“Mangu bitik” adabiy to‘garagi iste’dodlarni kashf etmoqda


Saqlash
09:04 / 12.04.2022 1324 0

Maqolamga qahramon sifatida o‘nlab kitoblar yozib, Yozuvchilar uyushmasiga allaqachonlar a’zo bo‘lgan tajribali qalamkashni emas, hali o‘zi talaba esa-da, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ullikni zimmasiga olgan yosh xodimdan tanladim. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 262-maktabda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi bo‘lib ishlayotgan Nodirjon Ne’matov faoliyati bilan tanishish maqsadida “Mangu bitik” adabiy to‘garagi a’zolari bilan muloqot qildim.

 

Nodirjon ham minglab targ‘ibotchilar kabi Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-sonli qaroriga asosan o‘tgan yili aprel oyida ish boshlagan. Qat’iy pedagogik dasturlar bo‘yicha ta’lim berish tamoyiliga asoslangan o‘rta maktab, o‘qituvchilar va o‘quvchilar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchini qanday kutib olishdi? O‘tgan muddat ichida bu lavozim o‘zini qay darajada oqladi?

 

Albatta, qisqa muddatda bu ishni to‘la-to‘kis yo‘lga qo‘yish, ijodiy qobiliyati bor bolalarni osongina tanlab olish va ularni katta yo‘lga kuzatishning iloji yo‘q. Shunisi quvonarliki, muz ko‘chdi. O‘quvchilar o‘rtasida adabiyot targ‘ibotining bunday samarali usuli ilk mevalarini bera boshladi.

 

“Mangu bitik” to‘garagi a’zolari bilan ilk uchrashuvdayoq targ‘ibotchi mehnatining samarasini payqadim. Ulardan she’r yo hikoya yozishga kimlar qiziqadi, deb so‘raganimda o‘n yetti nafari qo‘l ko‘tardi. Bu badiiy ijod muxlislarining beg‘ubor ko‘zlarida inja umid shu’lalari mavjlanib turardi. Ha, davlatimiz rahbarining ijodkorlarni maktabga chorlagani bejiz emas ekan.

 

Maktab rahbari Gulnoza Zoirova, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi Nodirjon Ne’matov bilan birgalikda bir necha sinf o‘quvchilarini to‘plab, ochiq muloqot o‘tkazdik. Bolalarning juda qiziquvchanligi, sinchkovligi, tevarak-atrofda kechayotgan qizg‘in jarayonlarga, adabiy-badiiy mushohadalarga befarq emasligi quvontiradi kishini. Mazkur to‘garakka nafaqat adabiyotga havasmand yoshlar, balki san’atkor o‘quvchilar ham a’zo bo‘lib, ular birgalikda turli bayramlar va yangi chiqqan kitoblar taqdimotini o‘tkazish, “Zakovat” va kitobxonlik tanlovlarini tashkil qilishda faol ishtirok etishmoqda.

 

– To‘garak a’zolari bilan har haftada bir marta o‘quvchilarning yoshiga mos biror kitob mutolaasi asosida o‘zaro fikrlashamiz, – deydi targ‘ibotchi Nodirjon Ne’matov. – Bolalarni tarbiyaviy jihatdan ijobiy tomonga yetaklaydigan asarlar o‘qishni tavsiya etaman va navbatdagi kitobning har o‘qilgan bobi to‘garak mashg‘ulotlari davomida tahlil qilinadi. O‘quvchilar o‘z mulohazasini bildirib, bahsga ham kirishadilar. Bu esa tahliliy fikrlash qobiliyati va nutqiy mahoratini oshirishga katta yordam beradi.

 

Nodirjon Ne’matov 2001-yili Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qigan. “Jaholatga qarshi ma’rifat” tanlovining nazm yo‘nalishida viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgan. 2019-yili “Prezident asarlari bilimdoni” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichida 3-o‘rinni olgan. Ayni paytda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 3-bosqich talabasi.

 

Maktab – qirq sinfdan iborat katta jamoa, bunday haybat ichida qahramonim o‘z-o‘zini topa oldimikan, katta o‘rmonning quyuq changalzoriga sayyohlik havasi ila kirib, adashib qolgan ishqibozdek “yo‘qolib” qolmadimikan, degan ishtiboh ko‘nglimdan o‘tgandi. Yo‘q, aksincha, Nodirjon o‘zini shu yerda topibdi! “Mangu bitik” to‘garagi a’zolari bilan suhbatda bunga ishonch hosil qildim.

 

Maktab direktori Gulnoza Zoirova bu haqda shunday dedi:

– Nodirjon dastlab ishga kelganida yoshligi, tajribasizligi tufayli birdaniga kirishib keta olmadi. Ammo tirishqoqligi, harakatchanligi qo‘l keldi. Tez orada o‘quvchilar ko‘ngliga yo‘l topdi, ularni o‘z ortidan ergashtira oldi. Jamoamizga yangi nafas olib kirgan bu yosh mutaxassisdan umidimiz katta. Kelgusida bundan ham yaxshi natijalarga erishishiga ishonaman.

 

To‘garak a’zolarining ijodiy mashqlari bilan tanisharkanman, 8-sinf o‘quvchisi Abdurahmon Abduxalilovning she’rlari, yoshiga nisbatan olganda pishiqligi, samimiyati, ohorli satrlari-yu ilmoqli fikrlari bilan diqqatimni tortdi.

 

Ota-onamga

 

Yashirsam ko‘zdagi yoshimni,

Og‘rinsam, dardimga siz malham.

To yerga tekkuncha boshimni

Egsam-da, xizmatim bari kam!

 

O‘rtansa yosh ko‘nglim armondan,

Mehringiz to‘ldirar dunyoni.

Sog‘inchim – ufqdan boshlangan

Olamning so‘nggi yo‘q karvoni!

 

Qarang, qanchalik beg‘ubor va samimiy – haqiqiy sog‘inch ifodasi. Bu sof tuyg‘ular yosh shoir qalbidagi pok insoniylik fazilatlarning nazmiy ifodalari, albatta. Eng asosiysi, nafis his-tuyg‘ularini dilbar she’riyat qoidalariga moslab, qog‘ozga muhrlay olgan.

 

Nima ham derdim, sevinganimni – oramizda shunday umidli talantlar yetishib chiqayotganiga guvoh bo‘lganimdan masrurligimni aytaman-da!

 

Safar OLLOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16790
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi