ohista,

«Uyimda otam yoʻq», dedi... –

 

satrlari bilan boshlanadigan xalq qoʻshigʻining paydo boʻlish tarixini Oʻzbekiston xalq artisti Rahima Mazohidova gapirib bergandi. Yaʼni, oʻtgan asrning boshlarida Qoʻqon koʻchalaridan ketayotgan yigitning koʻzi oldinda borayotgan qizning uzun yenglaridan chiqib turgan nozik barmoqlariga tushib qolibdi. Oppoq, nozik barmoqlarga qarab turib beixtiyor yigitning dilidan: “Bu qizning qoʻli shunchalar chiroyli, yuzi qanday ekan?” degan xayol oʻtibdi va qadamlarini tezlatibdi. Lekin qarangki, ayni oʻsha damda qiz roʻparadagi darvozani ochib ichkariga kirib ketibdi...

 

“Bu qizning ovozi, yuzi, soʻzi qanday ekan?” degan savol yigitga tinchlik bermay qoʻyibdi. Oʻsha koʻchadan u yoq-bu yoqqa oʻtibdi, lekin har gal eshik yopiq... Shunda oshiq bola xuddi gadoylarga oʻxshab juldur kiyinib, yelkasiga xurjun osib kelibdiyu haligi darvozani taqillatibdi. U, hech boʻlmaganda, qizning ovozini eshitishdan umidvor ekan. Qoʻshiq mana shu voqeaning bayoni: “Eshikka keldi bir gado...” va dialog tarzida davom etadi:

 

«Uyida otasi boʻlmasa,

Bir burda noniyam yoʻqmikan?» –

judayam chiroyli manzara desammi, muloqot, muhabbat sari yuksak madaniyat, ehtirom bilan qoʻyilayotgan qadam desammi?..

 

Bu qoʻshiqni har gal eslaganimda, shoir Choʻlponning:

Sochilgan sochingdek sochilsa siring,

Anor yuzlaringni kimga tutasan? –

 

satrlari xuddi oʻsha voqeaga egizak kabi yodimga tushaveradi. Va yana men uchun unutilmas gap: 1970-yillar, talabalik davrim. Oʻshanda yosh qizlar, ayollar oʻrtasida mini (tizzadan yuqori va tor) yubkalar kiyish urf boʻlgandi. Toshkentda talabalarning respublika ilmiy konferensiyasida moskovlik bir rus olim maʼruza qildi. U: «Aziz ayollar, xafa boʻlmangu, oʻzimning bir xulosamni aytaman: mini yubkalar ayollarning qaddu qomatidagi nuqsonlarni oshkor qilib qoʻyarkan», degandi.

 

Endi zamonaviy ruhiyatshunoslarning fikr-xulosalariga quloq solsak, ular XXI asrda dunyoning taraqqiy etgan davlatlaridagi eng achchiq muammo – oilaviy ajrimlar, oilaviy qadriyatlarning yemirilishi, eru xotinlarning bir-biriga bevafoligi oʻsha joydagi xotin-qizlarning tashqi qiyofasidan tortib ichki dunyosigacha beparda, ochiq-sochiq boʻlib qolgani bilan bogʻliqligini ilmiy izlanishlarining xulosalari sifatida aytmoqdalar. Aksincha, tashqi qiyofasidan tortib muoamala-munosabatlarigacha andishali, muloyim boʻlgan koʻproq eʼtibor, muhabbat qozonar ekan. Ajdodlarimizning ayollar libosiyu taʼlim-tarbiyasida ayni shu jihatlarga qattiq eʼtibor qaratishlari shunchaki sharqona urf-odat emas, balki qismatiga hayot davomchisi, kelajak avlod murabbiysi boʻlish masʼuliyati, sharafi yuklangan qizlarning oilada, jamiyatda ona, inson sifatida chin baxtu saodatga erishib yashashlari uchun zamin yaratish yoʻlidagi saʼy-harakatlaridandir.

 

Yana soʻzimning avvaliga qaytaman. Nazarimda, yuqorida tarixi keltirilgan oddiy lapar-qoʻshiqdayam xalqimizning dono hikmati mujassam: ayol kishi toʻkis liboslar, andisha, ibo-hayo, kamsuqumlik pardalari ichra yana va yana jozibali, sirli, diltortar, sevimli, eʼzozli, mehru muhabbatga munosib boʻlib boraveradi. Bu – hayotning oʻzi kabi koʻhna va hayotga hamisha esh boʻlib qoladigan odob-axloq, maʼnaviy yuksaklik mezoni. Afsuski, keyingi yarim asr mobaynida bu hikmat va uning amalidan uzoqlashib boryapmiz.

 

Oʻzbekiston Qahramoni, ajoyib shoir Abdulla Orifning oʻtgan asr oxirlarida “Biz ayollar yuzidan chimmatni oldik, ammo ularning qalb pardalari koʻtarilmasin” maʼnosidagi fikrida qanchalar donish va hadik bor...

 

Beibo, bahayo, yalangʻoch suratlarni omma eʼtiboriga havola etayotgan ayrim xususiy nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar mutasaddilariga yana bitta gapimiz bor: siz ham qay bir onaning farzandi, qay bir ayolning turmush oʻrtogʻi, opa-singillarning akasi yo ukasi, jondek aziz qizlarning otasi boʻlishingiz tabiiy. Ularning shaʼni, or-nomusi, obroʻsi, tarbiyasi, baxtu kamoli sizga shunchalar qadrsiz, ahamiyatsizmi? Yoʻqsa, ularning timsoli boʻlgan ayollarning behayo qiyofadagi suratlarini tomosha qilmasdingiz, xonadonlardan farishtalarni quvadigan bunday sarqit matohlarni koʻpchilikka namoyish etmasdingiz.

 

Shov-shuvni koʻzlab, moddiy yoki yana qandaydir manfaatlarni koʻzlab nafsingizga erk bermang. Har qanday mehnat, izlanish ezgu maqsadga xizmat qilgandagina, elu yurtga nafi tekkandagina yuzingizni yorugʻ qiladi.

Muhtarama ULUGʻOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16794
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi