Ma’naviy-ma’rifiy ishlarda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi


Saqlash
20:07 / 19.07.2022 1280 0

“Biz o‘z oldimizga jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish, yangi O‘zbekistonni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida qo‘ydik”. Prezidentimizning mana shu aniq maqsadli, xalqimizning farovon hayoti yo‘lida ezgu harakatlar bilan yo‘g‘rilgan gaplarini eslaganda, har bir davlat xizmatchisi o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishi shartligi anglashiladi.

 

Shu asnoda, har bir maqsadni amalga oshirishda strategik yondashuv ahamiyatini tushungimiz keladi. Bu, albatta, aniq maqsad va uzoqni ko‘ra bilib ish ko‘rish mahoratidir. Keyingi yillarda nimaiki yutuqqa erishgan, xalqimiz turmushi farovonligini ta’minlagan bo‘lsak, ularning zamirida davlat rahbarining nuktadonlik bilan yuritayotgan xalqchil siyosati turibdi. Albatta, qonunlarga itoat, belgilangan maqsadlarni o‘z vaqtida, bekam-u ko‘st bajarish, o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan, fidoyilik bilan yondashuv prinsipi bor.

 

Gap shu haqda ketganida, mamlakatimizdagi islohotlar va mislsiz o‘zgarishlar xalqimiz hayotida aks etayotganini ko‘rib, dilimizda mamnunlik tuyamiz. Bir davrlar qulamas devor bo‘lib ko‘ringan muammolar o‘z yechimini topib, yangidan-yangi orzu-umidlar, maqsadlarning qad rostlashi uchun poydevor yaratildi.

 

Mavjud jabhalarning barchasi, avvalo, xalqimizga xizmat qiladigan butunlay yangi bosqichga olib chiqildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan adolatli tamoyilga asos solindi.

 

Odamlar hayoti tubdan o‘zgardi, farovonlik darajasi oshdi, shaharlar, qishloqlar qiyofasi o‘zgacha fusun kasb etdi. Xalq va davlat orasida muloqot yo‘lga qo‘yildi. Davlat idoralari, davlat xizmatchilarining aholi oldida mas’uliyati ortdi.

 

Mazkur yutuq va yuksak marralarning har biri, avvalo, burchga sadoqat, ijro intizomiga prinsipial yondashuvlar asosida bo‘y ko‘rsatdi.

 

Bu ulug‘vor jarayonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ham ulkan qadamlar tashlandi. Jamiyatda qarashlar o‘zgardi: erkin fikr, erkin so‘z, erkin axborot makoni yuzaga keldi.

 

Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etish, yangi ma’naviy makon qurishda “Yangi O‘zbekiston orzusi”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” maqsadi barchamizga yangicha ruh bag‘ishlamoqda.

 

Ammo ma’naviy-ma’rifiy ishlar muayyan bir davrda mashg‘ul bo‘lib, keyin o‘z holiga tashlab qo‘yiladigan soha emas. Yurt taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish borasida ulkan maqsad va vazifalar belgilanar ekan, albatta, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni yuksaltirish birinchi galdagi vazifaga aylanadi.

 

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”.

 

Mustahkam poydevor ustida mustahkam imorat barpo bo‘ladi. Shunday ekan, ajdodlarimizdan bizga qoldirilgan boy ma’naviy meros xalqimiz tafakkuri va ma’naviyati ildizlarini oziqlantirib turadi, unga ruhiy madad va yaratuvchi kuch baxsh etadi.

 

Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida mazkur yo‘nalishda oldimizda turgan muhim vazifalar belgilab berilgan.

 

Xususan, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiya uzviyligini ta’minlash ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

 

Shuningdek, targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ham yuqoridagi vazifalar sirasiga kiradi.

 

Axborot texnologiyalarining bemisl taraqqiyoti inson hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Butun olamni ravshan ko‘rsatib turgan “oynai jahon” hayot va faoliyatimizning muhim bo‘lagiga aylandi. Undan oqib kelayotgan axborotlar ta’sirida umrguzaronlik qilmoqdamiz.

 

Shu bois, mazkur qarorda aholining internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish borasidagi vazifalarga ham alohida e’tibor qaratilgan.

 

Madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va san’atning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish bilan chetdan raxna solayotgan yot, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan saqlanamiz.

 

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar jarayonida geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamisha dolzarb bo‘lib qoladi.

 

Mazkur ulkan vazifalarni amalga oshirish uchun har bir masalaga vatanparvarlik bilan, vijdon amri ila yondashish, samarali qat’iy ijroni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, intizomning o‘zi ham ma’naviyatdir. Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida belgilab berilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha nimalarga erishdik?

 

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirib borish maqsadida barcha vazirlik va idoralarda Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari tuzildi. Shuningdek, 102 ta vazirlik, idora, ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bo‘limlari, tuman va shahar bo‘linmalari, jami 5 mingdan ziyod korxona va tashkilot bilan ikki tomonlama “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Ana shu asosda mamlakatda ilk bor ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bugun texnik taraqqiyot imkoniyatlari ishning natijadorligini ham ro‘y-rost aniqlab beradi. Shu bois, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini baholash indikatorini ishlab chiqdi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi majlisi bayoni bilan “Eng namunali tuman”, “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlari nizomlari tasdiqlandi. Shu asosda 2021-yilning iyun-avgust oylarida tanlov ishtirokchilarining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyati o‘rganilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Tanlov g‘oliblari “Damas” avtomobili hamda kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.

 

Prezidentimiz qarori asosida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Sohada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish maqsadida 2022-yildan Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti huzurida ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash ish boshladi.

 

Markazning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida kiritilgan jami 303 (shundan hududiy bo‘limlarga 28 ta, tuman/shahar bo‘linmalariga 275 ta) qo‘shimcha shtat birligi tegishli mutaxassislar bilan to‘ldirildi.

 

Qurilish vazirligi tomonidan “Ma’naviyat va ma’rifat maskani”ning namunaviy loyihasi ishlab chiqildi. 2021-yilda 29 ta tuman/shaharda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari qurildi. 2022-yil yakuniga qadar yana 100 ta shunday maskan foydalanishga topshiriladi.

 

Maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va professional ta’lim sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu borada boshqa tashkilot va idoralar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimining tegishli ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga bakalavriat bosqichida “Ma’naviyatshunoslik”, magistratura bosqichida “Kasbiy ma’naviyat” fanlari kiritildi hamda magistratura ta’lim bosqichida “PR menejment va PR tahlil” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda 2021-yilning 22-23-noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar uchun seminar-trening tashkil qildi. Unda targ‘ibotchilar faoliyatidagi muammolar tahlil qilinib, uslubiy qo‘llanma, yillik ish reja, o‘quv materiallari namunalari yaratildi.

 

Markaz tomonidan Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda har oyda bir marotaba bu ta’lim muassasalari o‘quvchilari va taniqli yozuvchi-shoirlar, fan va madaniyat arboblari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, ijod maktablarida elga tanilgan aktyor, adib, rejissor kabi san’at vakillarini jalb qilib, mahorat darslarini o‘tkazish hamda “ustoz-shogird” an’anasi asosida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi tanlovlarini tashkil etishda hurmatga sazovor bo‘lgan yozuvchi va shoirlarni keng jalb etish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

 

Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish bo‘yicha davlat ramzlari qabul qilingan sanalarni yurtimizning barcha hududlari, shuningdek, xorijdagi elchixonalarimiz, vatandoshlarimiz, keng aholi vakillari, davlat va jamoat faollari, yoshlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida katta bayram sifatida o‘tkazish an’anaga aylandi.

 

Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi borasidagi ishlar samarasi va ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik dasturlari ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

 

Temurbeklar maktablari bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va uning hududiy bo‘limlari o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatildi.  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya o‘rtasida Temurbeklar maktablarida Sohibqiron Amir Temurning mardona ruhi, jasorati, sarkardalik mahorati, Vatanga bo‘lgan buyuk sadoqati, yuksak ma’naviy fazilatlarini yoshlar ongi va qalbiga singdirishga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma dastur tasdiqlandi.

 

Joriy yilning 7-8-iyun kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning qo‘shma qaroriga asosan, Temurbeklar maktabi va Yosh chegarachilar harbiy-akademik litseylari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz!” shiori ostida “Eng namunali ta’lim muassasasi”, “Eng namunali o‘qituvchi”, “Eng namunali o‘quvchi” tanlovlarining respublika bosqichi o‘tkazilib, g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Markaz va uning hududiy bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, nodavlat telekanallarda 180 dan ziyod ko‘rsatuv va intervyu efirga uzatildi. Markazda 15 ta shtat birligidan iborat Raqamli targ‘ibot bo‘limi tashkil etilib, “Oyina.uz” elektron portali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2022-yilda jadid ma’rifatparvarlarining 5 ta kitobi va ularning audionusxalari tayyorlanib, “Oyina.uz” elektron portaliga joylashtirildi.

 

Respublikaning barcha hududlarida an’anaviy tarzda “Ma’naviyat festivali” o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Unda 18 ta ijtimoiy loyiha va targ‘ibot aksiyasi o‘tkazilmoqda.

 

2021-yil 1-apreldan boshlab oliy ta’lim muassasalarida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor lavozimi joriy etildi.

 

Iqtidorli yoshlar bilan birga, ularning ota-onalariga ham munosib hurmat ko‘rsatish maqsadida “Mening farzandim O‘zbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani o‘tkazish yo‘lga qo‘yilib, o‘tgan yili 70 nafar iqtidorli yigit-qiz va ularning ota-onalari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” loyihasi doirasida tashkil etilgan tanlovlarga jami 10 mingdan ziyod ijodiy ish taqdim etildi. Mazkur ishlar hakamlar hay’ati tomonidan o‘rganib chiqilib, jami 126 iqtidorli yigit-qizning ijodiy ishlari saralanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ilmiy, ijodiy, adabiyot va san’at, axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tanlov doirasida 200 dan ziyod badiiy va publitsistik ijod namunasi, ilmiy maqolalar, zamonaviy media targ‘ibot loyihalari yaratildi.

 

2022-yil iyun oyidan boshlab hududlar kesimida “Ma’naviyat karvoni” madaniy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan mazkur tadbirlarda jami 1500 dan ziyod yetakchi olim, ma’rifat targ‘ibotchisi, adabiyot, san’at sohasi vakillari jalb qilindi. Ular ishtirokida barcha mahallalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, badiiy kechalar o‘tkazildi.

 

Bu aholiga, oddiy qishloq odamlariga nima berdi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, islohotlarni, xalqchil katta siyosatni odamlarga yaqinlashtirdi. Olis, chekka hududlarda yashayotgan odamlar ham Prezident e’tiborida ekanini, unga davlatning o‘zi g‘amxo‘rlik qilayotganini yana bir bor his etdi. Shuningdek, ma’naviy yuksalish epkinida jamiyatdagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissi kuchaydi. San’at, adabiyot namoyandalarining chiqishlari ularga yangicha ruh va bunyodkorlik, shukronalik kayfiyati baxsh etdi. Albatta, bu boradagi tadbirlar tizimli davom etadi.

 

2021-yilning 19-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz: “Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Albatta, bu yuksak g‘oyalar osmondan tushmagan. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, degan edi.

 

Bu nihoyatda sermazmun va hayotiy qudratga ega mushohada zamirida ham buyuk kelajakka asosni ko‘rish mumkin. Zero, xalqimiz tafakkurini oziqlantirib, g‘ururlantirib turadigan tarixda xalqimiz irodasini namoyon etgan ulug‘ bobokalonlarimiz bor. Albatta, bugungi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni jadallashtirishda ularning hayoti, ilm yo‘li, ijodi, yaratgan asarlari, qoldirgan ulkan va boy merosiga tayanamiz.

 

2021-yil 2830-sentabr kunlari Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab “Amir Temur dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda Fransiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Misr, Eron, Pokiston, Ozarbayjon kabi dunyoning 14 davlatidan 17 xorijlik va 60 dan ziyod mahalliy olim qatnashdi.

 

Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi jasorati, yurt ozodligi yo‘lidagi kurashlari tarixini keng tadqiq etish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi izidan” ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. O‘rganishlar asosida ZOOM platformasi orqali Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston tarixchi olimlari ishtirokida dastlabki ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

 

Qilinayotgan ishlarga qaramay, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida ma’naviy-ma’rifiy islohotlar samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Shunday ekan, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Zero, ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan yangi ma’naviy makon yaratishni maqsad qilgan yangi O‘zbekistonda hamma harakatlarimizning asosi faqat va faqat xalqimizni rozi qilishga qaratilgan.

 

Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida “Yangi O‘zbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-ma’naviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng ko‘lamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”, degan edi. Mana shu gap hech qachon yodimizdan chiqmasligi, har bir bajarayotgan ishimizda dasturilamal bo‘lmog‘i shart. Shundagina biz ko‘zlagan maqsadlarimizga, albatta, yetamiz.

 

Minhojiddin HOJIMATOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

 

Sobir SHUKUROV,

Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri

 

Yangi O‘zbekiston gazetasi, 2022-yil 19-iyul, 144-son. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16794
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi