Aholining g‘amlagan o‘t-o‘lanigacha soliq solgan xon, yurtini yov bosganda to‘y-tomosha uyushtirgan boy – Yujin Skaylerning “Turkiston” kitobida nimalar yozilgan?


Saqlash
19:05 / 31.05.2022 2280 0

Kechmishing bor chindan ham uzoq,

Ilg‘ay olmas barchasin ko‘zim.

Maqtamasman moziyni biroq,

O‘tmishingni o‘ylayman bir zum.

Abdulla ORIPOV

 

Amerikalik adib, olim, diplomat va sayyoh Yujin Skaylerning 1876-yilda Londonda nashr etilgan “Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qo‘qon, Buxoro va G‘uljaga sayohat qaydlari” asari, nihoyat, o‘zbek o‘quvchisi qo‘liga yetib bordi. Kitobga so‘zboshi yozgan olima Dilorom Alimova asar o‘lkaning Rusiya istilosi davridagi kechmishi haqida hikoya qiluvchi qimmatli manba ekani va Arminiy Vamberining mashhur “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” risolasidan qolishmasligini ta’kidlagan. Ushbu noyob manbaning  bir asrdan ziyod vaqt mobaynida o‘zbek tiliga o‘girilmagani hayratlanarli. Yujin Skayler Turkistonga 1873-yili – Rusiya imperiyasi O‘rta Osiyo xonliklarini birin-ketin zabt etayotgan davrda keladi. Sayyoh o‘nlab shahr-u kentlarni goh piyoda, goh markabda kezib, o‘lka tarixi, tabiati va qadriyatlaridan ancha-muncha xabardor bo‘ladi. Ajnabiy diplomat dunyodan uzilgan, jaholat ma’rifatdan ustun kelgan, zulm adolat payini kesgan Turkistonnigoh hayajon, goh hayrat  va goh taassuf ila kuzatadi.

 

Turkiston Yujin Skayler yashagan davlat – Amerika uchun sirli-tilsimli bir olam edi. Shu bois, okeanortidan kelgan tadqiqotchi o‘lka xalqlari hayotini ipidan ignasigacha o‘rganishga uringan. U bir o‘rinda o‘lkashunos, bir lavhada tarixchi, yana bir sahifada jurnalist bo‘lib gavdalanadi.

 

Zukko mushtariyning yodida bo‘lsa kerak, “O‘tgan kunlar” romanining “Ota-ona orzusi” bobida ushmundoq munozara kechadi:

 

“Otabek ham qizishdi:

– Xotin bo‘lmasa, nima, axir?!

 – Qoshliq, ko‘zlik bir andi!

 – Andi deganingiz nima o‘zi?

Yusufbek hoji o‘g‘lini bosish o‘rniga javob ber, degandek qilib iljaygan holda xotiniga qaradi. O‘zbek oyim “andi” ma’nosini bildirib, andilarning sihrini rad qilish uchun bir oz tutiliqib qiynaldi:

 

– Andi... andi... o‘zi xitoymi, nima balo... o‘zi qalmoqdan tarqag‘an bo‘ladir... Tushinmagan bo‘lsang, lo‘lilarning bir toyifasi...”

 

Amriqolik  sayyoh bitiklarida O‘zbek oyim mushkulini oson qilib, “andi”lar haqida ham muxtasar ma’lumot beradi: “Yana bu yerda boshqa bir kichikroq, g‘alati xalq ham borligini eslatib o‘tishim shart. Ular Andi deb atalib, Chimkent va Avliyoota orasidagi ikkinchi pochta bekati – Mashhad va unga qo‘shni yana uchta qishloq aholisi sanaladi. Ular turkiy lahjada so‘zlashib, ayollarining ochiq yurishiga ruxsat berishgan, bir-birlari bilangina o‘zaro nikohdan o‘tishib, o‘zlarini “andi” deb atashlarini xohlamaydilar, shunga ko‘ra, nasl-nasabidan or qiladi deb taxmin qilish mumkin”.

 

O‘rlashsang yotib olib o‘rlashadigan, bellashsang belingdan qo‘l olmaydigan bir xorijlik olimga tili-yu dini boshqa xalqlar hayotini sinchiklab o‘rganish nima uchun zarur bo‘lgan? Yetti pushtini bilmay yashayapti-ku qancha odamlar! Fikran Toshkentdan nari chiqmagan, qarichi Taxtiqorachadan beri oshmagan kalondimog‘lar kammi yurtimizda?! Yujin Skayler hayajon ila hikoya qilgan turkiy urug‘lar mohiyatiga aqli yetmaydigan ziyolilarimiz qancha!

 

Amerikalik olim qadimgi rim, arab, xitoy manbalari; rus, mo‘g‘ul, temuriylar davlatiga doir bitiklarni, jumladan, Bobur Mirzoning “Boburnoma”si, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi turk” va “Shajarayi tarokima” asarlarini mutolaa qiladi, islom dini va payg‘ambarlar hayotini puxta o‘rganadi. Ahli musulmonning muqaddas kitobi Qur’oni karimni ham o‘qib chiqadi.

 

Sayyoh bu yerlarda qurg‘oqchilik o‘lka xalqi boshiga katta balo keltirishini, 1770-yil Buxorodagi qahatchilik, 1810-1811-yillardagi ocharchilik davrida odamlar hatto farzandi va yaqinlarini sotganini qayd etadi.

 

Skayler Turkiston tarixidagi mash’um hodisalar – 1835-, 1869-1870-yillardagi ocharchilikni ham tilga oladi va qahatchilik davrida keksalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani yoki o‘ldirilganini aytib o‘tadi. Konfutsiy izdoshi Men Szining “Mamlakatni muvaffaqiyatli idora etishning 12 qoidasi” asarida shunday bir fikrni o‘qigan edim: “Hosil mo‘l bo‘lmagan yil ko‘plab aka-ukalar bag‘ritosh bo‘lib qoladilar, – deb yozadi faylasuf. – Bu bag‘ritoshlik Koinot tomonidan ularga berilgan tabiiy sifatlarga bog‘liq emas. Balki, ochlik ular qalbida yovuzlikning uyg‘onishiga sabab bo‘ladi”.

 

Amriqolik diplomat adolatsiz, qo‘rqoq va kayf-safoga berilgan beklar bilan ham tanishadi. Muallif Turkiston hayotini zohiran ko‘rsa-da, botiniga yetib bormagan, axloqiy munosabatlarni chuqur idrok etmagan o‘rinlar ham uchraydi. Qolaversa, ajnabiy sayyoh musulmon hayotini g‘arbcha andozalar bilan o‘lchaydi.

 

 

Tojdorlar bilan yuzma-yuz

 

Skayler Xudoyorxon bilan ilk uchrashuvi haqida yozar ekan, “buxorocha yashil chodirda oq sallali uchta erkak” ichida qay biri xon ekanini daf’atan fahmlamaganini qayd etadi. Ikkinchi ko‘rishuv Baliqchi bekligida ro‘y beradi: mehmon mezbonga – “to‘ladan kelgan, ellik besh yoshlar chamasi, qizg‘ish rang soqolli” Xudoyorxonga o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ta’zim qiladi. O‘z navbatida xon ham salomlashish uchun amriqolik diplomatga qo‘l beradi. O‘rtada  aytarli suhbat bo‘lmagan chog‘i, muallif ortiqcha tafsilotga to‘xtalmagan. Ammo u soliq yukini ko‘tara olmay abgor bo‘lgan va xonga qarshi qo‘zg‘algan Qo‘qon xalqi hayotini atroflicha tasvirlaydi. Sayyohning shohidlik berishicha, xonlikda soliq turlari shu qadar ko‘p bo‘lganki, hatto hovuz bo‘yida yashovchilar zuluk solig‘i to‘lagan. Bundan tashqari, masjidga tayinlangan imom xonlikka o‘n tanga, so‘fi esa besh tanga berishi lozim bo‘lgan. Kimda-kim o‘t-o‘lan, qamish yoki buta g‘amlagan bo‘lsa ham soliq to‘lashga majburlangan. Ko‘cha-ko‘yda maymun, ayiq, echki o‘ynatib tomosha ko‘rsatuvchilardan ham soliq undirilgan.

 

Skayler Xudoyorxon shaxsiyatiga chizgi berar ekan, “Faqat soliqlar emas, balki boshqa munosabatlarda ham xon mustabid hokim sanaladi... Yoshligida xiylagina axloqsiz bo‘lib, 1853-yilda bosh vaziri Musulmonqulni qatl etgach, qotilga ham aylandi. Tomirida qipchoq qoni oqayotganiga qaramay, 20000 qipchoqni qatliom qildi va mamlakat ahli nafratiga uchradi” deb yozadi.

 

Is’hoqxon Ibratning “Farg‘ona tarixi” asarida ham Qo‘qon xonining “Rusiyadan xotirjam bo‘lub, vaqtini o‘yin-kulki bilan o‘tkarub, qush solmoq va ko‘kbo‘ri chopmoq yo‘llarinda bo‘lub, ulamo va fuzalo nasihatlariga amal qilmay yurgani...” bayon etilgan. Xo‘sh, o‘yin-kulgiga berilgan tojdorning o‘rdusi – armiyasi qay ahvolda bo‘lgan?

 

“Qo‘qonning 12000 kishilik qo‘shini bo‘lib, ancha sust, qat’iy intizom o‘rnatilmagan. Bir xil kiyingan va qurollangan ikkita odamni zo‘rg‘a uchratdim. Ba’zilarida kaltak, so‘yil yoki pilta miltiq bo‘lsa, ba’zilarida uchi aylana jez, bo‘g‘imlariga taqib olgan mahalliy so‘yildan bo‘lak hech vaqo yo‘q”, deb yozadi sayyoh.

 

Zarafshon okrugi rahbari, general Aleksandr Abramovning maxsus xati bilan yurgan amriqolik Buxoro amiri Muzaffar bilan Kosonda – chodirda uchrashadi: “...Rasmiy amaldorlar tashqarida qolib, yolg‘iz men va tarjimonim ichkariga kirdik.

 

...Kirishim bilan u kulimsirab, qo‘l uzatib ko‘rishdi-da, “General omonmi?” – deb so‘radi. “Ha, durust”, deb javob berdim. So‘ngra u tarjimonim bilan qo‘l berib ko‘rishgach, chodirning o‘ng tomoniga – yuzma-yuz o‘tirishga ishora qildi. Qoidaga ko‘ra, u birinchi bo‘lib gapirishi kerak, shu bois sukut saqlab uni kuzata boshladim. U uzun bo‘yli, baquvvat, yuzi bo‘zargan, kichkina, qora va tashvishli ko‘zlari har tomonga pirillardi. Qovoqlari salqigan va nosog‘lom, qo‘llari butun suhbat davomida qaltirardi. Soqoli qop-qora, quyuq. U kulrang ipak to‘n kiyib, oq salla o‘ragan edi”.

 

Skayler amirga Kitob, Shahrisabz va Qarshiga safar qilgani, beklar mehmonnavozlik ko‘rsatgani haqida so‘zlaydi. Amir sayyohga “O‘zingizni mamlakatingizdagidek his eting, istagan yeringizga safar qiling. Buxoro, Qorako‘l, Chorjo‘yga boring. Mehmonimiz bo‘ling va vaqtni chog‘ o‘tkazing. To‘qsabo barcha yumushlaringizni o‘z zimmasiga oladi” deya iltifot ko‘rsatadi. Amirni obdon kuzatgan Skayler Muzaffardagi qahr va injiqlik otasi amir Nasrullodan o‘tgani, ammo u amir marhum qiblagohi kabi qattiqqo‘l va kuchli fe’l-atvor sohibi bo‘la olmaganini qayd etadi. Diplomat hukmdor hadyasi – to‘rtta to‘n va bezatilgan otni olib Samarqandga jo‘naydi. O‘sha yerda amirda yaxshi taassurot qoldirmaganidan xabar topadi. “Amir mendan ko‘pam qoniqmagani sababini tanishuv chog‘i qo‘lini qattiq siqqanim bilan izohlabdi” deb yozadi u.

 

Amir Muzaffar davrida rus qo‘shinlari Kitob va Shahrisabzni egallagandan keyin amirlikka yon bermay kelgan beklar – Jo‘rabek va Bobobek ilinj izlab Qo‘qonga ot qo‘yadi. Xudoyorxon eski alamni olish fursati yetganidan mamnun bo‘lib, yordam so‘rab kelgan beklarni chor ma’murlariga tutib beradi. Skayler Jo‘rabekni “mutlaqo olijanob inson”, “haqiqiy musulmon”, “ham ruslar, ham izdoshlariga yon bosardi” deb tilga olar ekan, bek ruslar ko‘magida bo‘lsa ham o‘z hokimiyatini tiklashga umidvor ekanini ta’kidlab o‘tadi. Shu o‘rinda, Ismoil Gasprinskiyning “General Jo‘rabek avvallari Kitob shahrining mustaqil xoni bo‘lib, keyinchalik Rusiyaning dushmani sifatida asir tushib, Turkiston ishlarida Rusiyaga sadoqat bilan xizmat qilgan.

 

Marhum tug‘ma askar bo‘lishi bilan barobar ilm va maorifni ham juda sevgan bir kishi edi. “Tarjimon”ni chiqqan kunidan beri doimiy o‘quvchilaridan edi (Olloh undan o‘z rahmatini darig‘ tutmasin)” degan xotirasi yodga tushadi (Ismoil Gasprinskiy. “Hayot va mamot masalasi”, T., “Ma’naviyat”, 2006-yil).

 

 

Uch hukmdor haramini bezagan Xonposhsha

 

Skayler sayohatidan o‘ttiz yil burun Muhammad Hakimxon to‘ra “Muntaxab at-tavorix” nomli tarixiy asar insho etib, Buxor o amirligi va Qo‘qon xonligi hayotining sir-asrorlaridan voqif qilgan edi. Ushbu asar ham Skaylerning “Turkiston”i kabi qor yog‘ib, izlar hali bosilmay turib qog‘ozga tushirilgan. Hikoyamiz amir va xonlar zamoni haqida ekan, bir qayg‘uli qissaga quloq tutsak.

 

“Muntaxab” muallifi Muhammad Hakimxon to‘ra sershubha va haris Madalixon buyrug‘iga ko‘ra avval bir necha oy tutqunlikda saqlanadi, so‘ng haj bahonasida yurtdan majburan chiqarib yuboriladi. Muarrixning Rum, Mozandaron, Turkiya, Shom, Misr, Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq bo‘ylab sarson-sargardonligi boshlanadi. Rossiya shaharlarini, xususan Shamayni ko‘rgan Hakimxon to‘ra hayrat barmog‘ini tishlaydi. U 1824-1825-yilda Orenburgda imperator Aleksandr Birinchi bilan uchrashadi: “Men bilan podshoh o‘rtamizdagi suhbat juda ham qizib, avjiga minganidan o‘sha kechasi boshqa hech kimsani huzuriga taklif qilmadi. Men bilan har to‘g‘rida so‘zlashdi. Ayniqsa, Movarounnahr ahvoli borasida ko‘p so‘rab-surishtirdi. Saharga yaqingina kaminaga ketish uchun ijozat berdi”.

 

Qo‘qon xonligining e’tiborli odami Hakimxon to‘rani qabul qilgan oqposhsho savol-javob asnosida manfur rejasini tahlildan o‘tkazganiga shubha yo‘q.

 

Madalixonning otasi Amir Umarxon davrida Nodira, Uvaysiy, Dilshod Barno kabi shoiralar ijod qilgani ma’lum. Saltanatning saodatli zamonini Ibrat domla “Ul asrda shoirlik rivojda bo‘lub, shu’arolar ko‘paygan ekanlar. Bulardan Xotif, Mashrab (Boborahim Mashrab emas – O.T.) va Adoiy, Namangandan Mavlono Fazliy va shoiralardan ham necha adad fozila xotunlardan bor ekanlar, bularni ash’orlari “Majmuat ush-shu’aro”larida masturdir” deb ta’riflagan edi. O‘zbek va tojik tilida ijod qilgan Dilshod Barno “Muhojirlar tarixi” asarida bitganidek, bir qo‘lida qalam, bir qo‘lida qilich tutgan Amir Umarxon – Amiriy O‘ratepani qamal qilib, shahar himoyachilaridan 400 nafarini dorga tortadi. 13 mingdan ziyod kishini asir qilib Qo‘qonga qaytadi. Ular orasida Dilshod Barno ham bo‘lgan. Shoh libosidagi shoir Amiriy (Umarxon) asira Dilshod Barnoga “Kel, ey tojikning g‘azalxon qizi...” deydi va xontaxta ustida turgan anorga bag‘ishlab g‘azal to‘qishini talab qiladi. Dilshod Barno quyidagi g‘azalni o‘qiydi:

 

“Buni bir gumbazi aflok ko‘rdim,

Ichini liq to‘la g‘amnok ko‘rdim.

 

Yuziga parda tortig‘liq harirdan,

Dilini qon, ko‘zini namnok ko‘rdim.

 

Umarxon hukmining zolim tig‘idan

Go‘zallarning dilini chok ko‘rdim”.

 

Shoira shu baytni o‘qiganda, amir ikki qarsak urib, mahramini chorlaydi va unga ko‘z bilan ishora qilib, “Bu geso‘buridani zindonga olib boring”, deydi. “Men bu ishora ma’nosini anglamadim...”, deb yozadi shoira.

 

Musulmondan kofir, kofirdan musulmon chiqarish Ollohning ixtiyorida. Ammo Amiriy va Nodirabegimning farzandi, she’r-u g‘azal ichida ulg‘aygan Muhammad Alixonning (Madalixon) tubanliklari ildizi chuqur ekanini taxmin qilish mumkin.

 

Aksar sharq hukmdorlari fe’li-xo‘yidan yiroq tushmagan Madalixon 1822-yil yanvar oyida otasi Umarxon o‘rniga taxtga chiqqach, bo‘zaxo‘rlik va kaptarbozlikka mukkasidan ketadi. Hashamatli kaptarxonalar qurdiradi. Yaxshi kaptar daragini eshitsa, bas, Koshg‘ar, Buxoro, Shahrisabzdan bo‘lsa ham toptirib keladi. Xonning kaptarbozligi shu darajaga yetadiki, kaptarlarning oyog‘iga tillo va kumush halqalar osib, uyasini chiniy tovoqdan, mixini kumushdan, har bir xonasini koshindan yasatadi. Kaptarning “g‘ul-g‘ul”i ko‘ngliga urganda, doirazanlik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Uning tilla va gavhar toshlar bilan bezatilgan to‘qqizta doirasi tillarda doston edi. Shuncha ko‘ngilxushliklar kamlik qiladi, shekilli, xonning ishqi qimorga tushadi va qaysi muzofotda dong taratgan qimorboz bo‘lsa, uni chaqirtirib, tunni tongga ulab oshiq tashlaydi. Boz ustiga, el o‘g‘ri deb la’natlaydigan kaslar bilan ulfatchilik qiladi.

 

“Muntaxab at-tavorix”da yozilishicha, Amir Umarxonning Bahodirxoja ismli dasturxonchisi bo‘lib, uning xotini Madalixonni emizgan onasi edi. Shu sababli u Bahodirxojani “ota” deb chaqirardi. Madalixon ana o‘sha husn-u jamolda tengsiz ayolga shahvat qo‘lini cho‘zadi va pinhona murodini hosil qilib yuradi. “Odamlar bilmasdan meni ko‘ngilochar ishlarni qilmaslikka undab, bu nomunosib qiliq, deydilar. Aslida men o‘zim bir necha bor sinab ko‘rdim – qachon ro‘za tutish, namoz o‘qish singari savob ishlarni qilsam, qaytanga, o‘shancha ishim o‘ngidan kelmay, chappasiga ketadi. Qancha gunoh ishga qo‘l ursam, shuncha ko‘proq ishim rivoj topadi”, deydi  u uyalmay.

 

Hakimxon to‘raning yozishicha, Madalixon Amir Umarxonning bevasi, o‘gay onasiga uylanib, o‘g‘il ko‘rgan va unga katta to‘y ham bergan. Qayd etmoq joizki, faqihlar kishining ilgari otasi nikohida bo‘lgan xotinidan farzand tug‘ilsa, u “maqto”, ya’ni, “din dushmani” deb atagan.

 

Madalixonning inisi Mahmudxon amir Nasrulloga “Siz, amir janoblari, hozirgi kunda Movarounnahrning eng kattasi va ulug‘i hisoblanasiz. Bugun bizga aniq ma’lum bo‘ldiki, Muhammadalixon akamiz bitta ayol uchun ahmadiy dinidan voz kechibdi. Siz janoblari uchun vojibdurkim, unga tanbeh bergaysiz. Agar Siz janoblari bu ishda hayal qilib, orqaga sursangiz, u holda bizga ruxsat bering, bu savobni biz ado eturmiz” degan mazmunda noma bitadi. Maktubni olgan Amir Nasrullo Qo‘qon xoniga “Eshitishimizcha, siz o‘z otangizning bevasini halol bilib, nikohingizga olibsiz. Qaysi dalilga ko‘ra bu ishga qo‘l urdingiz?” deya maktub yuboradi. Madalixon amirga haqoratomuz javob yo‘llaydi va Buxoroga qo‘shin tortadi.

 

Xo‘sh, o‘sha taloto‘plarda Umarxonning bevasi, shoira Nodirabegim qanday yo‘l tutgan? Uvaysiyning naql qilishicha, Madalixon harbiy yurishlarda onasi maslahati va roziligini olar ekan. Lekin sarkash o‘g‘il onasi maslahatlarini qabul qilganmi-yo‘qmi – bizga qorong‘i. Ammo:

 

“G‘amda o‘ldum, g‘ussada kuydum, ilojim topmadim,

Emdi hasratlar bilan kechsun meni yoz-u qishim”

 

– kabi satrlaridan taxmin qilish mumkinki, shoira saroydagi g‘ayrimashru’ ishlar, chirkin va axloqsiz muhit qarshisida nochor bo‘lgan. Quyidagi satrlar ham fikrimizni tasdiqlaydi:

 

“Ko‘zum yoshini charxi bemuruvvat xoka do‘ndurdi,

Nechuk jurm o‘ldi paydo ushbu tifli begunohimda”.

 

Taniqli olim Haydarbek Bobobekovning yozishicha, razolatga botgan xon hayoti “Ansob as-salotin va tavorix al-havoqin” nomli qo‘lyozmada ham bayon etilgan: “Har kimni sohibjamol qizi bo‘lsa, xonga ma’qul qilib, fohishalar soyabonlik arobaga tushib borib, ul qizni xonning xizmatiga oldirub kelur erdilar. Vazirlar va ulamolar va umarolar xijolatda erdilar, ahdini rioya aylamas erdi. Har kimning qizini sohibjamol deb eshitsa, har viloyatda bo‘lsa ham, xoh eshon, xoh ulamo, xoh boy – rioya qilmay oldirub kelar erdi. Manzur bo‘lsa saqlar erdi, manzur bo‘lmasa joyiga yuborur erdi”.

 

Madalixon va amir Nasrullo munosabati manbalarda turlicha talqin etilgan. Mirzo Olim Maxdum hoji “Tarixi Turkiston” asarida Madalixon haqida salbiy fikr aytmagan. Xonning qatl etilgani, Buxoro amirini qo‘qonliklar xushlamagani, Ibrohim xayol degan bir nashavand (“taryoki”) Farg‘onaga voliy qilib qo‘yilganiga urg‘u beradi. Ibrat domla “Farg‘ona tarixi” kitobida o‘n besh yoshli xonni “manbai adlu adolat”, “g‘oziy”, “sohibqiron” deya madh etadi. “Muhammad Alixon atosining mankuhasini oldi, balki haromni halol dedi, kofir bo‘ldi...” deya hukm o‘qigan muarrix boshqa bir o‘rinda “Muhammad Alixon anosini oldi degan so‘z afvohi nosda joriy bo‘lsa ham, bu so‘z rost bo‘lmay, buxoriylar qatllarini aybini satri uchun qilg‘an qabihalarini tavjihiga chiqarilmish so‘zlari ekan. Asl muddao bo‘lak ekan. Chunonchi, Umarxon olaman degan Podshohxon oyimning husnini eshitub, g‘oyibona maftuni jamoli bo‘lub, muni anga sabab qilib kelgan ekan” deya xulosa yasaydi.

 

“Farg‘ona tarixi”da “Muntaxab” haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Menimcha, Ibrat domla ham, boshqa mutaxassislar ham bu manbani bilgan-u, ammo Madalixon tazyiqiga uchragan, undan marhamat ko‘rmay, aksincha, quvg‘inda yurgan xonzoda bitgani uchun noxolislik bor, degan ishtiboh bilan qaragan bo‘lishi mumkin.

 

Alhosil, amir Nasrullo Qo‘qonni qonga botirib, olim-u fuzalolar, usta-hunarmandlarga qo‘shib Amir Umarxon va Madalixon haramining naqshi, go‘zallikda malika Bilqiysga mengzalgan Xonposhshani (Podshohxon) olib Buxoroga qaytadi.

 

“Muntaxab”da bayon etilishicha, Xonposhsha ikki yil-u to‘rt oy davomida Umarxon nikohida turadi. Madalixonga o‘n to‘qqiz yil hamto‘shak bo‘ladi. Amir Nasrulloga ikki oy tanmahramlik qilgach, kutilmaganda hukmdor g‘azabiga duchor bo‘lib, “maqto” farzandlari bilan birga qatl etiladi.

 

Xonposhsha qissasi o‘sha davr ijtimoiy-axloqiy tanazzulimizga bir dalildir. Ehtimol, shu bois ham bu mahzun qissa Abdulla Qodiriyni hayajonga solgandir? Ulug‘ adibimiz “Mehrobdan chayon” romanining ikkinchi bobini bejiz “Amir Umarxonning kanizi” deb nomlamagan. Adibning shu nomda roman yozish niyati bo‘lganini ham yaxshi bilamiz...

 

Yozuvchining o‘g‘li Habibulla Qodiriyning “Otamdan xotira” asarida taniqli olima Muzayyana Alaviyaning shunday so‘zlari bor: “1935- yoki 1936-yil edi. Bir kuni Abdulla akani qiziq bir holatda ko‘rdim. Xonasida uzoq o‘tirib, kitoblar orasidan chiqib keldi. Ko‘zlari yig‘lagansumon, ammo ruhi baland edi. Hayron bo‘lib qolganimni sezib: “O‘ylab yurgan romanimni yozib bitirsam, kitob bo‘lib chiqsa, qo‘rqamanki “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”ni hech kim o‘qimay qo‘yadimi deyman”, dedi”.

 

Oradan sakson yil o‘tib, adib va shoir Abdulhamid Ismoil Abdulla Qodiriy haqida ilk roman – “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin”ni bitdi va “Muntaxab at-tavorix”da tasvirlanmish voqealarni badiiy aks ettirdi.

 

Yujin Skayler Muhammad Hakimxon to‘ra haqida ma’lumotga ega bo‘lmagani va “Muntaxab”ni ham o‘qimagani aniq. Ammo u ham amir Nasrulloni qonxo‘r deb atar ekan. Kitob begini oilasi bilan o‘limga buyurganini dalil sifatida keltiradi. Unga, ayniqsa, amirning o‘z dindosh va millatdosh birodarlarini qatl etgani juda og‘ir botadi. Sayyoh tanga va qimmatbaho toshlar bilan savdo qiluvchi bir yahudiy haqida hikoya qilib, “Otasi Ma’mun ismli yahudiy bo‘lib, Buxoroda lapus lazuli – lojuvard savdosi bo‘yicha mashhur sanalib, Stoddart va Konollining o‘ldirilganligini surishtirish uchun Buxoroga kelgan doktor Vulf bilan yaqin do‘st bo‘lgan ekan” deydi.

 

Skayler bu ikki inglizga bejiz to‘xtalmaydi. Tarjimon Zokir Saidboboyevning sharhiga ko‘ra, ingliz polkovnigi va diplomati Charlz Stoddart Buxoroda josuslikda ayblanib, qamoqqa olinadi. Hamkasbini qutqarishga kelgan britaniyalik razvedkachi Artur Konolli ham 1841-yilda asir olinadi. Amir Nasrullo farmoniga ko‘ra har ikki ayg‘oqchi 1842-yilda qatl etiladi. Manbalarda nomi zikr etilgan yana bir britaniyalik missioner Jozef Vulf 1843-yilda Stoddart va Konollini izlab Buxoroga keladi va ularning qatl etilganini bilgach, Angliyaga qaytib ketadi. Mirzo Olim Maxdum hoji “Tarixi Turkiston” asarida inglizlarning Buxoro va Qo‘qonda mehmon bo‘lishiga xayrixohlik bildirgan. “Mundin buyon inglis hukumati birinchi daf’atan boshlab, Movaraunnahr hukumati ilan munosabati do‘stona turmoqga niyat va mubosharat etgan edi.

 

Shul asnolarda inglislar afg‘onliklar ila muhoraba qilishib, Afg‘onistonga kirgan edi. Elchi bo‘lub kelgon Sutud Doratning maslak va muddaosi inglislar tarafidin biror turlik yomon niyat va yo zarar kelturmaslikga amirni ishonturub, boshqa davlatning, ya’ni Rusiyaning bu mamlakatlarga qasd va tajovuzidin saqlamoq va mudofaa etmakni xohlagandin iborat edi” deb yozadi muarrix. Aslida, Angliyaning maqsadi Qo‘qon, Xiva xonliklari va Buxoro amirligini birlashtirib, Rusiyaga qarshi kurash olib borish bo‘lgani hukmron doiralarga ma’lum edi. Muarrix garchi Angliya va Rusiyaning Turkiston ustida talashayotganini yaxshi anglasa-da, inglizlarni o‘limga buyurgani uchun amir Nasrulloni aybdor sanaydi. Adabiyotshunos Sharif Yusupov ham bir maqolasida Mirzo Olim Maxdum hoji nuqtayi nazarini yoqlagan (“Mash’um xato yoki gap kanizakda edimi?” “O‘zAS”, 2005-yil 10-iyun). Tarixchi Qahramon Rajabov esa “Nasrullohxon” risolasida (Toshkent, 2011-yil) amirning qarori to‘g‘ri bo‘lganiga bir qator dalillar keltirgan.

 

Ne tongki, yurtimizga “ulug‘ xaloskor” sifatida kelgan g‘ayrimillat, g‘ayridinlar jon do‘st emas, mol do‘st ekanini o‘tmish va bugun isbot etib turibdi...

 

 

“To‘rtovlon tugal bo‘lsa...”

 

Rusning ulug‘ shoiri Pushkinning yaqin do‘sti, mutafakkir Pyotr Chaadayev “Tarix xalqni tushunish kalitidir” der ekan, millatning o‘tmishini bilish uning kimligini anglashdir, degan g‘oyani ilgari suradi. Aleksandr Sergeyevich rus jamoatchiligiga “Insoniyat an’analarining buyuk xazinasi bo‘lmish Sharqni o‘rganing” deb ta’lim bergan jangchi, faylasuf do‘stini ardoqlab, unga hurmat bajo keltirgan, she’rlar bag‘ishlagan. Chunki Chaadayevning ulug‘ shoir hayoti va ijodida katta o‘rni bor edi. Shoir ijodini o‘rgangan ayrim adabiyotshunoslar hatto Pyotr Chaadayev Yevgeniy Oneginning prototipi ham deyishadi.

 

Pushkin Chaadayevga 1836-yil 19-oktabrda yo‘llagan maktubida Rossiyaning o‘tmishi va bugunidan dam qayg‘uga botib, dam g‘ururlanib shunday yozadi: “Shubhasiz, sxizma (pravoslav va katolik cherkovlarining ajralishi – O.T.) bizni Yevropaning qolgan qismidan judo qildi va biz qit’ani larzaga keltirgan buyuk hodisalarning hech birida ishtirok etmadik, illo aynan biz uchun atalgani boshqa edi. Qaysiki, mo‘g‘ullar hujumi bepoyon kengliklariga singib ketgan Rossiya edi bu. Bizni oyoqosti qilib, g‘arbiy sarhadlarimizni kesib o‘tishga tatarlarning jur’ati yetmadi. Ular o‘z sahrolari tomon ravona bo‘lishdi va shu tariqa nasroniylik sivilizatsiyasi saqlanib qoldi”. (“Друзья Пушкина”. В двух томах, М., 1985, том 1, 505 стр).

 

Tarix va xalq hayotiga tanqidiy nazar tashlagan daho shoirning birgina xati ham ibrat bo‘lgulik.

 

Biologiyada “anabioz” degan bir tushuncha bor. Lug‘aviy ma’nosi “jonlanish, tirilish” degani. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu tushunchaga “Ba’zi bir tirik organizmlarda hayotiy jarayonlarning noqulay sharoitlarda sekinlashuv yoki to‘xtab qolish holati” deb ta’rif berilgan. Tabiat qonunlariga ko‘ra bu holat me’yor hisoblandi. Alloh taolo o‘zi yaratgan maxluqlarni mana shunday kuchli himoya tizimi bilan ihotalab qo‘ygan. Jamiyat hayotidagi u yoki bu ko‘tarilish, jonlanish ham uning yangilanishga intilishi ekan. Afsuski, umumiy saviyasi past, g‘ayrat-u g‘ujurdan mosuvo xalqlar “Keldi ochilur chog‘ing...” degan da’vatga ham beparvo yashashi mumkin. Yalpi uyg‘onish oni o‘n yilliklarda bir kelishini loqaydlik chohida yotgan el qayoqdanam bilsin!

 

Turkiston chor istilochilari qo‘liga o‘tganining bir qancha sabablari bor. Ilkinchi sabab haqida so‘z yuritganda, bir narsani unutmaslik lozim: bosqinchi va tobe davlatlar taraqqiyoti hamisha har xil kechgan. Faqat muqoyasa qilibgina savollarga javob olish mumkin. XIX asr boshidan rus davlati urush domiga tortilgan edi. Mag‘lubiyat, g‘alaba, omad va omadsizlik Rus armiyasi, uning sanoati va iqtisodi, harbiy va davlat tuzilmasini muntazam imtihondan o‘tkazib turgan. Urush omili imperiya rivojiga, yangi-yangi hududlarni egallashiga imkon bergan. Albatta, bu siyosatning  tub ildizlari Pyotr Birinchi davriga borib taqaladi.

 

Rossiyaning XIX asrdagi kuch-qudratini tasavvur etish uchun jamiyatning tayanchi va ruhi bo‘lgan adabiyot va san’atni esga olish kifoya. O‘sha davrda Rossiya Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Nikolay Gogol, Ivan Turgenev, Anton Chexovdek ulkan so‘z san’atkorlari, kompozitor Pyotr Chaykovskiy, rassom Ilya Repin, Konstantin Saviskiy, Vasiliy Surikov va yana biz nomini faromush qilgan ko‘plab iste’dodlar, Pavel Tretyakov kabi san’at daholari vatani sifatida ham tanilgan bo‘lsa, XIX asr birinchi yarmida Qo‘qon xonligida Hoziq, Maxmur, Gulxaniy, Nodira, Uvaysiy, Xiva xonligida Munis, Ogahiy, Buxoro amirligida Ahmad Donish, asrning ikkinchi yarmida Muqimiy, Furqat, Komil Xorazmiy, Anbar otin, Avaz O‘tar nomi mashhur edi.

 

Shimoldagi tojdorlar ishtahasini qitiqlagan uchta xonlik esa siyosiy-iqtisodiy va harbiy jihatdan juda nochor edi. Bu ayanchli manzarani Fitrat domladan o‘tkazib tasvirlash mushkul: “Saltanat, boyliq va madaniyat ichgulari bizning miyamizni buzdi, bizni mast etdi, qo‘limizdag‘i saltanat qilichi bilan madaniyat daftarini bir yonga qo‘yib, safoat cholg‘ularin oldiq. Urdik, choldik, ichdik, yiqildik, yondik va shunlar uchun bir-birimiz bilan urushdik...” (Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. T., “Ma’naviyat”, 2003-yil, 201-202-betlar).

 

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Azbo degan o‘zib bo‘lmas moyalari bor edi. Bir a’robiy durkun tuyada kelib, undan o‘zib ketdi. Bu esa musulmonlarga og‘ir botdi. Nihoyat, u zot buni ko‘rib “Dunyoda nimaiki yuksalsa, uni pastlatish Allohning haqqidir” dedilar” (“Oltin silsila”, 4-jild, “Sahihul Buxoriy”, 102-bet).

 

Lyusen Keren “Amir Temur saltanati” kitobida musulmon olamidagi ikki buyuk hukmdor – Amir Temur va Yildirim Boyazid to‘qnashuvidan so‘ng turkiy dunyoning inqirozi boshlanganini asoslab bergan. Sohibqirondan so‘ng parchalanib ketgan saltanatning nimchorak hukmdorlari, hazrat Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ayrim zotlarni istisno qilganda, dunyo taraqqiyotidan asrma-asr, yilma-yil yiroqlashib borgan. Birodarkushlik qirg‘inlarini esa sanab ado qilolmaysiz.

 

Ismoil Gasprinskiy “Tarjumon”ning 1906-yil 11-avgust sonida Buxoro va Xiva hukmdorlariga bunday xitob qiladi: “Ey davlatlular! Kechmish zamon g‘aflati ila Movarounnahr maydoni siyosatda mag‘lub o‘lub, istiqlolini g‘oyib etdi. Bu zamonda g‘aflat edilursa, maydoni iqtisod va maishatda millat mag‘lub tushub, sabab o‘lanlari dunyo turdiqcha mas’ul tutajakdir...

 

Atrof-javonibda “to‘rajonimiz to‘lon oydururki, sitoradir umarolari” degan baytu alyor o‘qilib turganda, “ko‘lankasi maydon” bo‘lmish zoti shariflar allaqaydagi bir gazetchi muallimning arzini tinglarmidi?! Ismoilbey tushini suvga aytsin!..

 

O‘rta Osiyoning jahon sivilizatsiyasidan qanchalar ortda qolganini matbuot, jurnalistika misolida  ham ko‘rish mumkin. Davlat va jamiyatning iqtisodiy-ma’rifiy qudrati, ilmiy-texnikaviy taraqqiyotini ko‘rsatuvchi asosiy mezon – matbuot. Olmoniya, Farangiston XVII asrdayoq kitob, gazeta, jurnal nashr etib, zamonaviy pochta xizmatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, Yevropa izidan borayotgan Rusiyada Pyotr Birinchi davrida, XVIII asr boshlarida gazeta chiqarishga erishildi. Bu paytda Amerikada “Assoshieyted Press”, Buyuk Britaniyada “Reyter” axborot agentliklari butun dunyoga xabarlar tarqatardi. Turkiston xalqlari esa bu olamshumul yangiliklardan bebahra edi. Turkistonda ilk gazeta rus istilosidan besh yil o‘tib, 1870-yilda “Туркестанское ведомости” nomi bilan paydo bo‘ldi. Yujin Skayler chor ma’murlari tashkil etgan gazetada O‘rta Osiyodagi hozirgi voqealar kamdan-kam yoritilishini aytib o‘tadi. “Turkiston viloyati gazeti”ga to‘xtalib, “Uning turkiy tildagi nashri esa asosan mahalliy aholi o‘rtasida adabiyotni keng targ‘ib qilish uchun chop etilar, ammo men Toshkentdaligimda uning mundarijasi ko‘pincha “Ming bir kecha”dan olingan ertaklardan iborat bo‘ldi” deya ta’kidlaydi.

 

Sahroda ungan chechakday taassurot qoldirgan “Turkiston viloyatining gazeti” haqida turlicha qarashlar mavjud. Abdulla Avloniy “Turkiston viloyatining gazeti”ni “yerlik xalqni razolat, safolatg‘a boshlag‘an tarixiy bir qora guruh gazetasi edi... Turkistonni ruslar istilo va g‘asb etganlaridan bir necha yil so‘ng chiqqan bu gazetaning u vaqtdagi muharriri totor chinovnigi, rus generallari ila birlikda Turkistonni fath etishga kelgan totor fotihlaridan Ibrohimo‘f edi” deydi (“Burung‘i o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi”. “Yosh leninchi”, 1989-yil, 18-iyul). B.Do‘stqorayev ham “Turkiston viloyatining gazeti”ning ilk muharriri Shohimardon Ibrohimov general-gubernatorning yaqin odami bo‘lgani, garchi u harbiy yurishlarda Kaufman yonida yursa ham, qonli voqealar, o‘lka istilosi haqida lom-mim demagani haqida yozadi. “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N.P.Ostroumov Turkiston general-gubernatori kanselyariyasiga 1884-yil 10-iyunda yo‘llagan hisobotida “Men... Rusiya musulmonlarida sof musulmoncha a’mollarning hamda islomning tiklanishi va, umuman, musulmonlarning, xususan, tatarlarning kelgusida buyuk ma’rifatparvarlik missiyasiga orzu-umidlarini mustahkamlash uchun mahorat va kuch-g‘ayrat bilan urinayotgan musulmoncha “Tarjimon” gazetasiga qarshi... zimdan kurash olib bordim” deya kerilgan.

 

Ilmiy-tarixiy manbalarni o‘qib, mutaassir bo‘lasiz. Yov yarog‘ini o‘qtalib ostonada turibdi. Yurt egalari “Birlashaylik!” deganlarga quloq solmaydi, hamma o‘z ko‘mochiga kul tortish bilan ovora. Taassufki, ittifoqlikda yashash, g‘animga nisbatan yakdillik, og‘izbirchilik xalqimiz orasida asrlar mobaynida tansiq bo‘lgan. Temuriylar saltanati parchalangach, bir bayroqning soyasi torlik qilib, ulkan davlat uch bo‘lakka bo‘lingani hali-hanuz qalblarni o‘rtaydi. Bu elni yakqalam bo‘lishga da’vat etganlarning so‘zi havoga, yarog‘i yo‘qlikka uchgani-chi! Xalqimizning “To‘rtovlon tugal bo‘lsa – to‘lmaganni to‘ldirar, oltovlon ola bo‘lsa – og‘zidagin oldirar” degan maqoli o‘z-o‘ziga aytilgan ta’na emasmi?!

 

 

Bedarvoza shahar

 

Skayler sayohatnomasida Toshkentning XIX asrdagi ijtimoiy-madaniy holatiga doir qimmatli ma’lumotlar berilgan. Shaharning xom g‘ishtdan tiklangan loysuvoq uylari tomi bahorda yovvoyi lola, kovul va boshqa anvoyi gullar bilan qoplanib, go‘zal tus olishidan hayratlangan sayyoh shaharda “mol go‘shti taqchil va yomon, qo‘y go‘shti esa mo‘l-ko‘l, arzon va mazali” deb yozadi. Muallif shahar ahli dasturxoniga asosan qo‘y go‘shti tortilishi, ot go‘shti tarixiy kitoblarda tatarlarning maxsus yeguligi sifatida qayd etilgani, mahalliy aholi ot go‘shti yemasligini bayon qiladi. Toshkent xalqi ko‘k choy ichishi, oshdan so‘ng suv ichishni zarur deb bilishi, qora choy xuddi taxtakana kabi ruslar kelguncha ma’lum bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Taqlid yemak-ichmakda bo‘ladimi, kiyinish yo yurish-turishda bo‘ladimi – illat. Amriqolik sayyoh Toshkent taassurotlarini gapirar ekan, “Vino va boshqa shu kabi ichimliklar Qur’onda taqiqlangan va hech kimda bo‘lmasligi kerak. Hozirda mahalliy aholi qat’iy qonun-qoidalarga qaramay, ruslar tomonidan bir qadah ichimlik taklif qilinganda kamdan-kam rad etadi”, deydi.

 

Skaylerdan 16 yil keyin, ya’ni 1889-yilda Toshkentga kelgan shoir Furqat “Ahvolot” asarida ko‘hna shaharda Iso masihning tavallud kuni – Yangi yil bayrami nishonlanganiga guvoh bo‘lgani, ba’zi musulmonlar ham bunga taqlid qila boshlaganini qayd etarkan, “Rusiya xalqi bilan bir yerda turmoq haq taolo irodasi bilan bo‘ldi. Aning uchun alarning rasmlarini yaxshi bilmoq bizlarga zarur, chunki aromizda savdo va boshqa taalluq robitalar ko‘bdir. O‘z nafimiz uchun Rusiya xalqi umrig‘a mulohaza qilsaq lozimdur”, deb xulosa yasaydi. “Ilm xosiyati” she’rida esa “Zihi davroni farxo‘nda nishoni, Zamon o‘ldi o‘rusiya zamoni” deb ta’kidlaydi (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1890-yil 14-may).

 

Toshkentni kezgan Yujin Skayler shoir Furqatdan farqli o‘laroq chor ma’murlari bu yerga turli maqsadda – birovi qarz to‘lovidan qochib, birovi mo‘may daromadni ko‘zlab, yana boshqasi pensiyaga chiqish uchun qisqa muddat – zarur bo‘lgan ish staji ilinjida, xullas, biron g‘araz bilan kelganini ta’kidlaydi: “Toshkentdagi rus jamiyati o‘lka haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish tugul, hatto unga umuman qiziqmasligi meni hayratda qoldirdi. Ayni choqda, meni shunchalik uzoqdan, ular nazdida ko‘ngilsizliklar makoni bo‘lgan bu mamlakatga qiziqqanim, uni ko‘rishga kelganimni ko‘pchilik tushunolmadi”.

 

Skayler “Butun Toshkentda mahalliy xalq haqida qiziqqan inson Moliya vazirligining vakili janob P edi” deydi. Janob P ni o‘quvchiga tanishtirar ekan, turkiy tilni juda yaxshi o‘zlashtirgan, mehmondo‘st. Uyiga taniqli mahalliy xalq vakillari tez-tez kelib turadi, “rafiqasi ham mahalliy aholi orasida katta hurmat qozongan”, deya ta’kidlaydi.

 

Cheksiz erkinlik g‘oyasi musulmon jamiyatiga har doim ham naf keltirmasligini kitobni o‘qish asnosida anglash mumkin. O‘rta Osiyo xalqlari turmush tarziga yot bo‘lgan (bosqinchilar uchun koni foyda) cheksiz erkinlik g‘oyasi milliy va diniy qadriyatlar ildiziga bolta urgan. Ana shu juda nozik jarayonni kuzatgan xorijlik tarixchi ilgari Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligida “rais” deb ataluvchi rasmiylar aholining masjidlarga qatnashini nazorat qilgani, ammo keyingi vaqtlarda O‘rta Osiyo xalqlari diniy hayotiga asta-sekin o‘rmalab kirayotgan liberalizm parokandalikni keltirib chiqarayotganini aytib o‘tadi. “Ruslar Toshkentni bosib olgach, rais idorasi bekor qilganidan beri dinga amal qilishda ancha sustkashlik kuzatilmoqda. Qozilarning aytishicha, burungi namozxonlarning yarmisi ham kunlik ibodatga chiqmay qo‘ygan...”

 

Skayler Toshkentda ham ruslar, ham mahalliy aholi orasida katta ta’sirga ega ikki savdogarga alohida ta’rif beradi. “Ulardan biri Sharofiy degan tatar bo‘lib, rus askarligidan qochib, bu yerda qariyb qirq yildan beri istiqomat qiladi. Undan ko‘pchilik, hatto xon va uning saroyiga yaqin odamlar ham qarzdor”.

 

Ikkinchi yirik savdogar haqida esa quyidagilarni o‘qiymiz: “Boshqa biri Saidazim o‘tkir va fitnachi odam bo‘lib, asli toshkentlik, Orenburg va Troiskda savdo-sotiq maqsadida bo‘lganida rus tilini o‘rganib olgan. Toshkent egallanganida u Troiskda edi. Qaytganida sart va tatarlarning tarjimonlari ruslar orasida shahar ahli va ular o‘rtasidagi vositachi sifatida obro‘si balandligini bilib, u darhol o‘zini rus rasmiylari orasiga urdi. O‘shandan beri har yoqlama hurmat-ehtirom, xushomad va hatto sovg‘a-salomlar vositasida ular bilan qulay imkoniyatlar beruvchi bitimlar tuzgan. Aslida sartlarning uni ko‘rarga ko‘zi yo‘q va agar ruslar Toshkentni tashlab ketgudek bo‘lsa, xalqning eng birinchi qiladigan ishi uni o‘ldirishi bo‘ladi, bu haqda aholidan bir necha bor eshitdim”.

 

Skayler Saidazimboy ruslar Xivani zabt etgani sharafiga to‘y-tomosha uyushtirib, o‘z dinini tahqirlaganini hikoya qiladi. Ayrim mutaxassislar “Farg‘ona tarixi”dagi mavhum bir lavhani asos qilib, Saidazimboyni din va millat yo‘lida Xudoyorxon va chor ma’murlari o‘rtasida vositachilik qilgan vatanparvarga chiqarib qo‘ymoqda. Holbuki...

 

Qarangki, saidazimlarning urug‘i toshga yoyilgan ekan. Ular XX asrni ham chirmovuqday egalladi: 20–30, 50-yillarda va 80-yillarda ham ularning kasbi yurtfurushlik bo‘ldi. Bugun ham bunday kaslar ahyon-ahyonda ko‘rinib qoladi...

 

****

 

Professor Hamid Ziyoyev “O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashlar tarixi” asarida ta’kidlashicha, “Toshkent mudofaasi mehnatkash ommaning umumiy harakatiga aylanib ketadi. Shahar devorlarida askarlar va ko‘ngillilar joylashadi. Xalq ona yurtni himoya qilishni muqaddas burch deb bilib, mudofaachilarga yordam ko‘rsatadi.

 

Istilochilardan biri o‘z esdaliklarida bunday yozadi: “Himoyachilar qattiq qarshilik ko‘rsatishdi. Har bir qadam yer qaqshatqich jang evaziga qo‘lga kiritildi. Sartlar tomlar, daraxtlar ustiga chiqib olgan, ko‘chalarga barrikada g‘ov qurgan edi. Bir ko‘chadagi to‘siqni o‘t-olov va qurol bilan amallab yengib o‘tsak, keyingi muyulishda yana xuddi shunday qarshilikka duch kelardik. Xalq oilasi va Islom dini himoyasi uchun mislsiz shijoat bilan jang qilar, askarlarimizga qarshi nafaqat qurol, kamon, oybolta, hatto g‘azab bilan tugilgan mushtini ham ishga solar edi”.

 

General Chernyayev qo‘mondonligidagi istilochilar 1865-yilning 15-iyuniga o‘tar kechasi Toshkentni zabt etadi. Qatli om uyushtirib, shaharning asosiy qismiga o‘t qo‘yadi. Xunrezlik bugungi Kamolondagi 3-son bolalar musiqa va san’at maktabi, 34-umumiy o‘rta maktab, qolaversa, Darxon, Tutzor, Qarshi, Kattabog‘, Kirkiy deya ataladigan ko‘chalar joylashgan yerda sodir bo‘lgan.

 

Skayler o‘sha kunlarni bunday tasvirlaydi: “Toshkent qo‘lga olingandan keyingi kun ertalab shahardan kelgan vakillar general Chernyayevni kutib oldi. U (Chernyayev) darhol o‘z tarjimonini yubordi, ammo barchani hayratga solib, shahar vakillarining yetakchisi unga sof rus tilida ilm-fan, falsafa va taraqqiyotning foydali jihatlari haqida so‘zlay ketdi”.

 

Notiqning ismi – Olim hoji Yunusov. U penzalik tatarlardan bo‘lib, Toshkentga rus istilosidan burun kelgan. Skaylerning yozishicha, u Turkistonda amerika paxtasini yetishtirgan, sovun zavodi, uylar qurgan. Paxtani chigitdan tozalaydigan, ip yigiradigan dastgohlar keltirgan.

 

Darvoqe, “Turkiston viloyatining gazeti” 1870-yil 2-iyulda paxtasi boshqalarnikidan oq va yumshoq bo‘lgani uchun toshkentlik Hoji Olim Yunus o‘g‘li general-gubernatorning in’omiga sazovor bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

 

Yujin Skayler Toshkent zabt etilganidan bir necha kun o‘tib turkiy tilda, Toshkentning nufuzli a’yonlari tomonidan tayyorlangan bir hujjat haqida ma’lumot beradi. Bildirgi general-gubernator nomidan tayyorlangan bo‘lib, unda katta va’dalar berilgan edi. Hujjatning ayrim bandlarini keltirib o‘tamiz: “Ulug‘ oqpodsho va uning leytenanti gubernator Iskandar Chernyayev (bu xushomad Buyuk Aleksandrga nisbat etib berilgan, uning asl ismi Mixail – Y.S.) buyrug‘iga binoan, biz Toshkent shahri aholisiga shuni bayon qilamizki, ular har bir ishda qodir Allohning amriga, Muhammadning (Alloh uning avlodlarini yorlaqasin) dini shariatiga, u o‘rgatgan qonun-qoidalarga bo‘ysunib, zarracha ham ulardan ayri bo‘lmasinlar. Barcha imkoni qadar mamlakatning ustunligi va foydasiga harakat qilsinlar. Barchaga, belgilangan vaqtdan soat ham, daqiqa ham o‘tkazmay, bir kunda besh mahal ibodatlarini qilishlariga izn berilsin.

 

...Sizning Islom diningiz bo‘za va viski ichishni, qimor o‘yinlarini o‘ynash yoxud axloqsiz bo‘lishni taqiqlaydi. Shu sababli ogoh bo‘ling, diniy qonun-qoidalarga qarama-qarshi bo‘lgan narsalardan yiroq saqlaning.

 

...Sizning ixtiyoringizdagi uy-joylar, bog‘lar, dalalar, yerlar va suv tegirmonlari sizning mol-mulkingiz bo‘lib qoladi.

 

Askarlar sizdan hech bir narsani tortib olmaydilar. Sizlar rus kazakligiga olinmagaysiz. Askarlar sizlarning xonadonlaringizga joylashtirilmaydi. Hech kim xizmat yuzasidan sizning hovlilaringizga kirmaydi. Agar kirsalar, darhol bizga xabar bering, jazoga tortgaymiz. Oqpodsho sizga buyuk ezgulik namoyish etdiki, shu bois uning salomatligi uchun ibodat qilishga majburdirsizlar. Kimki birovni o‘ldirsa yoki savdogarni talasa, u Rossiya qonunlariga ko‘ra hukm qilinadi. Kimki o‘z joniga qasd qilsa, shariatga ko‘ra uning mol-mulki merosxo‘riga o‘tadi. Biz mol-mulkni o‘zlashtirmaymiz. Hukumat yillik hosilning o‘ndan bir qismini olgay. Men, gubernator Iskandar Chernyayev bu yilgi hosilning bahridan o‘taman, ammo keyinchalik ulug‘ oqpodshoning sizga yana ham ulkan shaxsiy ezguligini namoyish etish istagiga ko‘ra amalga oshiramiz. 1282-, safar oyining 6-kuni (1865-yil 2-iyul)”.

 

Oradan ko‘p o‘tmay chor ma’murlari shaharning rus qismi uchun yangi kanal qurishga yeng shimarib kirishadi. Katta xarajat qilinib zovur qaziladi, damba ko‘tariladi. Ammo bir tomchi ham suv oqmaydi. Bu holni kuzatgan amriqolik sayyoh suv chiqarishdek o‘ta nozik va murakkab ish mahalliy sug‘orish tizimidan mutlaqo bexabar rus muhandisiga topshirilgani sababli loyihadan voz kechilganini yozgan.

 

Toshkent istilosidan bir yil o‘tib – 1866-yili jangda halok bo‘lgan rus zobit-u askarlari ko‘milgan yer – “Kamolon” qabristoni yaqinida pravoslavlarning kichik bir ibodatxonasi quriladi. “Часовня” deb ataladigan bu manzilga  borish uchun metroning “Milliy bog‘” bekatidan chiqib, “Xalqlar do‘stligi” ko‘chasi bo‘yidagi “8-d” raqamli ko‘p qavatli uy yonidan – Oftob ko‘chasi bo‘ylab uch yuz qadamdan oshiqroq yurilsa, bas. Xalq tilida “o‘risminora”, “o‘rismozor” deb yuritiladigan ushbu ibodatxona “Oftob” va “Oq oltin 2-tor ko‘cha” kesishmasida joylashgan. Har ikki ko‘cha mana shu joygacha enish bo‘lib kelgani sababli, chorraha chuqurlikda joylashgandek tuyuladi.

 

Internet va kitob-albomlarda ko‘rganim – “Часовня” suratlari xayolimda jonlanadi. Unda xiyla baland ko‘ringan ibodatxona qarshimda kichrayib qolgandek. Tag-asosi sal-pal yemirilganini hisobga olmasa, nihoyatda mustahkam qurilgani ko‘rinib turibdi. Yangi mahallalar paydo bo‘lib, yo‘llar o‘tkazilgach, yer sathi ibodatxonaga nisbatan salkam bir metr ko‘tarilgan. Bundan ko‘p yillar burun ibodatxona tomiga o‘rnatilgan ikki-uch metr uzunlikdagi metall ustun va unga mahkamlangan xoch sarg‘ish tusda bo‘lgani uchun, kimlardir tilla deb o‘ylab, yulib ketishgan. Shuningdek, ichki devorlariga ishlangan diniy surat va naqshlar izi qolgan, xolos.

 

Suratdagi bog‘ va keng maydonni, temir to‘sinlar o‘rnini qidirib, atrofga razm solaman. Ha, bir yarim asr avval bu joylar shahar tashqarisi hisoblangan. Uzoqdan Xo‘ja Alambardor masjidining minora va gumbazlari ko‘rinadi. Toshkent tarixini o‘rgangan olimlardan O‘ktam Sultonov Xo‘ja Alambardor mozori qal’a devoridan 300 qadam narida bo‘lganini yozgan.

 

Chor ma’murlaridan yodgorlik “часовня” bugun ham turibdi, ammo yurt himoyachilarining na nomi, na nishoni bor...

 

Is’hoqxon Ibrat “Farg‘ona tarixi” asarining “Xudoyorxonni to‘rtinchi xonlig‘i” bobida shunday yozgan: “Bovujudi zolika Amir xo‘qandiylarning uzrindan amin bo‘lmay, Xo‘qandni Xudoyorxonga, Toshkandni Rusiyaga tashlab ketdi.

 

Roviylar qavlincha Toshkandda oltmish kun va ba’zi qavlda sakson kun muhosara bo‘lub, ichindan muxbara, toshindan muhosara bo‘lub, hijriyning ming ikki yuz sakson ikkisinda, milodni ming sakkiz yuz oltmish beshinchisida yoz kunlari, may oyinda Rusiya qo‘liga o‘tdi. Bu to‘g‘rida Sulton ul-orifin (Ahmad Yassaviy nazarda tutilgan – O.T.) so‘zlari to‘g‘ri chiqdi:

 

Dar soli “g‘uraf” bimoni, bini,

Mulku, malik-u millati din bargardad,

deganlari muoyana bo‘ldi”.

 

(Toshkent, “Kamalak”, 1991-yil)

 

Ma’nosi: “G‘uraf” yiligacha yashasang, mulk va podsho, millat va dinning ketganini ko‘rasan. Arabcha “g‘urof” (g‘, r, f) harflarining abjad hisobi bo‘yicha yig‘indisi 1280 ni tashkil etadi.

 

O‘sha asarning 306-sahifasida yana bir bashorat xabari berilgan: “Hazrati Sulton ul-orifin Xoja Ahmad Yassaviy Turkistong‘a aytgan bashoratlari to‘g‘ri keldi. Mundan sakkiz yuz yillar ilgari aytgan ekanlar:

 

Ming ikki yuz sakson birda o‘ris kelgay,

Turkistonning atrofini qamsab olgay”.

 

***

“Turkiston” asari biz uchun dard-iztirob kitobi, haqiqat izlab ming bir ko‘yga tushgan xalqning alamli solnomasi! Muallif uni, ehtimol, AQSh Davlat departamenti buyurtmasiga ko‘ra bitgandir. Ammo,  amerikalik tarixchi bizga “mana, ota-bobolaringiz kechmishi! O‘qing, saboq chiqaring” deyotgandek...!

 

O‘zbeklar nufusiga ko‘ra katta xalqlardan. Ko‘psonli xalqlar esa tabiatan bir-biriga o‘xshaydi – o‘tmishdagi zafar va mag‘lubiyatlarni, alamli va shukuhli damlarni xolis va haqqoniy e’tirof etadi. Sirasi, tarixni soxtalashtirish, bo‘yab-bezash katta xalqlarga yarashmaydi.

 

Tarixni tanqidiy o‘rganish kelajak avlodni yolg‘ondan, bo‘htondan, kibr-u havodan saqlaydi. Nafsilamrini aytganda, tarix ko‘tar-ko‘targa, hamd-u sano va soxtalashtirishga aslo muhtoj emas. Biz esa uni tor manfaatlarimiz, izzat-nafsimizga moslash payida bo‘lamiz. Lekin, ne tongki, tarix bu uchun, albatta, o‘chini olar ekan. Milliy tabiatimizdagi fazilat-u xususiyatlar bugun qanchalar barqaror bo‘lsa, illat-u qusurlarimiz, tuban istaklarimiz ham o‘sha moziy sarchashmasidan suv ichib turibdi. O‘zini taftish qilmay, nuqul tarixi bilan maqtanayotgan xalqlar bugun bilib-bilmay o‘tmishida yashayotir, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

 

Bizningcha, tarix – achchiq bodomga o‘xshaydi. Mag‘zi-yu yog‘i badxo‘r, lekin ko‘p dardga davo.

 

Hamma gap “achchiq bodom”ga ehtiyojmandlikda!

 

                                                                    Olim TOSHBOYEV,

                                                           filologiya fanlari nomzodi

 

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son.

Moziyga tikilib mug‘anniy yig‘lar…” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16809
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi