Amir Temur va Saroymulkxonim tanishuvi – shaxmatda kim yutgan edi?


Saqlash
11:04 / 08.04.2022 3313 0

Saroymulkxonim Sohibqiron Temurning sevimli xotini bo‘lganligi, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutganligi barchamizga ma’lum. Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” asari ham ushbu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi va Bayonqulixon poytaxti bo‘lmish Buxoro shahrida yosh Temur malika Saroymulkxonim bilan  qanday tanishganligi voqeasi bayon qilinadi: “Bir kecha tushida (Bayonqulixon) Shayx ul-a’lamni ko‘rdi. Aydilar: xilofi shar’iy qilmagil, turgil, qizlaringni erga bergil. Bayonqulixonning to‘qqiz qizi bor edi. Uyqudan turib barcha qizlarini jam qildi... Barchasidan kichigi Saroy Mulk xonimcha edi, aydi, ey ota, sizning davlatingiz soyasidan hech joyga bormasmen, er ham qabul qilmasmen, dedi...”  Podshoh kunlardan bir kuni tushida yana bir bor Shayx ul-a’lamni ko‘radi. Bu mo‘tabar zot podshohdan Saroymulkxonimni  turmushga berishini so‘raydi. Ertangi kuni xon qizini huzuriga chorlaydi. Qiz esa “maning xohishimga qarasangiz?! Mani Tarag‘ay Bahodir o‘g‘liga (Amir Temurga) beringiz” deydi. Biroq, Shahrisabz begi Tarag‘ay bahodir bilan xon o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashganligi tufayli Bayonqulixon ushbu nikohga rozilik bermaydi. “Temurnoma”da Saroymulkxonim Bayonqulixonning qizi deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, aslini olganda, tarixiy manbalar uning Qarshi shahrida hokimlik qilgan amir Qozonxonning qizi bo‘lganligini, 1341-yilda Qarshida tug‘ilganligini dalolat beradi.

 

Bayonqulixon arzanda qizini Amir Temurga uzatishga unamagach, malika otasiga “kimdan kim men bilan shaxmat o‘ynab yutsa, g‘olibga xotin bo‘laman, garchi u cho‘pon bo‘lsa ham” deydi. Xon bu musobaqaga rozilik beradi. Malika qul yigit usti boshini kiyib, shaxmat musobaqasiga keladi; ”Xonimcha aydi; man qulbachalaringiz sifatida bo‘lay. Siz ayting, kim bizni qulbachamiz bilan shatranj o‘ynamoq da’vosin qilur, har kim shuni yutsa man unga qulimni in’om qilurman. Xon andin keyin qizin so‘zin qabul qilib, xo‘p dedi”.

 

Tong sahardan shaxmat ustalari musobaqaga kela boshladilar. Xonlik jarchilari butun Buxoroga bu haqda xabar qildilar. “Odamlar-o, odamlar! Eshitmadim demanglar!” Ammo musobaqaga kim kelsa ham Saroymulkxonimga teng kelolmadi. U xonlikda dong‘i ketgan shaxmat ustalarini ham mag‘lubiyatga uchratadi. “Andin keyin jarchi bozorlarda nido qilur edi. Amir Sohibqiron bu ovozni eshitib, chiqib so‘rdi, jarchi voqeani bayon qildi. Ammo  shatranj o‘ynamoqqa misli yo‘q erdi. Amir aydi; Men ham bilurman. Andin keyin Amir Sohibqironni olib bordilar. Xon ko‘rdikim, bir turk bacha, egnida chakmon, boshida telpak... Xon buyurdikim, qulbachani (Saroymulkxonim) kelturinglar. Darhol kelturdilar. Amir bildikim, o‘g‘il libosini kiyibdur, ammo o‘zi qizdur. Filhol, ko‘rib bir-biriga ko‘ngil berdilar”.

 

Shundan so‘ng xontaxta ustiga shaxmat olib kelib qo‘ydilar. Amir Temur xonga yuzlanib o‘z shartini izhor etadi: “Sohibqiron aydi: man shart bilan o‘ynagayman. Xon aydi: shart shulki, agar yutsang, bu qulbacha senikidur. Amir aydi: boy bersam nima qilurman? Xon aydi: Sandan hech tama’ yo‘q. Amir aydi: gar man yutquzsam shu g‘ulom bachaga qul bo‘lurman. O‘zi yoshurun oshiq bo‘lib erdi. Emdi shatranj o‘ynay berdi uch bisotgacha. Har bisotigacha bir kecha va bir kun o‘tib keta berdi”. Ko‘rinib turibdiki, bu “raqiblar” shaxmat o‘yini hadisini olgan, xalqaro grossmeysterlarni eslatadi. Biz keltirayotgan mazkur voqea bir afsona, xolos. Ammo, Sohibqiron Temur hayotda  ham o‘z zamonining tengi yo‘q yirik shaxmat ustalaridan biri bo‘lgan. Tarixchi Ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” kitobida Sohibqiron Temur katta shaxmat o‘ynaganini yozgan: “O‘z fikrini peshlash maqsadida u muttasil shatranj o‘ynaydi. Uning himmati kichik shatranj (o‘ynash)dan oliy bo‘lib, u katta shatranj o‘ynaydi... Temur shatranj o‘ynab, shatranjchilarning allomasi Alouddin (at Tabriziy)ga: “Go‘yo men mulk siyosatida yagona bo‘lganim kabi, sen shaxmat olamida tengi yo‘qsan”, (shuningdek yana u) bizlardan, ya’ni men va mavlono Ali Shayxdan, har qaysimizning san’atimiz karomatlarga ega bo‘lib, benazir kishilarmiz, – derdi. Shaxmat o‘yini-yu mansubalari ilmida uning o‘ziga xos sharhi bo‘lib, u bilan o‘yinda chuqur o‘ylamasdan (uning) fikri haddiga yetishga hech bir kimsa qodir emasdi. ...Men (Ibn Arabshoh)ga hikoya qilishlaricha, u, Olloh yuzini karomatli qilg‘ur, amirul mo‘miniyn Alini tushida ko‘rgan. Ali unga bir xaltada shaxmat tutqazgach, shundan keyin hech bir inson undan g‘olib chiqmagan. Uning o‘yin paytidagi (shatranj majlislaridagi) sifatlaridan biri shu ediki, u hech tafakkur qilmay, faqat (uning) raqibi uzoq o‘ylab fikrga cho‘mganidan keyin o‘ynagach, u hech bir tadbir ko‘rmasdan yurib qo‘yardi. Bir vaqtning o‘zida u (at Tabriziy) ikki raqib bilan g‘oyibona o‘ynardi va hisoblashi natijasida o‘z tomonida qanday donalar va raqiblari tomonidan qanday donalar borligini bilardi. U va Amir (Temur) katta shatranj o‘ynardilar”.

 

Xo‘sh, aziz o‘quvchi, Amir Temur va Saroymulkxonim o‘rtasidagi musobaqada kim g‘olib bo‘ldi, deb o‘ylaysiz? Albatta, Saroymulkxonim emas. U Amir Temurga ko‘ngil qo‘ygan, shaxmat u bilan uchrashish, diydorlashish vositasi edi, xalos. Musobaqada Amir Temur g‘olib keldi. “Axir, xonimcha etakin silkitib, turub uyiga ketti. Xon hayron bo‘ldi. Bul anoyi kishi deb fahmlab erdi, lekin Amir Sohibqiron man Tarag‘ay bahodur, o‘g‘liman deb ma’lum qilmadi”. Sababi xon janglardan birida Amir Tarag‘ay bahodurni tashlab qochib ketadi. Shundan so‘ng Sohibqiron Temurning otasi “agarda xon jangda  nomardlik qilib qochmaganida, jangda g‘olib bo‘lar edik”, deb gapiradi. Bu gap esa xonning qulog‘iga yetib boradi va u Tarag‘ay bahodurdan qattiq xafa bo‘ladi. Ana shu bois u Amir Temurni kuyov qilishni xohlamaydi.

 

Xon garchi shaxmat musobaqasi g‘olibini tongda saroyga kelishini aytgan bo‘lsa-da, mulozimlarga uni huzuriga qo‘ymaslikni tayinladi. “Ertasi bir cho‘ri Sohibqironni axtarib kelib, ...bir qog‘oz xat yozilganni berdi. Aytibdurkim, “hamd ila durud adosidin so‘ngra ur yorijonimga salom va payom bo‘lsunkim, ushbu siz bilan shatranj o‘ynagan qul bacha xon qizi Saroy Mulk xonimcha bo‘lurman. Ishtiyoqi muhabbat manda bo‘lsa va soim bog‘inda jamolim chirog‘inda umid qilsa xonga kelib arz qilsun. Otam odil bo‘lsa, mani anga bersa kerak. Mabodo boshqa qulbachani bersa olmasun, noma tamom vassalom”.

 

Amir Temur xon bilan gaplashadi. Bayonqulixon uning huzuriga boshqa qul yigitchalarni yuboradi. Biroq u Saroymulkni talab qiladi. Vazir Siroj Qamariy Sohibqiron Temurga uchrashib, “ul xonning o‘zini qizidur, borgil, mulukona to‘y asbobini kelturgul...” deydi. Biroq ko‘p o‘tmay Amir Temur o‘g‘irlikda ayblanib, “tuhmat” bilan zindonga tashlanadi. Vaqti soati yetib, Bayonqulixon vafot etadi. Taxtni valiahd Baroqxon egallaydi. Amir Temurning zindonda ekanligi barchaning xayolidan ko‘tariladi. Fursatdan foydalangan zindonbon ham “mahbus”ni qo‘yib yuboradi.

 

Shundan so‘ng Amir Temur Saroymulkxonim bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ladi. Biroq visol uzoqqa cho‘zilmaydi. Baroqxon bu ikki oshiq-u ma’shuqni ta’qib qila boshlaydi. “Amirning a’zosi yetmish joyidan yarador bo‘lub, Amir o‘zidin ketib yiqildi. Muqarrar qildilarkim, o‘ldi deb oyog‘idan sudrab, Shayx Hasan Boxurziy maydoniga olib borib tashladilar”. Ammo u qirq kunda tariqat piri Shayx Hasan ko‘magida shifo topib ketdi. Saroymulkxonim esa jallod qulidan qutilib, Shahrisabzga yo‘l oldi. Afsonalardan ijodiy foydalanilgan “Temurnoma” asarida Tarag‘ay Bahodur tomonidan kelin izzat-ikrom bilan kutib olinganligi, ko‘p o‘tmay Sohibqiron ham yori huzuriga qaytganligi, to‘y-u tamosha bo‘lganligi haqida yozilgan.

 

Saroymulkxonim haqida gap ketar ekan, tarixiy manbalarda u Amir Husayn yengilgandan so‘ng Sohibqiron Temur haramiga o‘tganligi qayd etilganligini aytmasak bo‘lmas. Tarixiy, adabiy va ilmiy manbalardan ham unumli foydalanilgan “Temurnoma” badiiy asarida Bibixonim haqida yanada qiziqarli ma’lumotlarga duch kelamiz. Mo‘g‘il xoni Oqtemurxon Sohibqirondan zo‘rlik bilan uning sevimli xotini Saroymulkxonimni tortib oladi. Vafodor jufti halol Saroymulkxonim qancha bedodlik bo‘lmasin, eriga sodiq qoladi. Temurshoh xonni o‘ldirib, xotinini uning changalidan qutqaradi.

 

Albatta, saltanatning bosh malikasi Saroymulkxonim taqdir yo‘liga nazar solar ekanmiz, unda quvonchlar bilan birga tashvishlar, qiyinchiliklar va ziddiyatlarga duch kelamiz.

 

                                                                               Sherxon QORAYEV,

                                                 filologiya fanlari bo‘yicha

falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16810
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi