Oqlangan oʻzbek paxtasi yoki 13 yillik boykotning tugatilishi


Saqlash
10:04 / 08.04.2022 1502 0

“Ertalab tong saharda uygʻonib, sigir, tovuqlarga yemish berib, 7 ta bolamga nonushta tayyorlab, tong qorongʻisida paxta dalalariga otlanardim. Tushlikkacha 60-70 kg paxtani topshirib, bir soat tushlikdan soʻng erta kuzdan qishgacha daladan beri kelishning iloji boʻlmasdi. Baʼzan charchab ketganimdan paxta poyalari orasiga muzdek yerga uzala tushib birpas yotardim. Dam olishga qoʻymasdi brigadirlar», – deydi Karima aya oʻtgan asrning 80-90 yillarini eslab.

 

Mustaqillikdan soʻng vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarib, talaba va oʻquvchilarni terim mavsumiga jalb qilinishi kamaya boshladi, ammo ularning majburiy mehnatga jalb qilinishi toʻliq tugatilmadi.

 

“Kuz kelishi bilan hamma paxtaga otlanar edi. Yangi yil arafasida arang oʻqishga qaytardik. 4 yil talabaligim shu tarzda oʻtdi. Paxta bu – oq oltin, milliy boyligimiz, deya singdirildi. Sirdaryo va Jizzaxning keng dalalarida kursdoshlarimiz bilan kuni boʻyi paxta terardik. Hatto, bizga beriladigan kam kaloriyali ovqatlar sabab oʻz hisobimizdan qoʻshimcha ovqat sotib ham olardik. Lekin menga eng katta taʼsir qilgan holat, opamning toʻyi kuni uyimga ruxsat berilmagani boʻlgandi. Otam universitetimiz rektorining oldiga kirib bir kunga ruxsat soʻragandi. Hatto, oʻrniga boshqa odam paxta terib beradi, deganlarida, “qizingizni olib ketmoqchi boʻlsangiz hujjatlarini ham olib keting, talabalikdan ham ozod etiladi”, deyishgandi. Men esa yakkayu yagona opamning yaxshi kunida qatnasha olmaganim uchun yum-yum yigʻlagandim. Uyimda toʻy, men esa paxta dalalarida oq oltin terganman”, – deya xotirladi Samarqand davlat universitetining sobiq talabasi 2000-yillardan keyingi vaziyatlarni.

 

Mana shunday majburiy mehnatni bartaraf etish masalasiga yetarlicha eʼtibor qaratilmagani bois, 2009-yilda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan Oʻzbekiston paxtasiga xalqaro boykot eʼlon qilindi. Yengil sanoat sohasida jahonda yetakchi boʻlgan 300 dan ziyod brendlar mazkur boykotga amal qilgan. Bu esa mamlakatning toʻqimachilik va yengil sanoat rivojiga hamda milliy iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.

 

Yillar davomida bolalar mehnatidan foydalanilgani butun dunyodan yashirib kelingani tan olinib, unga qarshi kurashish maqsadida bir qancha qonunlar ishlab chiqildi, komissiya tuzildi. Natijada joriy yilning 10-martida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingani rasman eʼlon qilindi.

 

Bu butun mamlakat va xalqning kelajagi uchun katta qadam. Chunki xalqimiz majburiy mehnatning ogʻir mashaqqatlarini oʻz boshidan oʻtkazdi. Bugungi kunda nafaqat bolalar, balki turli soha vakillari ham majburiy mehnatga jalb etilgani hech kimga sir emas. Hatto, sogʻligʻi yoki nimadir sabab yigʻim-terimga chiqmagan ishchilar oʻrniga odam yuborishi yoki pul toʻlashi shart boʻlgan yaqin tariximiz tufayli mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Paxtamizning rangi oq edi, lekin “qora” boʻlib yurdi”. Mana shunday mantiqsiz ishlarga asta-sekin barham berilgani Prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yaqqol samarasidir.

 

Senat raisi Tanzila Norboyevaning taʼkidlashicha, paxta terimida majburiy mehnatni yoʻq qilish uchun 32 ta normativ-huquqiy hujjat, 2021-yilda 4 ta qonun, 2 ta Prezident farmoni va 4 ta qarori, 6 ta hukumati qarori qabul qilingan. Xalqaro qoida va standartlar amaliyotga joriy etilgan (Xalqaro mehnat tashkilotining 19 ta konvensiyasi, shu jumladan, 8 ta asosiy va 4 ta direktiv konvensiyasi ratifikatsiya qilingan).

 

Koʻrilgan chora-tadbirlar oʻzining ijobiy natijasini berdi. Xalqaro mehnat tashkiloti monitoring guruhi 2021-yildagi paxta terimi mavsumida Oʻzbekistondagi 11 ming terimchi bilan suhbatlashgan, ularning 99 foizi oʻz xohishi bilan ishlayotganini maʼlum qilgan. Barcha viloyat va tumanlarda majburiy mehnat bilan bogʻliq juda kam holatlar aniqlangan yoki umuman kuzatilmagan. “Cotton Campaign” koalitsiyasi Oʻzbekistonda paxta yigʻim terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmagani munosabati bilan mazkur qarorni qabul qilgan.

 

Xoʻsh, oʻzbek paxtasining 13 yil davom etgan “qora” roʻyxatlardan chiqarilishi nimani anglatadi? U davlat iqtisodiyotiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Bu albatta, Oʻzbekiston uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Tahlilchilar oʻzbek paxtasidan boykotning olib tashlanishi birinchi navbatda toʻqimachilik sanoatida dunyodagi yetakchi korxonalarning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishiga imkon yaratishini bashorat qilishmoqda. Bu esa sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltiradi.

 

Shuningdek, paxtani dalada yetishtirishdan tortib, zavod, fabrikalarda tayyor mahsulot boʻlgungacha toʻlaligicha mamlakatning oʻzida qayta ishlash imkoniyati tugʻiladi. Shu paytga qadar Turkiya, Xitoy tovarlarining juda katta importi kirib kelgan boʻlsa, endilikda milliy mahsulot eksport qiymati oshiriladi.

 

Ilgari paxta faqat xom-ashyo sifatida arzon narxda yetkazib berilardi. Endilikda uning eksporti toʻxtatilib, qayta ishlash hajmi ortib bormoqda. Natijada yangi ish oʻrinlari yaratilib, koʻplab insonlar ishli boʻladi. Yurtimizda sifatli milliy mahsulotlar ishlab chiqarilishi natijasida, chet el sifatli tovarlariga qaramlikning oldi olinadi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonga xorijdan investitsiya olib kirish hajmi ortadi, bu ham mamlakat iqtisodiy rivojiga taʼsir qiladi.

 

“Oʻzbekiston paxtasidan boykotning olib tashlanishini yurtingiz uchun katta muvaffaqiyat”, deya taʼkidlagan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso yurtimizda loyihalarni amalga oshirishga xorijiy xususiy kompaniyalarni jalb etishda koʻmaklashishga tayyorligini bildirgan. Bu esa xalqaro hamjamiyatni oʻziga jalb qiladi.

 

Oʻzbek paxtasidan boykotning olinishi mamlakatning har bir fuqarosi uchun yutuq. Chunki oq oltin atalmish paxta, haqiqattan ham, milliy boyligimizdir.

 

Nazokat IBRAGIMOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16832
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi