Maqsaddan muvaffaqiyatgacha... – eng faol ijodiy targ‘ibotchi Abduvahob Zaripov faoliyatiga chizgilar


Saqlash
00:06 / 11.06.2022 894 0

 

“Aslida, hayotda biror maqsad bilan yashashning o‘zi – baxt. Maqsadsiz yashash shunday ko‘rgilikki, u hech kimning boshiga tushmasin! Kishida maqsad bo‘lsa, unga erishish yo‘lida kurashish, mashaqqat chekish, ta’na-dashnomlar eshitib kuyib-yonib yurish bo‘ladi. Aslida ana o‘sha ham baxt...” – Erkin Vohidovning gapi to‘g‘ri: o‘z oldiga maqsad qo‘ygan inson hayotda intilib yashaydi. Kimdir sport bo‘yicha jismoniy mashg‘ulotlarga kirishib ketsa, yana birov ilm yo‘lida riyozat chekishdan huzurlanadi. Qaysi yo‘lni tanlashidan qat’i nazar, ertangi kundagi muvaffaqiyati hozir qilayotgan harakatiga bevosita va bilvosita bog‘liq bo‘laveradi. Izchil sa’y-harakatlari orqali g‘oliblikka erishayotgan insonlardan biri Abduvahob Zaripovdir.

 

Abduvahob Zaripov 1990-yil 25-mayda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida dunyoga kelgan. U shu yilning 14-15 may kunlari o‘tkazilgan “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Gʻolib bo‘lish tashqaridan qaraganda oson tuyulishi mumkin, lekin yillar davomida qilingan mehnat, chekilgan zahmatlarni esa o‘sha insonning o‘zicha his etish qiyin kechadi. Hozirgi paytda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy izlanishlar olib borayotgan Abduvahob Zaripov shu kungacha qanday yutuqlarga erishdi? Bu savol sohada faoliyat olib borayotgan, ayniqsa, mazkur tanlovda unga raqobatchi bo‘lgan hamsaflariga qiziqarli bo‘lishi tabiiy hol.

 

 

Qo‘shrabot tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi vazifasida faoliyat olib borayotgan Abduvahob Zaripov 2013-yili SamDU filologiya fakulteti bakalavriatini tugatib, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan. O‘sha yildan boshlab to‘rt-besh yil mobaynida SamISI qoshidagi akademik liseyda “Kamolot” yetakchi lavozimida ishlaydi. 2013-yili “Yilning eng faol targ‘ibotchisi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faol qatnashgan. 2016-yili esa “Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlangan eng yaxshi maqola” tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Abduvahob 2017–2019-yillarda o‘rta maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars bergan. Bu faoliyati davomida ham qator loyihalarda ishtirok etdi.

 

– Aslida, birinchi sinfligimdan tadbirlarda faol bo‘lganman. Hamma olgan diplomlarim qizil. Maktab ham, bakalavriat ham, magistratura ham. Ichida bitta ham ko‘ki yo‘q. Hozir doktoranturada tahsil olayapman, – deydi qahramonimiz suhbat chog‘ida. Ayni kunda Abduvahob Zaripov filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun “Ijodkorning ruhiy-psixologik evolyusiyasi” mavzusi ustida izlanish olib bormoqda.

 

 

Yaxshi ijodkor umidli shogirdlarni tayyorlaydi. Uning o‘quvchilari ham bir qator tanlov va loyihalarda faol. Salkam o‘n yillik faoliyati jarayonida ko‘plab shogirdlar yetishtirib, bu mehnatlari uchun ham taqdirlangan. “Ustozingga rahmat deyishsa, juda faxrlanaman”, deydi g‘olibning o‘zi. Abduvahob bundan keyin ham bu ishni kuchli ishtiyoq va g‘ayrat bilan davom ettirmoqchi ekanini ta’kidladi.

 

Ha, dunyo yaralibdiki, faqatgina kurashganlar g‘olib bo‘ladi, xatolardan qo‘rqqanlar emas. Xatolar bizni tarbiyalaydi, qachonki to‘g‘ri xulosa chiqara olsak. Zero, kasb-korning yomoni bo‘lmaydi. Ayniqsa, yosh avlodga ilm sirlarini o‘rgatish, ularning qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shish o‘ta mas’uliyatli va savobli amallardan hisoblanadi.

 

O‘zingizga yoqqan bir ishni boshlang-da, bu yo‘lda to kutilgan muvaffaqiyatga erishmaguncha to‘xtamang! Bu – Abduvahob Zaripovning shiori!

 

Behruz XURRAM,

O‘zDJTU talabasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi