Baxtli ayol saodatli jamiyatni ulg'aytiradi


Saqlash
11:08 / 30.08.2021 1227 0

Qariyb yarim asrlik jurnalistlik faoliyatim davomida ayollar mavzusi yozuvlarimning asosiy yo‘nalishi bo‘ldi. Shu sababdanmi, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari sahifalarida e’lon qilingan yurtimiz xotin-qizlari taqdiri bilan bog‘liq xabar, maqola, suhbat, ocherklarni alohida diqqat, qiziqish bilan o‘qiyman. Keyingi bir yil ichida ommaviy axborot vositalarida, kattayu kichik yig‘inlar minbarlaridan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimizning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli, imkoniyat va intilishlari har tomonlama o‘rganilib, ularning moddiy va ma’naviy muammolari hal etilishi uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ijobiy natijalari haqida o‘qish, eshitish, ko‘rish biz uchun oddiy holatga aylanib qoldi. Mamlakatimizning olis va markaziy hududlarida yashovchi xotin-qizlar taqdiriga birdek e’tibor qaratilayotgani; ularning o‘zlari teleekranlarda, gazetalar sahifalarida hayotlaridagi keskin burilishlarning quvonchli natijalari haqida so‘zlaganlarida, boshqacha quvonaman. To‘g‘risi, ayolning oilasi, farzandlari tinch-xotirjamligi, moddiy ta’minlanganligi bilan bog‘liq shodliklarniyam, tashvishlarniyam his etish uchun avvalo ayol-ona bo‘lish kerak. Zero, ayni masalalar qanday hal etilganligi jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy holatini – taraqqiyoti darajasini belgilaydi.

Gazetalar xabar beradi: “Koson tumanining “Mesit” mahallasida yashovchi Guliston Borajabova hech qayerda ishlamas, turmush o‘rtog‘i ham ishsiz edi. To‘rt nafar farzand... “Ayollar daftari”ga kiritilgan Gulistonga qisqa fursatda 30 million so‘m kredit berildi. Tovuqxona uchun ijaraga joy topilib, go‘shtga mo‘ljallangan jo‘jalar sotib olindi, bugun ularning soni 2500 taga yetdi.

– Turmush o‘rtog‘im, o‘zim, bolalarim, barchamizga ish topildi, – deydi ona qalbi quvonchga to‘lib. – Ro‘zg‘orimizga baraka va obodlik kirdi... Qo‘ni-qo‘shnilar, bozordagi tadbirkorlar parxez go‘shtga buyurtma berishyapti...” – bundan bir yilgina oldin moddiy muammolar girdobida qolgan ro‘zg‘orini halol mehnat bilan to‘kinu farovon etish, el-yurt boyligiga hissa qo‘shish imkoniyati berilgan eru xotin va ularning to‘rt farzandi quvonchini, kunlarni bag‘ri butunlik bilan qarshi olishayotganini his etganing sayin, qalbing shukronadan nurlanadi.

“Besh farzandimdan biri nogiron, oilaviy sharoitimiz og‘ir edi, – deydi sirdaryolik Tojinor Namozova. – Shu bois meni “Ayollar daftari”ga kirgizishdi. Bahorda qizim Dilbar bilan birga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Nigora Murodova poytaxtda o‘qib kelishdi. Ular sartaroshlikni o‘rganib, ozodalik va gigiyena, mijozlar bilan muomala qilish madaniyati, hatto psixologiyadan ham saboq olishibdi. Cho‘libo‘ston qishlog‘imizda “Go‘zallik saloni” ochildi, qizlar unda ishlashyapti. Bolalarimning ikkitasi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiydi, davlatimiz ulardan bittasining shartnoma pullarini ham to‘lab berdi...”

“Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 1-bosqichda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 3167 nafar xotin-qizning muammosi hal etildi. O‘rganishlarning ikkinchi bosqichida esa 1305 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari»ga kiritildi. Yaqin vaqtlarda ularning ham hayotida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi uchun chora-tadbirlar ko‘rilmoqda...” bu kabi xushxabarlarni o‘qirkanman, beixtiyor xotiramga o‘qdek qadalib qolgan manzara, voqealar yodga tushaveradi:

...1987-yili mehnat ta’tili paytida (“Saodat” jurnalida ishlardim) Marg‘ilonga onamning oldilariga borgan kunim Sanobar ismli ayol yonimga keldi. Shaharga tutash tumanning bir kolxozida yashovchi bu juvon kattasi o‘n bir, kichkinasi bir yoshga ham to‘lmagan besh qizning onasi ekan. Eri o‘g‘il farzand ko‘rish ilinjida boshqa xotinga uylanib olibdi-da, Sanobar bilan qizlarini haydab chiqaribdi. Kuzning salqin kunlari boshlangan, uyidan badarg‘a qilinganlar keng paxta dalasi o‘rtasidagi eshiksiz, romsiz dala shiyponida yashayotgan ekanlar. Ona kichkinasini olib har kuni cho‘lga paxta terimiga ketar, dala shiyponida qolgan qizlar o‘n bir yoshli opaning qaramog‘ida... O‘shanda ta’tilimning oxirgi kunigacha shu mushtiparlarga bir boshpana qilib berishlarini so‘rab tuman raykomi, ijroqo‘miga, kolxoz raisiga; masalani qonuniy hal qilib berishlarini so‘rab tuman sudi (Sanobar sudga ariza bergan ekan), prokuraturasiga; ayolni qo‘llab-quvvatlashlarini iltimos qilib o‘sha paytdagi qishloq soveti, xotin-qizlar qo‘mitasiga bir necha martalab qatnagandim. Ularning hammasi bitta javob berishgandi: “Garchi uyni Sanobar eri Ibrohim bilan birgalikda qurgan bo‘lsalar ham, hovli qaynotaning nomida. Shuning uchun biz Sanobarga yordam berolmaymiz...”

...1988-yil 1-may kuni surxondaryolik Zebo ismli yosh ayol (qo‘lida bir oylik chaqalog‘i bo‘lgan)ning hovlisiga qo‘shnilari – mahallada alohida mavqeli oila ayollari (ulardan biri o‘zbek tili va adabiyoti muallimasi, yana biri bolalar shifokori edi) bostirib kirib qo‘llariga kirgan narsalarni sindiradilar, yangi ekilgan ekinlarni payhonlaydilar, Zeboni ko‘chaga sudrab chiqib, yalang‘och qilib kaltaklaydilar. Bu voqeaning tafsiloti uzun, achchiq savollari ko‘p... Ko‘zimdan ketmaydigan lavhalaridan biri: Zeboning shikoyati bo‘yicha men xizmat safarida bo‘lganimda, ayol ayni masalada viloyat ichki ishlar bo‘limiga ariza bergan, lekin xat javobsiz yotgan ekan. Ichki ishlar bo‘limiga birga bordik, mas’ul xodim qabuliga kirish uchun xat-xujjatni to‘g‘rilagunimizcha bizning tashrifimiz ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan shekilli, ichkarida uzun yo‘lakdan o‘tib borarkanmiz, hamma eshiklar qiya ochilib, ulardan Zeboni ochiq-oshkor kulgu-mazax bilan kuzatayotgan qiyofalar ko‘rinardi. Keyin... eri ham tashlab ketdi, bu juvonning uchta bolasi deyarli yo‘llarda katta bo‘ldi: Respublika Oliy sudi, prokuraturasiga qatnadi. “Opa, bu idoralarda mening ovozimni eshitishlari bilan eshiklarini qulflab oladilar”, der edi Zebo. Avvaliga tuman ichki ishlar bo‘limida voqeaning guvohi bo‘lganlarning xatlari yo‘qotib tashlandi, yuqori tashkilotlardan ham yorug‘lik chiqmadi...” “Xalq so‘zi” gazetasida ayni voqea haqida ikki marta bosilgan tanqidiy maqolalarimiz ham besamar ketdi. Oxir-oqibat men: “Zebo, bolalaringizni qiynab Toshkentga kelavermang, qo‘lingizda bo‘lgan ozgina pulingizni ularning yeb-ichishiga sarflab sabr qilib turing-chi”, deyishga majbur bo‘lganman.

Shundan keyin... adashmasam, 2000-yillarning boshi edi. Toshkent markaziy ko‘chalaridan birida ketayotsam, ro‘paramdan kimdir “Opa!” deb yugurib kelib quchoqlab oldi. Zebo! Uning ko‘zlari kular, ozg‘in yuzlariga yosh quyilardi: “Katta o‘g‘lim o‘qishga kirdi, yuridik institutga qabul qilindi, opajon!” – o‘sha lahzalarni eslasam, hamon diydamga quvonch yoshlari to‘ladi. Sal muddat o‘tib ikkinchi o‘g‘liyam institut talabasi bo‘ldi. Qarang, bitta odamning quvonchi olamlarni jo etishi mumkin bo‘lgan bag‘ringizga sig‘maydi. Mustaqillik qalbini, hayotini, umr yo‘llarini nurlantirgan; qora mehnatdan boshqasini bilmay adolatsizlikdan egilgan boshlarini ko‘targan; istiqlol shu ona Vatanga aziz farzand ekanini anglatgan, shukrona va faxr tuyg‘ularini diliga solgan Zebo, zebolar, eh-he, million-millionlarni tashkil etadi, inshaalloh.

...O‘ylab qarasam, mustaqillik davrigacha yurtimizda yetti yoshdan yetmish-sakson yoshgacha bo‘lganlarning hammasi ish bilan ta’minlangandek edi: aholisining qariyb sakson foizi qishloq xo‘jaligi, aniqrog‘i, paxta bilan shug‘ullangan mamlakatimizda erta bahordan kech kuzgacha omma paxta mehnatiga bog‘lab tashlangandi. G‘o‘za yaganasi, chopig‘i, chekankasi, paxta terimiga aholi yoppasiga jalb etilar, go‘daklar – paxtazor chekkasidagi tutlarga tortilgan belanchaklarda, maktab yoshiga yetib-yetmaganlardan o‘smirlargacha onasiga yordamchi. “Onasiga yordamchi” deyishimning boisi shuki, tabelchilik, suvchilik, terilgan paxtani tortib olish, paxtani quritish va paxta punktiga topshirish ishlari erkaklar zimmasida, unib chiqqan g‘o‘za parvarishidan hosilini yig‘ib olguncha bo‘lgan jarayonlarda zaharli dorilarga bo‘ktirilgan dalalarda asosan xotin-qizlar, bolalar “javlon urishardi”. Va yana ajablanarlisi... yil oxirida poytaxtning katta saroylaridan birida o‘tkaziladigan “Hosil bayrami” tantanasiga yig‘ilgan guras-guras erkaklar orasida adashib qolgan qizg‘aldoqlar kabi sanoqligina ayollarni ko‘rish mumkin edi.

Bundan qirq yillar oldin bir suhbatdoshim o‘smirlik yillaridagi voqeani so‘zlab bergandi: “Qish boshlanib ketgan, lekin biz – bolalarning kiyimlarimiz juda yupun edi. Ilk bahordan kech kuzgacha kolxoz dalasida ishlagan otam bilan onam yil oxirida xo‘jalik tomonidan a’zolarga beriladigan hisobot pulini kutishar, undan bizga kiyimlar sotib olib berishmoqchi edi. Nihoyat, bir kuni otam hisobot puli berilayotganini aytib, xursand chiqib ketdi. Allamahalda shunday qiyofada kirib keldiki, biz otam qattiq kasal bo‘lib qoldimi, deb qo‘rqib ketdik. U tikka turganicha qo‘ynidan bir siqim pul olib, sandalning ustiga otdi, eski 1 so‘mliklar sochilib ketdi. “Mana bir yillik mehnatimiz uchun chiqqan otchyot puli, 30 so‘m!” – otamning yuz-ko‘zlariga alam, faryod to‘lgandek edi...” (o‘sha davrning narx-navolari bo‘yicha hisoblasak, aytaylik, 1 kilo shakarning narxi 80 tiyin edi. 30 so‘m – 80 kiloli 1 qop shakarning puli).

Mustaqillik davrigacha onalar, bolalar o‘limi bo‘yicha yurtimiz ittifoqdosh respublikalar o‘rtasida yillar davomida yuqori o‘rinlardan birini egallab keldi... – bu holat, ma’lumotlarni eslashning o‘zi qanchalar og‘riqli. Bugun hatto istibdod hukmron bo‘lgan o‘sha zamonda shu adolatsizliklar, tengsizliklar, zulm, kamsitishlarga qanday bardosh berib yashaganimizni tasavvur etish ham qiyin. O‘sha davrlardagi qoralamalar, yon daftarlardagi qaydlarda fikrimning dalili bo‘lgan achchiq xotiralar shunchalar ko‘pki, ba’zilarini aytishga tiling ham aylanmaydigandek...

Aziz vatandosh, biz bir-birimizni mustaqillikning har bir yangi tongi uchun qutlasak, shukrona keltirsak arziydi.

Yana gazeta xabaridan: “Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 8-oktyabrda va joriy yil 26-fevralda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida xotin-qizlarning muammolarini hal etish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. Unga ko‘ra, xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, ular yurtimiz ayollarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va sharoitini o‘rganishdi. Natijada «Ayollar daftari»ga 430 275 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kiritilib, bugungi kunda ularning barchasiga u yoki bu jihatdan yordam berilib, muammolari hal etilishiga ko‘maklashildi”, – bu kabi xabarlarni o‘qiganda beixtiyor hazrat Alisher Navoiy muborak hadisi sharifga asoslanib yomg‘irning daryo ustiga borib o‘z suvini to‘kishi saxovat emas, balki uning qaqroq yer ustiga suvini sepishi chin saxovatdir, degan hikmatlarini eslayveraman. Bu xabarlar mohiyatida yotgan hayotiy o‘zgarishlar va ularning yuz minglab xotin-qizlar taqdiri, qalbi, intilishu ezgu tilaklaridagi xosiyati, ahamiyatini; mustaqillik va bu bebaho ne’matdan barcha vatandoshlarimiz birdek bahramand bo‘lishlari uchun mamlakat hayotiga jonkuyarlik, jasorat bilan rahbarlik qilayotgan muhtaram Prezidentimizning jonajon xalqimizga – har birimizga samimiy, qaynoq mehr-muhabbatini yana ham teran anglay boshlaysan, qalbdan his etasan, Allohga shukr qilasan.

...Shu yil Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda namanganlik tadbirkor aka-ukalarning onasiga orden topshirilgan paytdagi chaqmoqdek lahza – Yurtboshimizning farishtadek onaxonning yelkasini silab uning yuziga quvonch, iftixor, mehru ehtirom bilan boqqanlari qalbimga videolavhadek muhrlanib qoldi. Saxovatli qalbning bu harorati, nuri Yangi O‘zbekistonning barcha qizlari, ayollari taqdirini birdek yoritishga qaratilganini fazilatli qadamlar isbotlamoqda. Zero, jismonan va ma’nan sog‘lom, ilmu ma’rifatli, madaniyatli, ma’naviyatli, baxtli ayol saodatli oila va kamolotga intiluvchi jamiyatning poydevorini yaratadi.


Muhtarama ULUG‘OVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi (2021)

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi